Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Urush ko‘rgan odamlar: «Etigim tepamda chir aylanar, ichida oyog‘im borligini bilmasdim...»

Urush ko‘rgan odamlar: «Etigim tepamda chir aylanar, ichida oyog‘im borligini bilmasdim...»

Foto: «Xabar.uz»

«Terrorchi tashkilotlar ta’sirida tushib Suriyaga borishga tayyorlanayotgan guruh qo‘lga olindi». So‘nggi vaqtlarda bunday xabarlar kam emas. Shahardan, qishloqdan, muhojirlikdan. Ikki kishilik, olti kishilik, o‘n to‘rt kishilik guruh, bitta o‘zi... Suriyaga ketishmoqchi. Urushga!

30 yoshning nari-berisi bo‘lgan yigitlar urush haqida nimalarni bilishadi o‘zi? Urush dahshatini  tasavvur qila oladilarmi ular? Zero, har qanday urushda g‘olib bo‘lmaydi aslida. Chunki, ikkala tomondan ham jon talofoti bo‘lar ekan, bu avvalo mag‘lublik. Har holda, urush ishtirokchilari uchun. Bordiyu, o‘lmasangu, bir umrga nogiron bo‘lib qolsang-chi... qo‘lsiz, oyoqsiz yoki tilsiz hayotingni tasavvur qila olasanmi. Jisming kemtikligiku bir tomon, bomba-snaryadlar gumbur-gumburi, yoningdan o‘tgan o‘qning vizillashi, vahima, yaqin safdoshlarni bir-bir yo‘qotish ruhiyatingni kemirib-kemirib borishini bilasanmi sen o‘zi? Keyin o‘nlab yillar o‘tsa-da, hatto tushlaringda portlashlar sasidan joning bo‘g‘zingga kelmasligiga kim kafolot bera oladi?

Bugungi qahramonimiz Ravshan Maqsudov afg‘on urushida bir qo‘li va bir oyog‘idan ayrilgan.

QAROR

Ravshan aka Toshkentning Hasanboy mahallasidan. Uning otasini Murod qo‘rboshi der edilar (lekin qo‘rboshi zamonlari o‘tgan, bu laqab uning fazilatlari evaziga tekkan edi). Kasbi do‘xtir bo‘lgan Murod aka tanish bilishi ko‘pligi, muomalani ham joyiga qo‘ya bilishi bilan og‘izga tushgandi. Ularning uyiga kelib, «Murod aka, o‘g‘limizni Afg‘onga jo‘natadigan, gaplashib bersangiz...» deb kelgan odamlar bo‘lardi... «G‘ashim kelardi» deb eslaydi Ravshan aka.

O‘smirlar maktab davridanoq harbiy komissariat ko‘rigidan o‘tar ekan, baland bo‘yi, kelbatli Ravshan tenqurlaridan ajralib turardi. 18 yoshli yigitchaga chaqiruv qog‘ozi kelganda, u Tajan cho‘llariga jo‘natildi. «Shunda hammasini tushungan edim» deydi Ravshan akaning o‘zi. Shunday qilib Murod qo‘rboshining yakkayu yagona o‘g‘li 1986 yilning 25 mayida udumimiz bo‘yicha butun nonni tishladiyu ketdi. Kemtik non qariyb ikki yil uy to‘rida turdi.

Afg‘oniston va Tajan viloyatining (Turkmanistonda) tabiiy sharoiti juda o‘xshash. Shu sabab o‘quv mashqlari uchun aynan Tajan kengliklari tanlangan. Qumlar orasida ramziy «dushman ob’yekti». Paxsa devorli pastak uylarga «hujum» qilinadi. Bunga javoban «o‘q yomg‘iri». Hammasi harbiy taktikaga muvofiq qilinadi. Razvedka guruhi. Sapyorlar. Zirhli qismlar: T-62 tanklari, BTRlar, keyin piyodalar...»

Ravshanning chekiga BTR haydovchiligi tushgandi.

Kuzga kelib, Afg‘onistonga olib o‘tilishiga oz vaqt qolganda Ravshanning ota-onasi kelishdi. Otasi «O‘zimizda biror «chast»da xizmatga o‘tqaza qolaylik deb Xudoning zorini qildi. Yigit ko‘nmadi, «Endi farzandli, nevarali bo‘lib otamni tushunayapman» deydi Ravshan aka, ota farzandiga qanchalik kuyishini endi bilaman. Lekin o‘shanda «bolamni armiyadan qoldir» deydiganlar uyga kelmasin deganman».

ULG‘AYISh

Ravshan akaning eslashicha, Afg‘onistonga noyabr oyida o‘tishgan. Aniqrog‘i, yarim tunda Maridan uchishgan. «Marida qanday to‘s-to‘polon shamol bo‘layotgan bo‘lsa biz qo‘ngan aeroportda ham xuddi shunday edi». Keyin brigadaga olib ketishgan.

«Palatkalar ekan. Vzvod-vzvod bo‘lib yotisharkan. Lekin biz borganda hamma yoq jim-jit, hech kim yo‘q edi. Qani odamlar desak, ular reydga chiqib ketishgan deyishdi. Urushni reyd deb atasharkan», deydi Ravshan aka.

Reyddagi askarlar 2-3 kundan keyin qaytib kelishgan. Ularning orasida, bir-bir yarim yil xizmat qilib qo‘yganlar, yaqin kunlarda Vatanga qaytishi lozimlari bo‘lgan. Bir necha kundan so‘ng yana reyd bo‘lganda, yangilarni ham qo‘shib olib ketishgan.

«Birinchi reydga chiqqanimizda avvaliga tabiatga qarabman. Biram go‘zal. Ariq to‘la baliq, hamma yoq anorzor. Arpazorlar ichida kakliklar tinmay sayraydi. Lekin oddiy mahallangizda yurgandek yurolmaysiz...». Chuv» etib o‘q uchib o‘tadi yoningdan. Dovdiraymiz. Mashg‘ulotlar boshqa ekan...».

Sobiq afg‘onchining tushuntirishicha, og‘ir texnikalar bir-birining izidan borarkan. Bir necha santimetr xato ham minaga uchrashiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘sha, ilk marta urushdan qaytishayotganda birdan nimadir portlab ketadi. Osmonni qop-qora tutun tutgan. Aloqadan aytishlaricha: oldinda ketayotgan BTRlardan biri portlagan, tankka qarshi qo‘yilgan mina portlaganda 13 tonnalik zirhli mashina ag‘darilib g‘ildiraklari osmonga bo‘lib qolgan.

«Ratsiyadan xabar berildi: Falonchi-falonchi o‘lgan. Aytilgan ism-shariflar orasida biz bilan kelgan, olti oy birga, yonma-yon mashg‘ulot o‘tagan buxorolik Shavkat ham bor edi. Gavdali, yo‘g‘on bola edi. U ham BTRda edi. Faqat «karvon»ning oldida edi. Boshimdan ter quyildi. Balki, o‘sha soniyada ulg‘aydim» (30 yildan oshayaptiki, Shavkatning onasi o‘g‘lining o‘lganiga ishonmaydi, chunki temir tobutni ochish mumkin bo‘lmagan. Yaqinda o‘rtoqlari borib tobutga uni o‘zlari qo‘yishganini aytib, onani tinchlantirib kelishibdi).

Yana xotiralar jonlanadi: «Boshqa bir og‘aynim bilan «uchebka»da birga bo‘lganmiz. Reyddan qaytib kelamiz-da, palatkada birga yotamiz, birga ovqatlanamiz, suhbatimiz tugamaydi. Tag‘in bir oy-bir yarim oy urushda bo‘lamiz, qaytib kelib tonggacha gaplashib yotamiz. Bir kuni u ertalab qaysidir topshiriq bilan ketadi. Kechqurun kelmaydi. Hech qachon kelmaydi. Tamom, yana bir insonni yo‘qotib bo‘ldingiz».

Suhbatdoshimiz biroz sukutda cho‘kadi. Aytishicha, ular bu yerda olti oy biz tayyorlanib borganlari bilan dushman tomonda o‘n-o‘n besh yil xizmat qilib qo‘yganlar bo‘lgan. «Bizlar bilan afg‘onlar urushayotgani yo‘q, buni bilamiz» deydi u qat’iyat bilan. «Xuddi mana bu Suriyaga bor-ku, mana O‘zbekistondanam borib pul ishlagani ketishayapti-ku. U yerda ham boshqa davlatlardan kelib urishayapti. U yerda ham pul o‘rtada, kimdir pul to‘layapti. Samolyotga buncha pul beraman, tankni portlatsang buncha, soldatni o‘ldirsang buncha deb pul to‘layotganlar bor» davom etadi Ravshan aka. Uning hikoya qilishicha, dushman tomoni jangchilari urushlarda davomli bo‘lganidan usta bo‘lib ketgan.

«Tog‘ning orasidan mashinalar birin-ketin borayapti, ikki tomonimiz xarsang. Faqat bitta texnika yura oladigan yo‘l. Oldindagi mashina portlatildi. Oxiridagisi ham. Chiqib bo‘lmaydi, yo‘l yo‘q. Qamalda qoldik. Razvedka raqib tomon 12 kishi deb aytdi. Biz bir rotamiz — 130 nafar askar. Tog‘ning orqasidan bizga minomyotdan mina tushayapti. Titilib-sochilib ketayapmiz. Bir mahal doktor yordamga chaqirdi. Plash-palatkadagi (dala holatida tutiladigan yaxlit mato, nimagadir ildirib chodir sifatida yoki jangchini o‘rash uchun foydalanish mumkin) rus soldatning og‘ziga qaychini qo‘yib, shuni ushlab tur dedi. Og‘zi to‘la qop-qora qon. Irillashga o‘xshash ovoz chiqaradi. Keyin yonimga yana bitta plash-palatka tashlab ketdi, bu nima desam «Buyam bittasi» dedi. Ochib qarasam, qo‘yning go‘shtidek... u ham portlagan ekan»

Ravshan aka Sovet Ittifoqi qo‘shinlari aviabombalar tashlagan holatlarni eslaydi. «Ularning bombadan saqlanadigan yerto‘lasi joyini uzoqdan kuzatardim. Shunchalik mustahkamki, 50 tonnalik tank ustidan yurganda siqim tuproq ham tushmaydi shekilli. Bizning samolyotdan o‘q yog‘dirayapti, bir pasdan keyin o‘sha yerdan kimdir lip etib chiqib ketadi. Qanday qurgan, qachon qurgan, bilmaymiz».

JONDAN TO‘YGAN KUN

Harbiylar o‘rtasida bitta maqol bor: «Sapyor faqat bir marta xato qiladi». Chunki, ikkinchigacha yetib bormaydi. Ravshan esa uchta portlashni boshidan kechirib ham omon qoldi. Lekin o‘shanda u tirik qolishni istamagandi, avtomatni bo‘g‘ziga tirkamoqchi edi...

Afg‘onistonda xizmat qilganlar yaxshi biladi, Qandahorda «Qora maydon» degan joy bor. O‘shanda bu joy minalar koni bo‘lgan. Voqea Vatanga qaytishga bir necha oy qolganda, Ravshan safdoshlari bilan «Qora maydon»ni tozalashga jo‘natilgan kunda sodir bo‘lgan.

«Shuncha yurib bunaqa joyni ko‘rmagan edim. Yerda kiyim yotibdi, yonida salla yotibdi, oyoq tomonda kovush, ichida skelet. Ikki-uchta shunaqa holatni ko‘rdim. Maydon minalashganidan o‘zining o‘liklarini olisholmagan. Qurtlab, qurib ketgan, faqat kiyimi qolgan».

Ravshan aka hikoya qilishicha, hammasi uyga qaytishiga oz qolganda sodir bo‘lgan. O‘rnida qoladigan bolalarga o‘rgatish uchun reydga chiqishgan.

Ravshan aka manzarani aniq-taniq tasvirlab berar ekan, film ko‘rayotgandek bo‘laman. Ana bolalar BTR panasida bekinib ketayapti. Lekin Ravshan negadir tank va mashina o‘rtasida, trosning yonida ketayapti. Panadagi yigitlar ko‘rinmasa ham u dushmanga yaqqol namoyon. Axir, u urushning qoidasini biladi.

Otadigan, bir yonda tank, bir yonda BTR turganda, granatomyotini bitta soldatga hayf qilmaydi. Bitta soldatni otsa kamroq pul beradi, kattaroq narsaga beriladigan pulning cho‘g‘i baland. Ravshan aka o‘q yomg‘iridan xoliroq ko‘ringan maydonda tank sudrab kelayotgan mashinani tuzatishni o‘ylaydi. Nihoyat shunday joyni topgandek bo‘lishadi.

«Menga qarab haydayver, Yunus» degan paytda bir narsa guvillab, oyog‘i qalqib ketadi. «Sirpanib ketdim, qarasam, osmonda etigim chir aylanayapti. Yiqilib ketdim, nimadir yana «guvv» etib bir sakratib yubordi. Yotibman, chap oyog‘imni ega olmayman, chap qo‘l barmoqlarimni ham g‘ijimlay olmayapman, ular menga bo‘ysunmayapti, achishib ketayapti. Jimir-jimir qiladi. Sheriklarim keldi. «Boylash kerak, boylash kerak» deyishayapti. Nima bo‘ldi o‘zi, desam vrach «vot smotri» deydi. Qarasam, shimimning poychasi osilib yotibdi, uning ichidan oyog‘im terilari... Eh, chir aylangan etik ichida oyog‘im ham bo‘lgan ekan. «Mana bu qo‘limni ham yig‘ishtira ololmayapman» dedim. «Ti snachala smotri» dedi vrach. Bunday qarasam chap qo‘lim ham yo‘q...»

Yiqilganda tirsagi bilan ikkinchi mina ustiga tushgan ekan. Ravshanning aytgan birinchi gapi shu bo‘ldi: «Aza, anavini uzatib yubor». Yigitlar Ravshan nima istaganini darrov tushunishdi. Avtomatni unga berishmadi. «E-e nima deyapsan, hali to‘yingda o‘yinga tushamiz...»

Ravshan akaning bir qo‘li va bir oyog‘i Qandahorda qolib ketdi... Afg‘onistonda qolib ketgan qo‘l, oyoq, kallalar soni qancha ekan-a...

10 DAQIQALIK O‘LIMDAN SO‘NGGI HAYoT

Ravshanning ko‘rgiligi shu bilan tugamadi. Nogiron bo‘lsa ham yashab qolishi uchun avvalo jang maydonidan eson-omon chiqarilishi kerak edi. Mana, mashinaga solib olib ketishayapti. Tashqarida taqa-taq otishma bo‘lib yotibdi. Bir o‘zidan ketganday bo‘ldi. Bir ko‘zini ochsa, hali mashinada yotibdi, qorong‘u tushayapti. Tashqarida qiy-chuv, misli ko‘rilmagan otishma bo‘layapti. «Nima bo‘ldi?» desam, «Qurshovda qoldik» dedi yonimda yotgan yarador. Ha, endi tamom dedim-da, boshimni shunday tashladim».

Yigit ko‘zini Kobulda ochdi. 10 kun o‘tib ketibdi. «Bugun 5 yanvar!» deyishdi yonidagilar. Otishma 25 dekabrda o‘tganini u yaxshi eslardi.

Atrofga boqadi, kazarmaga o‘xshash joy, 30-40 ta koykada askarlar yotishibdi. Podpolkovnik vrach kirib kelganda yarim hazil, yarmi chin qilib sochini nega olishganini tushuntirdi. «Boshing o‘rnida chelakmi? Bosh suyakdan yaralgan bo‘ladi, zarbada sinadi. Sening boshing yorilmagan, sinmagan. Pachoqlangan!». Ravshan aka chakkasidagi o‘yiq joyga barmog‘ini suqib ko‘rsatadi. «Bu portlagach, dumi BTRga sanchilib qolgan granatamyod oskolkasi jarohati».

Keyin vrach bundan-da qizig‘ini gapiradi: «Seni operatsiyaga olib kirganda polkovnik palonchi pismadonchiyevich xirurging edi. Men yordamchi edim. Operatsiya vaqtida yuraging to‘xtab qoldi. Xirurg «He, bu o‘ldi» deb chiqib ketdi. Jang maydonida uch marta o‘lib-tirilgan odam, kelib kelib vrachlar ko‘z o‘ngida o‘ladimi, deb rosa harakat qildik. Foydasi bo‘lmadi. E, endi bo‘lmaydi degan joyimda, yuraging urib ketdi, 10 daqiqa, 10 daqiqa — to‘xtagan yurak ishlab ketdi...»

Ravshan o‘n kun davomida komada qolgan.

«HAYoT QUVONChLARI VA TAShVIShLARI»

Shu nomdagi ko‘rsatuv bo‘lardi. Ana shu ko‘rsatuvda Toshkent davlat universiteti huquqshunoslik fakulteti talabasi, afg‘onchi Ravshan Maqsudov hayot yo‘li namoyish etildi. Shundan so‘ng Ravshanga O‘zbekistonning turli hududlaridan xatlar kela boshladi. O‘nlab, yuzlab... Ruchkada yozilgan nomalarga ko‘z yoshlari tomganlari ham bo‘lardi. Xatlarning bir qismi qizlardan edi. Ravshanga baxt va’da qilganlar kam emas edi...

Lekin taqdir Ravshanni Nozimaxon bilan to‘qnashtirdi. O‘rtog‘ining to‘yida, protez bilan bo‘lsa ham, ruhi baland chir o‘ynayotgan yigit edi u. Nozimaxon esa kuyovning amakivachchasi edi...

«O‘zimiz topishmaganmiz. Sovchi jo‘natdilar. Qarindoshlarim tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘ldilar. Ammalarim dadamga «Oyday qizingizni cho‘loqqa berguncha, suvga tashlang» deyishgan bo‘ldi. Faqat onam «Men bu bolani bilaman, sen baxtli bo‘lasan» dedilar» — eslaydi Nozima o‘sha kunlarni. 

19 yoshli, niholdekkina Nozimaxon fayzli —  qaynota-qaytona, to‘rt qaynsingil bo‘lgan xonadonga kelin bo‘lib tushdi. O‘sha kunlarni eslar ekan, ayol, ayrimlarning «Bir balosi bo‘lmasa, bir qo‘li, va bir oyog‘i yo‘qqa tegarmidi» degan kesatiqlari, «bu qiz falon kasaldir balki, balki pismadondir» degan fisqi fasodlari shirin damlarini zaharga aylantirdi deydi. Ravshan mard yigit edi. Nozimani qiynaydigan barcha muammolarga yechim topa bilardi. Birin-ketin uch farzand tug‘ildi. Ravshan oliygohni bitirdi. Lekin huquqshunos sifatida bir kun ham ishlamadi. U qonunni himoya qiladigan ayrim idoralarning o‘zida adolatsizliklar borligini ko‘rib borardi.

«Protezga moslashib bo‘layotganimda, yana tibbiy komissiyaga chaqirishdi. Bordim. Endi u yerda hamma nogiron, navbatsiz kirolmaysan. O‘tirib navbat kutayapman. Komissiya xonasiga yaqin joyda o‘tirib qolibmanmi, ichkaridan hamma gap eshitiladi. Mendan sal oldinroq kirgan ko‘zi ojiz odamdan 100 dollar so‘rashdi, yetaklab kirgan odami berdi shekilli, ortiqcha gap-so‘zsiz, darrov chiqib ketishdi»

Ravshan akaning aytishicha, mana shu vaqtning o‘zida uning asablari junbushga kelgan. Unga esa, «Mana, protez bilan bemalol yurayapsiz ekan, endi guruhingizni ikkinchi qilsak ham bo‘ladi» deyishgan. «Oyog‘im necha santimetr o‘sibdi, dedim, Qo‘lim-chi, der edim. Bu iztirobni sokin gapirib bo‘lmasdi, baqirib gapirardim. Ko‘r odamdan 100 dollar olganini ham aytib tashladim. Shunda bittasi «Mayli, shu odamni qiynamay birinchi guruhda qoldirib beraylik» deb rahm-shafqat qilgan bo‘ldi. Uni ham siltab tashladim. «Qonun bilan rahmni aralashtirma» dedim».

Shu yeriga kelganda hatto urush lahzalarini ham hazul-huzul bilan qorishtirishga harakat qilayotgan Ravshan aka anchayin jiddiylashadi. «Afg‘onchi adolatni talab qilsa, kontuziya deyishadi. Yo‘q, afg‘onchi kontuziya emas, u haqparvar. Urush ko‘rgan, olov ichidan chiqqan odam  yolg‘onga, haromga dosh berolmaydi».

Ravshan aka va Nozimaxon bolalarini halol non bilan boqdilar. Birgalikda issiqxonada atirgul ekib, hayotlarini yo‘lga qo‘ydilar. Yangi navlarni izlab boshqa tumanlar, boshqa viloyatlarga ham chiqishar ekan, ko‘plab yaxshi odamlarga duch kelganlarini aytishadi. Bo‘m-bo‘sh yerda poydevoridan boshlab qurilgan mana shu chiroyli uy-joy ham gulchilik orqasidan ekan.

«Shukur, to‘ylar qildik. Kattam – Islomaliga kelin tushirgach, navbati bilan Durdona va Iroda qizlarimizni chiqardik. To‘rt nafar nabiramiz bor.»

RUH QIYNOG‘I

Ravshan aka 53 yoshda, Nozimaxon ulardan bir necha yosh kichikroq. Aytmoqchimanki, ularning endi issiqxonada ishlashi biroz qiyinroq. O‘g‘il ishda (maoshi 1 yarim mln.), kelinning yosh bolalari sho‘x, uy-ro‘zg‘or ishlari ham yetarli. Ravshan aka nafaqa oladi, shukr aytadi va qo‘shib qo‘yadi: «Vaqt-vaqti bilan davolanib turmasam bo‘lmaydi. Shunday joylarda afg‘onchilar bilan gurunglashib qolamiz. Qo‘l-oyog‘i butun afg‘onchi 1 mln. 600 ming olayotgan paytda men 1 mln. 200 ming so‘m olayotgan ekanman. Pensiya oshib borganda aynan mening pensiyam o‘z holicha qoldirilgan paytlar bo‘ldi. Mana endi kompensatsiya ham kesilibdi».

Ravshan aka bir o‘zi sanatoriyga borsa o‘zini eplashi qiyinligini aytadi: «Ichki kiyimni yuva olmasam, protez kemtikligingni yashirgani bilan yosh bolaga aylanib qolganman. Nozimaning boriga shukr. Lekin yilda bir marta beriladigan sanatoriy chiptasi faqat menga berilar ekanu, hamroh uchun o‘zimiz sotib olishimiz kerak ekan. Sharoit ko‘tarmasa-chi? (Menga qarayman deb hech yerda ishlamasa)».

Shu sababli Ravshan aka sanatoriyga borishdan ko‘ra, shifoxonada davolanishni afzal biladi. Sobiq afg‘onchiga ko‘ra, protezning qandaydir ehtiyot qismini olish uchun esa olti oy navbat kutib yangi protezga buyurtma berish kerak. Navbat kelgandan keyin buyurtma rad etilib, ehtiyot qismga ehtiyoj borligi qayd etilar ekan (?)

«Yaxshisi, ko‘chaga chiqib 150 ming so‘mga bitta qayish olamanu, qaytaman». Protez esa faqat qayish bilan emas-da. Ravshan akani bugun afg‘onchi-jangchi imtiyozlari cheklanib borayotgani o‘ylantiradi. Ammo uning eng katta dardi Vatan nomidan borib Afg‘on janggohlariga kirganlar tarixi o‘chib borayotgani, zamondoshlar ularni bilmasligi, sobiq afg‘on askarlar qadri ko‘tarilmayotgani.

«Yaxshiyam, afg‘onchilar jamiyati bor, oyliksiz ishlasalar ham turib berayaptilar. Bayramlarda, kasal bo‘lganimizda, boshimizga ish tushganda faqat shular yo‘qlaydilar. Matbuotda, televideniyeda 14 yanvarda ham, 9 mayda ham afg‘onchilar tilga olinmaymiz hisob. G‘alati-g‘alati kunlar bor. Nega bir kunni «Afg‘onchi-jangchilar kuni» deb e’lon qilishmaydi».

Ravshan aka esa «Biz afg‘onlar bilan urushgani bormaganmiz» dedi yuqorida. Ha, ular tinchlik o‘rnatish uchun jo‘natilgan.

Afg‘onistonda bugungi vaziyat ko‘zimizni kattaroq ochishga undamoqda. U yerda ertaga nima bo‘lishi ma’lum emas. Ehtimol, kimlargadir yana yollanmalar kerak bo‘lar... Vatan nomidan tinchlik o‘rnatish uchun janggohga kirish boshqa, Olloh asrasin, Vatan nomini bulg‘ab «yollanma» sifatida qurol olish boshqa narsa ekanini yoshlar bilishi kerak. Urush bu mehnat safari emas. Urush – borsa kelishi gumon yo‘l. Urush tanangni bo‘lmasa, ruhingni bir umrga kemiradigan jarohat!

O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1979-1989 yillarda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan qurolli harakatlarda 64,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yigit-qizlar ishtirok etgan. Shulardan 1545 nafarining jasadi temir tobutlarda olib kelingan. 3067 nafari uylariga nogiron bo‘lib qaytgan. Ravshan aka shulardan biri xolos.

Mustahkam Tangriyorova, jurnalist

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети