Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Ularning oxirgi so‘zlari «oyijon» edi...

Ularning oxirgi so‘zlari «oyijon» edi...

Fotokollaj

Oyijon! Oyijon! Bu so‘zni farzandlaringizdan bir kunda ming bora eshitsangiz ming bora javob qaytarasiz. Chunki javob berishga imkoningiz bor. Oyijon! Bu so‘z orqali farzandingiz o‘zini bexavotir sezadi, xaloskori borligini his qiladi. Oyijon! Bu so‘z orqali siz farzandingizning bexavotirligini ta’minlaysiz, xaloskori ekanligingizni har soniyada his qilib turadi...

***

«Kichkina Nikolka Osvensim lageriga tushganida chaqaloq edi. Unga har kuni «mama», «oyi» deyishni o‘rgatdik. Ammo bir kuni uni nemis askarlari onasining qo‘lidan yulqib olishdi. Onasini gaz kamerasiga olib ketishdi. Bolakay oyisiga talpingancha ilk marta «oyijon»ni aytdi», ammo bu so‘z ularni qayta bog‘lay olmadi. Eshitayapsizmi, Nikolka bu so‘zni hatto gaz kameralarida oxirgi nafasni olayotganda ham aytdi «oyijon», ammo uni hech kim eshitmadi, oyisi kelib uni qutqarolmadi, chunki onaning javob berishga imkoni yo‘q edi...»

***

«Men o‘g‘lim bilan uch yil deganda uchrashdim. Unga erkakcha kiyimda yaqinlashaman:

 — Otang qani,

—Otam jangda o‘lgan.

—Onang-chi?

—Onamni yo‘qotib qo‘yganman. Aytishlaricha partizanlarga qo‘shilib ketgan.

—Meni tanimadingmi?

O‘g‘lim bir pas angrayib turdi, keyin qo‘rqinchli ovozda bamisoli hayqirib yubordi:

—Oyijoooon!!!

Urushdan so‘ng o‘g‘lim bir oy hatto ovqatlanayotganda ham meni bir qo‘lib bilan ushlab o‘tirdi, yana yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqdi, ishga men bilan bir oy qatnadi».

***

Bu urush qatnashchilarining ko‘rsatuvlarda bergan intervyulari. Bular haqida sanoqsiz maqolalar, kitoblar yozildi, ko‘rsatuvlar tayyorlandi...

«Sen yetim emassan» kinofilmida bir qizaloq «seni onang izlab keldi», degan gapga ishonib yo‘l-yo‘lakay «oyijon, oyijon, oyijon», deb chopadi, uning yonida yugurib ketayotgan bolalar ham shu so‘zni pichirlab takrorlashadi, azbaroyi oyisini sog‘inganidan, shu so‘zni sog‘inganidan, tinchlikni sog‘inganidan. Ular biladi faqatgina tinchlik ona bilan bolani ajratolmaydi. Ammo ular yetib borganida u ayol qizaloqning oyisi emasligi ma’lum bo‘ladi. Shu yerda bolalarning umidlari chil-chil sinadi. Chunki «oyijon»gina ularni barcha kulfatlardan, azoblardan qutqara olishiga ishonadi.

Urush paytida bolalar, onalar bir-birining bag‘riga mehriga ana shunday talpingan, bir-biriga tashna bo‘lgan, lekin bu tashnalikni qondirishning imkoni bo‘lmagan. Bir bora oyisining bag‘riga bosh qo‘yishni, bir bora oyijon, deb chaqirganida, onasi uning qoshiga kelib erkalashini, azoblardan xalos qilishini kutib uxlaganlar, qaytib uyg‘onmaganlar bor. Chunki bunga imkon yo‘q, chora yo‘q edi u paytlar.

Bugun imkoni bor. Bolangiz ming marta «oyijon», deb chaqirsa ming marta javob berishga. Aytingchi o‘sha imkonni o‘z qo‘llaringiz bilan yo‘qqa chiqarmayapsizmi?

Mehribonlik uyidagi bolalarning ko‘zlaridagi mungni ko‘rganmisiz?

Ana, Umidjon ismli bolakay derazaning oldida turgancha yo‘lga termulayapti.

— U derazaning oldida turib onasini soatlab kutadi, eng sevimli mashg‘uloti, — deydi tarbiyachisi.

— Sizning oyingiz bormi, — deydi sochlari qo‘ng‘iroq besh yoshli qizaloq.

— Oyi o‘zi qanaqa bo‘ladi, — deydi yana bir mitti bolakay.

— Mening onam suvparisi, — deydi Munisa ismli qizcha. — Suv parisidek chiroyli, faqat oyoqlari yo‘q, baliqnikiga o‘xshaydi, shuning uchun yurolmaydi, shuning uchun meni ko‘rishga kelolmaydi. Katta bo‘lsam, albatta o‘zim oyimni dengizdan topaman...

— Oyimning yaqinda bayrami, men qog‘ozdan otkritka tayyorladim, — deydi Bobur ismli bola.

— Men oyimga shirinliklar yig‘ib qo‘yganman, kelsa, albatta beraman, — deydi Muattar.

Mana yana ijtimoiy tarmoqlarning birida surat. Bolalar asfaltga onasining suratini chizib o‘zi suratdagi «ona»sining quchog‘ida yotibdi. Hatto onasining hurmati uchun oyoq kiyimini surat tashqarisiga yechgan. U pichirlaydi: «oyijon», ammo sovuq asfaltdan sado chiqmaydi.

Ayol eri bilan urishib qoldi. Uning alamini boladan oldi, uni ayamay do‘pposladi. Bolakay, besh yoshli bolakay iltijo qildi: «urmang oyijon». Ona uraverdi, bolajon chalajon bo‘lib qolgunicha uraverdi va tinchidi. Bola ko‘zlarini oxirgi marta ochib yumarkan: «oyijon», deb shivirladi, u onasi uni quchishini, og‘riqlardan xalos qilishini, qo‘liga olib ko‘tarishini kutgandi, ammo ona bunday qilmadi. Toshbag‘ir ona bir umr «oyijon»ni eshitishga zor bo‘lib o‘tdi, o‘shanda onaning bolasi chaqirig‘iga javob berishga imkoni bor edi...

Yana bir piyonista ayol eri bilan qo‘shilib bolasini do‘pposlayapti, qizaloq ota demayapti, «oyijon», deb yig‘layapti. U oyijonga ko‘proq ishonadi. Onaning bolasini qutqarishga imkoni bor edi, ammo qutqarmadi...

Bugun o‘z bolasini urib o‘ldirib qo‘yayotganda, tashlab ketayotganda, arzimagan pulga sotayotganda bolajonlarning tilidan chiqayotgan «oyijon!» havoda muallaq qolib ketayapti.

Bugun biz tinchlik davrida yashayapmiz. Farzandlarimizning ming marta oyijon, degan chaqirig‘iga ming marta labbay deb javob bera olish, ularni xaloskori ekanligini his qila oldirish imkoniyatimiz bor. Oyijon! Mana shunday tinchlik zamonida ularni shu so‘zni oxirgi marta aytishga, imkonini yo‘qqa chiqarishga hissa qo‘shmang. To‘xtang, ortingizga qarang, axir qachonlardir «oyijon»ni eshitgingiz kelganida hech qachon imkon bo‘lmasligi mumkin...

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети