Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Faollar deputatlarni xiyonatda ayblamoqda — sahnada yana til masalasi

Faollar deputatlarni xiyonatda ayblamoqda — sahnada yana til masalasi

Foto:«Xabar.uz»

Har bir kun mavzusiz, ijtimoiy tarmoqlar esa qahramonsiz qolmaydi, deb yozgandi bir hamkasbimiz.

Davlat organlariga davlat tilida (boshqa tilda bo‘lsa, ilova qilingan holda) murojaat qilish shartligini tirkab qo‘yish masalasida o‘zbek parlamenti noodatiy tarzda «kuchli munozara»ga borgan ko‘rinadi (har holda natijalar shuni ko‘rsatmoqda). Qaysidir amaldor tayinlansa silliqqina tasdiqlaydigan deputatlar bu safar «yaxshigina ter to‘kkan» chog‘i.

Xullas, tarmoqlarda qarorni tasdiqlamagan xalq vakillari sharafiga tinimsiz tanqid-dashnomlar yog‘ilishda davom etmoqda. «Jur’atsiz davlat organidan nima kutgan edingiz?»dan tortib qattiq haqoratlargacha turli-tuman. Ayniqsa ular orasida qalam ahli sarbonlikni qo‘lga olishgan.

Hatto 37-yillarning hidi anqiydigan «xoin» so‘ziga ham paydar pay ko‘z tushadi.

Ammo men ham bir o‘zbekistonlik, shu tilda bijirlab tili chiqqan fuqaro sifatida ko‘pchilikka yoqinqiramagan bittagina savolni qo‘ymoqchi edim: Tilimizning rivojlanmasligiga faqat shu jur’atsiz deputatlar aybdormi? Ular irodasizlik qilgani bilan, ushbu deputatlar o‘zgarishni istamayotgan, chorak asrdan beri alifbo islohotini sudrab, mudrayotgan jamiyatning bir qismi emasmi?

Ovoz berish natijalari haqida ehtirosga berilishdan o‘zimni tiymoqdaman, chunki til mavzusi bugun trendga chiqqani bilan, uch kundan o‘z o‘rnini navbatdagi mavzuga bo‘shatishi ehtimoli yuqori. Muammolar esa biz bilan qoladi, orada esa bir paytlar milliy monopoliyani himoya qilgan, parlamentdagi issiq o‘rnidan turib Rossiyadagi yurtdoshlarni ayblagan partiya va uning raisi yutadiganga o‘xshayapti.

Gap indallosini aytadigan bo‘lsa, bunda har birimizning hissamiz bor. Tilning rivojlanishi, fan tiliga aylanishi, mashhurlashishi uchun faqat va faqat o‘sha tilda so‘zlashuvchilar javobgar.

Bir misol keltiraman: internetning beminnat ma’lumotlar bazasi — Vikipediyada ingliz tilida 6 million 287 ming 904 ta maqola joylangan ekan. Rus tili esa quyiroqda — 1 718 530 ta. O‘zbek tili 140 mingdan ziyod material qo‘yilgan. Hatto aholisi 3 million ham chiqmaydigan mo‘jazgina Litva tilida 199 mingta maqola mavjud ekan.

Yaqin o‘tmishda oddiygina Vikipediya kiruvchilarning 60,7 foizi ingliz tilida ma’lumot olgan ekan. Rus tili to‘rtinchi pog‘onani egallagan — 6 foiz.

O‘zbek tilini qidirmadim: harholda biz xursand bo‘ladigan pog‘onada emas.

Men ingliz tilini o‘rganishni boshlash uchun Youtubega kirib «english lesson» degan birikmani yozishim kifoya. Videoxosting millionlab materiallarni qalashtirib tashlaydi. Tilni onlayn o‘rgatadigan ustozlarni eslab qolmasangiz, yo‘qotib qo‘yishingiz ham hech gap emas.

Abituriyentlik davrimizda kimyo, fizikaga o‘xshash qiyin fanlarni o‘zlashtiradigan tengdoshlar hazillashardi: «Bizni oyog‘imizdan murakkab formulali o‘z fanlarimiz emas, ona tili chaladi!» deb. Maktablar uchun yaratilgan ona tili darsliklari qiyinligini bitta misolda ko‘rsatish mumkin: «Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gapning bosh gapida kesim vazifasida kelgan so‘zda qatnashgan undoshlarni ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra tasniflang». Til grammatikasining qonuniyatlari daraxt ildiziday bir-biriga g‘ovlab ketganki, ularni eslab qolish va amalda qo‘llash uchun durustgina sabr kerak.

Jurnalistika fakultetida tahsil olganimizda ayrim fanlardan o‘zbekcha darsliklarni ko‘rmaganmiz ham: tishi o‘tganlar boshqa tillarda topib o‘qir, har ikkisi qo‘lidan kelmaganlar ustozning berganiga qanoat qilardi yoki birovga tarjima qildirardi. Adabiyotlar muammosi shunchalikka bordiki, «rus (chet) tilini bilmasang mutaxassis sifatida hech nimaga yaramaysan va birovga kerak emassan» degan degan achchiq xulosalarga sabab bo‘ldi.

So‘nggi o‘ttiz yil ichida alifbomizning uchinchi bor isloh qilinishi va amaliyotdagi depsinishlarni, gapirmasa ham bo‘ladi.

Menimcha, deputatlar mavzusidan qo‘lni yuvib, bittagina maqola, kitob, she’r va boshqa narsani o‘zbekchaga o‘girib qo‘yayotgan, O‘zbekistonning rivoj topishi yo‘lida ishlayotganlar yo‘lini to‘g‘riroq deb bilish lozim va lobiddir. Zero tilni himoya qilishning kimnidir majburlash, ko‘chadagi reklama va viveskalarga qarshi kurashish, achchiq gaplardan boshqa yo‘llari ham ko‘p.

P.S: Bular kaminai ojizning mutlaq shaxsiy fikrlari edi.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети