Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Karib havzasidagi diktator fojiasi. Uning «echki» laqabi ham bor edi...

Karib havzasidagi diktator fojiasi. Uning «echki» laqabi ham bor edi...

 

 «Diktatura o‘z o‘lim urug‘ini o‘zi bilan olib yuradi».

Vatslav Gavel

 

O‘tmishga nazar tashlasak, o‘z xalqiga jabr va zulm qilgan aksar diktatorlarning taqdiri ayanchli tarzda yakunlanganligi ko‘rinadi. Ha, balki barcha zulmkor diktatorlarning ham hayoti ayanchli tugamagandir, lekin kelajakda avlodlar uning nomiga malomat toshlarini otishlari aniq.

Lotin Amerikasida yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida Truxilo nomi diktatura atamasi bilan sinonim tarzda ishlatildi. Perulik yozuvchi Vargas Lyosaning «Yovuzlar» yoki «Echki bayrami» kitobi orqali bir kichik mamlakatning zolim diktatorini dunyo tanidi.

Ushbu maqolamizda Dominikan Respublikasining shafqatsiz rahbari, o‘z generallari tomonidan otib o‘ldirilgan diktator Rafael Truxilo haqida so‘z yuritamiz.

Ko‘cha bezorisining armiya generaliga aylanishi

Rafael Leonidas Molina Truxilo 1891 yilning 24 oktyabrida Dominikan Respublikasining San-Kristobal shahridagi ko‘p farzandli nochor oilalarning birida dunyoga kelgan. Rafael murg‘akligidan omon qolish uchun kurashdi. U maktabga borish o‘rniga, pul topish ilinjida ko‘cha kezdi. Yosh bo‘lishiga qaramay Truxilo kontrabanda bilan shug‘ullana boshladi.

Rafael Truxilo yoshlik vaqti

1916 yil 5 may sanasida Qo‘shma Shtatlar Dominikan Respublikasini istilo qildi. Bu kontrabandani o‘ziga kasb qilayotgan bolakay hayotida burilish nuqtasi bo‘lish bilan birga, unga kelajakda hokimiyat pilla poyasiga chiqish uchun imkoniyat yaratdi. 1918 yilda bo‘lajak diktator amerikaliklar tomonidan tarqatib yuborilgan sobiq Dominikan armiyasi o‘rniga tashkil etilgan Milliy gvardiya tarkibiga qo‘shildi. U xizmatning birinchi bosqichida jinoyat olamining kir va qora ko‘chalarida tajriba orttirdi. «Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi», deganlaridek, borgan sari Truxilo qalbini nafrat, g‘azab va shafqatsizlik egallay boshladi. Hatto, undan o‘z hamkasblari ham qo‘rqa boshladi.

  Uning vahshiyligi va shafqatsizligi xalq g‘alayonlari va ish tashlashlarni bostirishda yuzaga chiqdi. Truxiloning xatti-harakati amerikalik generallarda ijobiy taassurot qoldirdi. Ko‘p o‘tmay u maxsus harbiy maktabga o‘qishga yuborildi. Maxsus maktabni tamomlagan Truxiloning pogoniga to‘rtta yulduzcha (kapitan unvoni) qadab qo‘yildi.

Hokimiyatga yo‘l

1924 yilda AQSh harbiy bo‘linmalari Dominikan provinsiyasini tark etayotgan bir vaqtda, Rafael Leonidas polkovnik mundirini kiyib, respublika qurolli kuchlari shtab boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan edi. 18 yillik qaramlikdan so‘ng Dominikan mustaqillikka qadam bosdi. Dominikan milliy gvardiyasi faol armiyaga aylantirildi. Truxilo esa uning oliy qo‘mondoni bo‘ldi.

1930 yilda Dominikan Respublikasida ommaviy tartibsizliklar avj oldi. Oliy bosh qo‘mondon Truxilo namoyishchilar yetakchisi Rafael Urenya bilan kelishuvga erishib, amaldagi prezident Vaskesni ag‘darishni reja qildi. Maxfiy kelishuvga ko‘ra, Rafael Urenya keyingi prezidentlik saylovida Truxiloga prezidentlik kursini bo‘shatib berishi kerak bo‘ldi. Prezident Vaskes Truxiloga mamlakatdagi tartibsizliklarni bostirishni buyurdi. Lekin bo‘lajak diktator o‘z rahbarining aytganini qilmadi. Natijada Urenya tarafdorlari poytaxtni jangsiz egallab olishdi. 1930 yil 3 mart kuni  Rafael Urenya yangi prezident, Truxilo esa armiya va politsiya rahbari etib tayinlandi. Biroq, bo‘lajak diktator «soyadagi boshqaruvchi» bo‘lib qolishni istamadi. Bundan tashqari, u Rafael Urenyaga to‘liq ishonmasdi. Axir, hokimiyat pilla poyasiga chiqqan inson undan tushgisi kelmasligi aksioma-da. Shu sababli Truxilo Rafael Urenyani kuch orqali o‘yindan chiqarib tashladi. Boshqa prezidentlikka nomzodlar esa politsiya bosimi ostida o‘z nomzodlarini qaytib oldilar.

Truxilo erasining boshlanishi

1930 yilning 16 may kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovda 99 foiz ovoz bilan Truxilo prezident bo‘ldi. Bu Dominikan Respublikasida «Truxilo erasi» deb atalgan harbiy diktatura rejimini boshlab berdi. Bir yildan keyin Truxilo partiyasi – Partido Dominitsanodan boshqa barcha partiyalar faoliyati taqiqlandi. Har bir Dominikan fuqarosi agarda davlat ishiga kiradigan bo‘lsa, Truxilo partiyasiga a’zo bo‘lishi shart etib belgilab qo‘yildi. Partiyaga a’zo fuqarolar daromadining 10 foizi Partido Dominitsano ehtiyojlari uchun majburiy tarzda ushlab qolingan.

Prezidentlik qasamyodi

Qisqa vaqt ichida Truxilo shaxsiyatiga sig‘inish misli ko‘rilmagan darajaga keldi. Diktator o‘zining ko‘ksini turli xil unvon va medallar bilan to‘ldirib tashladi. Misol uchun, «Mustaqillikni tiklovchi», «El ozodligi», «Tasviriy san’at va adabiyot homiyi», «Birinchi talaba», «Birinchi muallim», «Birinchi doktor», «Birinchi fan doktori» kabi v.h.k medallar.

Diktator Truxilo sadizm (birovning ozor chekishidan lazzatlanish) g‘oyalariga mukkasidan sho‘ng‘igan. Ma’lumotlarga ko‘ra, diktator har tunni yosh qizlar bilan o‘tkazgan. Ba’zida Truxilo xonasiga tunda kirgan qizlarning tongda jonsiz tanalari xonadan olib chiqilgan. Shu bois unga «shahvatparast echki» deb laqab berishgan.

«Kim mening do‘stim bo‘lmasa, u mening dushmanimdir va shuning uchun u badal to‘laydi» – Truxilo

Qisqa vaqt ichida butun mamlakat bo‘ylab Truxilo sharafiga minglab yodgorliklar qad rostladi. Mamlakat poytaxtining nomi ham Truxilo deb o‘zgartirildi. Mamlakatning eng baland cho‘qqisi (Monte Tina) va butun Karib dengizi diktator nomini oldi. Truxilo harbiy mundir kiyishni yoqtirgan. Bunda majoziy ma’no bor edi. Bu orqali u «har qanday holatda, ochiqdan ochiq kuch ishlata olaman», demoqchi. Bundan tashqari, Truxilo ko‘plab qarindoshlarini eng yuqori politsiya va harbiy lavozimlarga tayinlagan. Bu unga muxolif va o‘zgacha fikrlovchi insonlarni to‘siqsiz yo‘q qilish imkoniyatini taqdim etgan.

Vaziyat shunday darajaga kelganki, har bir dominikalikning qadami politsiya va maxsus siyosiy jandarmeriya tomonidan nazorat qilingan. Mamlakat budjetining asosiy qismi armiya, politsiya, maxsus xizmat kuchlariga ajratilgan. «Kim mening do‘stim bo‘lmasa, u mening dushmanimdir va shuning uchun u badal to‘laydi». Bu diktator Truxiloning shiori edi. Agarda bir dominikanlik mamlakat haqida salbiy so‘z aytsa, ertasi kuni ko‘zini panjara ortida ochgan. Truxilo o‘zining siyosiy dushmanlarini qiynab o‘ldirib, ularning jasadini xalqqa ochiqdan ochiq namoyish etgan. Bu bilan diktator odamlarda qo‘rquv uyg‘otib, menga qarshi chiqadiganlarni kelajakda shunday taqdir kutyapti, degan messejni bergan.

1933 yilda Dominikan Kongressi Truxiloga generalissimus oliy harbiy unvonini, shuningdek, eng yuqori dengiz unvoni – Dominikan Respublikasi floti admiralini berdi. O‘sha vaqtda diktatorning yillik daromadi 30 million dollar (bugungi ekvivalentda – 70 millionga yaqin)ga baholangan. Truxilo mamlakatdagi barcha iqtisodiy tarmoqlarni monopoliya qilib oldi. Bu orqali u qashshoq xalqqa arzimagan maosh berish orqali, o‘zi katta daromad topishni ko‘zladi. Tez orada baliqchilik, chorvachilik, dehqonchilik, osh tuzi qazib olish, tamaki va shakarqamishning eng yaxshi plantatsiyalarning barchasi de-fakto ochko‘z diktatorga tegishli bo‘ldi. Aholi boyish o‘rniga tobora qashshoqlashib borardi.

Shunday og‘ir vaziyatda, aniqrog‘i 1937 yilda Dominikanda yirik ish tashlash aksiyasi bo‘ldi. Odamlar yo‘qchilik ortidan ko‘chaga chiqdi. Ammo, bu ularga najot bo‘lmadi. Truxilo ish tashlashga chiqqan yoshu qarini otishga buyuriq berdi. Natijada 20 ming gaitilik ishchilar otib tashlandi. Keyinchalik urush tahdid qilgan Gaitining bosimidan qo‘rqib ketgan generalissimus davlat hisobidan 500 000 dollar (har bir o‘lik uchun 25 dollar) miqdorida kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu voqealardan to‘qqiz yil o‘tgach, mamlakatdagi eng yirik plantatsiyalardan biri La Romanada qashshoqlik sababli umidsizlikka tushgan ishchilar ish tashlashdi. Qo‘rqib ketgan diktator barcha namoyishchilarni qamoqqa tashladi. Bir necha kundan so‘ng butun dunyoga ish tashlashning asosiy tashkilotchilari «suddan qochish maqsadida qamoqxonada o‘z jonlariga qasd qilgani» e’lon qilindi.

Rasmiy ravishda Truxilo 1930 yildan, 1952 yilgacha to‘rt marta mamlakat prezidenti etib qayta saylandi. Eng qizig‘i, bu zolim diktator har saylovda 100 foizlik natija bilan g‘alaba qozongan. Yillar o‘tib Truxiloning kommunizmga bo‘lgan nafrati, shubhasi va qasoskorligi paranoyaga aylandi. 1950 yilning yanvar oyida generalissimus buyrug‘i bilan Dominikan kommunistlarining rahbari F. Valdes dorga osildi. Bundan oldin unga psixologik dori vositalarini majburan ichirib, aqldan ozdirishgan.

1952 yilning 16 avgust kunida diktatorning ukasi Ektor Truxilo prezident lavozimini egalladi. Biroq, hokimiyatning barcha jilovlari hali ham Rafael Leonidas qo‘lida qolayotganini barcha yaxshi bilardi.

Yoshi 60 ga borib qolgan Truxilo bir nechta eski tanishlari bilan tortishib qoladi. Qonxo‘r diktator buyrug‘i bilan 1956 yilda Kolumbiya universiteti o‘qituvchisi Xesus de Galindez Nyu-Yorkdan o‘g‘irlangan. Uning jasadi hech qachon topilmadi. Lekin ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u ochiq dengizga olib kelinib, bug‘li pechkada tiriklayin yoqib yuborilgan yoki akulalarga yem qilingan. Galindesning aybi kitob yozganida bo‘lib, u o‘z asarida diktator Truxilo va uning siyosiy rejimini tasvirlab bergan edi.

Yoshi o‘tib borgan sari generalissimusning psixologik holati yomonlasha boshladi. U tobora ko‘proq qon to‘kkisi, itoat etmaganlarni jazolagisi kelardi. 1954 va 1956 yillarda armiya va politsiyaning yordami bilan Truxilo shakar sanoati va qishloq xo‘jaligi ishchilari o‘rtasidagi norozilik to‘lqinini shafqatsizlarcha bostirdi. 1958 yilda diktatorning agentlari Dominikan armiyasining yuqori martabali zobitlari tomonidan tayyorlanayotgan fitnani o‘z vaqtida fosh etishdi. Truxilo fitnachilarning birontasini tirik qoldirmadi.

Diktatorning qulashi

XX asrning 50-yillar oxiriga kelib,  Lotin va Janubiy Amerikadagi diktatura tuzumlari birin-ketin qulay boshladi. Dominikanda ham Truxiloning ham taxti ravoni qimirlab qoldi. 1959 yilning iyun oyida juda qiyinchilik bilan barcha mavjud kuchlarni safarbar etib, Truxilo Konstantada hukumatga qarshi qurolli qo‘zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo‘ldi.

Truxilo rejimini Vashingtonga sodiq qoldirishga intilayotgan amerikalik siyosatchilar diktatorga mamlakatda liberal islohotlar o‘tkazishni va ichki siyosiy avtoritar matbuotni zaiflashtirishni qat’iy tavsiya qildilar. Biroq, generalissimus dono maslahatga quloq solmadi. 1960 yilning yanvar oyidan boshlab hatto katolik cherkovi ham diktatorni qoralay boshladi. Ko‘p o‘tmay T.Xusto boshchiligida yashirin respublikachilar qo‘mitasi tashkil etildi. Bundan xabar topgan diktator dahshatga tushdi. 1960 yil 25 noyabr kuni Xustoning xotini va ikki singlisi qamoqqa olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya ularni kaltaklab o‘ldirib, jasadlarni jarlikka tashlab yuborgan.

AQSh va Dominikan o‘rtasida munosabatlar sovuqlasha boshladi. Natijada Amerika Davlatlari Tashkiloti (OAS) Dominikan Respublikasiga neft va boshqa muhim tovarlarni yetkazib berishga embargo qo‘ydi. Muttasil qirg‘in mamlakatda g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi va bu qurolli qo‘zg‘olonga aylanib qetish xavfini tug‘dirdi. Aqldan ozgan jallod-generalissimusga qarshi yangi fitna paydo bo‘ldi. AQSh Markaziy razvedkasi bu fitnani qo‘llab-quvvatladi.

Diktator halok bo‘lgan avtomobil

1961 yil 30 may kuni zolim diktator o‘zining dala mulkiga bo‘lgan safari chog‘ida o‘z generallari tomonidan otib tashlanadi. Truxilodan so‘ng hokimiyat uning akasi Hektor va asrab olingan o‘g‘li Ramfis Leonidasga o‘tdi. Ular diktator Truxiloga suiqasd qilgan ayrim generallarni tutib, qiynab o‘ldirishdi. Ayrimlarini esa topa olishmadi. Dastlab Truxiloning jasadi San-Kristobalda tantanali ravishda dafn qilindi. Biroq, qisqa vaqt ichida Truxilo va uning yaqin qarindoshlari rejimi butunlay quladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, diktatorning qarindoshlari mamlakatni tark eta turib, o‘zlari bilan Truxiloning kulini ham olib chiqib ketishgan. Keyinchalik Truxiloning qoldiqlari Parijdagi Per Lachaise qabristoniga dafn qilingan.

Vaqt o‘tishi bilan asta-sekin Dominikan Respublikasida tuzum demokratlasha boshladi. Shunday kun keldiki, diktator Truxiloni o‘ldirgan harbiylar millat qahramonlari bo‘ldi.


Sardor Ali

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети