Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Rivojlangan davlatlar tajribasi» yoxud velosipedda yuradigan vazir

«Rivojlangan davlatlar tajribasi» yoxud velosipedda yuradigan vazir

Fotokollaj

Ha, rivojlangan davlatlardan o‘rganadigan narsalarimiz juda ko‘p. Ammo tanganing ikkinchi tomoni bor. Biz shunga tayyormizmi, moddiy tomonni qo‘ya turaylik, ma’naviy tomondan tayyormizmi? Ularning tajribalariga asoslanib chiqarayotgan qonuniy hujjatlarimiz pishiq-puxtami? Uzoqqa bormaylik faralarni kunduzi yoqib yurish haqidagi qoidaning joriy qilinishi qanchadan-qancha bahs-munozaraga va yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi.

Ko‘pincha kuzatayapmiz: xorijdan aynan xalqdan pul to‘lov qilish yoki davlat bojini oshirish kabi masalalarda tajribasiga suyanayapmiz. Masalan, ayollarning charmdan tikilgan oyoq kiyimiga davlat boji oshirilishi haqidagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilibdi.

O‘zbekistonda yaxshi oyoq kiyimlar qimmat narxlarda sotiladi: 300 mingdan bir milliongacha boradi. Shundog‘am bu oyoq kiyimlarni hamma ham sotib olishga qurbli emas. Agar davlat boji oshirilsa, oyoq kiyimlar yana qimmatlaydi. Xo‘sh, bundan kim foyda ko‘radi? Ishlab chiqaruvchimi, sotuvchimi, eksport qiluvchimi, davlatmi yoki iste’molchilarmi? Shuni aytish mumkinki, iste’molchi birinchi o‘rinda zarar ko‘radi.

To‘g‘risi, xorij tajribasiga suyanamiz degan gap me’daga tegdi. Biz xorij tajribasini joriy qilish uchun o‘zbekcha fikrlashdan voz kechishimiz darkor. Axir, faqat xalqdan pul olish kerak bo‘lsa rivojlangan davlatlar tajribasiga suyaniladi. Xalqqa pul berish, oyliklarini oshirish, nafaqalarni ko‘rib chiqishga kelganda o‘zimizning tajribamizga tayanishadi. Mas’ul rahbarlar xorijdan vijdonan ishlashni o‘rganishi kerak emasmi? Boshqacha ong, boshqacha fikr bilan yondoshish kerak emasmi? Vatanparvarlik, haqiqatgo‘ylik, adolatparvarlik kabi tamoyillarni o‘rganishimiz lozimmasmi xorijdan?  Mas’ul lavozimdagilar olijanobligi, dunyoqarash kengligi bilan atrofdagilarga o‘rnak bo‘lsagina jamiyat tuzaladi. Yaxshilik va olijanoblik masalasida odamlarni ortingizdan ergashtiringsizlar, degim keladi ularga qarata.

Chilonzor tumanining hokimining uyidan bir milliardga yaqin mablag‘ini o‘g‘ri uribdi. Xorijdagi hokimlar mana shunday milliardlab pulga egamikan? Ularning mansabdorlari mashinada emas, oddiy odamlar orasida metroda, velosipedda yuradi, oddiy odamlar orasida navbatga turadi.

Xorijdan ommalashtirish mumkin bo‘lgan mana bunday tajriba bor. Kalgarida birorta daraxtni kesishmoqchi bo‘lsa, o‘sha hududda yashaydigan aholidan ruxsat so‘raladi. Daraxtga e’lon yopishtirishadi: «Mana bu daraxtni kessak maylimi, bu kasal daraxt, shuncha mablag‘ sarfladik ammo buni endi tuzatib bo‘lmaydi, shuning uchun kesishga majburmiz», degan ma’noda. Xo‘sh, yurtimizda kesilib ketilayotgan minglab daraxtlar uchun kim javob beradi?

Jurnalistlar bu masalani bir necha bor ko‘tarib chiqishdi. Ammo kimlardir o‘z nafsini o‘ylab hamon daraxtlarni kesish bilan band. Bu masalada xorijning tajribasi qanday? Daraxt keuvchilarni javobgarlikka tortishchi, xalqning dardini eshitishchi? Jurnalistning ko‘tarib chiqqan masalasiga befarqlik uchun qonunlarida qanday bandlar, moddalar bor? Balki xorijdan shularni ham o‘rganish kerakdir. Yana bir fakt o‘sha mamlakatda Leyla degan ayolning yosh bolasi eshikni ochib sovuqda tashqariga chiqib ketadi. Va muzlab yuragi urishdan to‘xtaydi. Uni shifokorlar asrab qoladi. Lekin shifokorlar eshik tuzatuvchilarni sudga berib, ayolga katta miqdorda pul undirib beradi. Ya’ni, shu ishga mas’ullar eshikni vaqtida tuzatib qo‘ymagani va bola chiqib ketgani uchun. Bizdagiday onani befarqlikda ayblamaydi hech kim. Kuz-qish mavsumida qanchadan qancha bolalar, oilalar is gazidan vafot etdi. Vafot etganlarning yaqinlari bu musibatlarga qanday chidayotgani bizga qorong‘u. Ammo birorta gorelka yoki dudbo‘ronni sifatsiz yasaganlar, olib kelib sotganlarga chora ko‘rildimi? Yana ularda gaz va chiroq xalqidan ortsa boshqa davlatlarga sotish tajribasi ham bor. Yana bir fakt va haqiqat shuki, sizlar joriy qilayotgan ushbu hujjatlar hamyurtlarimizning chetga chiqib ketishini kamaytirmayapti afsuski.

Qonun hujjatlarini o‘ylab topayotganlar xorij tajribasini ommalashtirishni avvalo o‘zlaridan boshlashi kerak, deb o‘ylayman. Mansab kursisiga xalqqa xizmat qilish uchun emas, xalqumi uchun o‘tiradiganlar o‘rganib kelsin xorij tajribasidan sof vijdon bilan ishlashni. Tepadagilar qanchalar vijdonli bo‘lsa, adolat bilan ish qilsa, O‘zbekiston shunda rivojlanadi. Xorijning to‘lovlarini o‘rganib kelish bizga hozircha, oddiy xalqqa zarar keltirishdan boshqa narsa emas.

Abituriyent pul to‘lab o‘qishga kiradi, talaba kontraktini otning kallasidek to‘lab o‘qiydi, endi o‘z hududidan chetdagi maktabga chiqadigan bola eng kam ish oyligining palon hajmini to‘laydi. Pul bo‘lmagan nima qoldi o‘zi O‘zbekistonda. Yomon tomonlarimiz oshkor bo‘lsa «chirigan g‘arb ta’siri» deymiz, soqqani xalqdan undirish zarur bo‘lsa, rivojlangan Yevropada deymiz... Rivojlanishimiz o‘z qo‘limizda. Oddiy xalqdan tortib mas’ul rahbarlar, mansabdorlar o‘zini isloh qilmas ekan, rivojlangan mamlakatning hech qaysi tajribasi bizni botqoqlikdan olib chiqa olmaydi.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети