Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Nega o‘zingizni kechirolmayapsiz, hamkasb?

Nega o‘zingizni kechirolmayapsiz, hamkasb?

Jurnalist Maqsud Jonixonovga

«Facebook» tarmog‘idagi sahifangizda yozganlaringiz o‘qidim. O‘h, jumlalar qatidagi iztiroblar, alamlar...

«Faqat tanqidiy maqola bersang, odamlarning muammosini gazetaga olib chiqsang, o‘quvching ko‘payadi, obunang yaxshilanadi, degan gapga ishonganim uchun;

yo‘q narsani bor, deb, faqat maqtash bilan ovora, yelkalari qarsak chalib titrab ketadigan madhiya maqolalarni ko‘proq bersang, gazetangga e’tibor qaratishadi, degan gapga kulganim uchun;

qovoq tumshug‘idan ot hurkadigan, xalq bilan muloqotniyam ssenariy orqali sahnalashtirayotgan, o‘ta makkor ayrim hokimlarning oldida obuna deb sarg‘ayganim uchun;

yangi zamon keldi, kim siyosatga do‘st bo‘lsa, tanqid yozadi, kamchilikni aytadi, deyishsa sherlangani;,

ammo bu gapga miyig‘ida kulib, bilganicha yashayotganlarni ko‘rganda qalbim kirlangani uchun;

muharrirning ishi senzura emas, hamma o‘qiydigan maqolalarni berish, odamlar dardi bilan yashash, halollik orqasidan jamoani har jihatdan oyoqqa turg‘izish, degan otashin, ammo og‘izlarda qolib ketadigan fikrlarga laqqa tushganim uchun —

O‘zimni KEChIROLMAYMAN!!!»

Yana: «Matbuot o‘ldi! Yashasin, Matbuot!» debsiz.

Keyingi paytlarda o‘zimga o‘zim «Jurnalist kim o‘zi?» degan savolni ko‘p beradigan bo‘ldim. Biroq javobini hanuz topolmayman. Go‘yoki hamma narsa alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgandek tuyuladi menga. Hech kim o‘z o‘rnini bilmay qo‘ygandek. Bir paytlar markaziy nashrlarda shapaloqdek luqma chiqsayam butun viloyat rahbarlari oyoqqa turardi. O‘sha luqmachani chiqarmasligimiz, xatolarini albata tuzatishlari haqida qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi. Xatolarini tuzatishardi ham.

Bugun-chi? Bugun feletonni dostonga aylantirmaysizmi, ijtimoiy tarmoqlar orqali biror muammoni «bo‘kirtirib» yozmaysizmi, birov qilt etsa, qani?! Jurnalistlarni maddohga aylantirgan joyda muammolar ildiz otib ketishi bor gap....

Mana, erkin so‘z aytish davriga ham yetib keldik. Yutuqlar maqtangudek emas, biroq «senzorlar» kamaygani rost. Biroq nima o‘zgaryapti?! Nazarimda «Bezbetlik fenomeni» shakllangandek. Endi uncha-muncha rahbarni na tanqid, na feleton bilan o‘zgartirishingiz, xatolarini to‘g‘rilashga majbur qilishingiz qiyin. Shikoyatchining mushkulini oson qilishingiz uchun birgina tanqidiy maqolaning o‘zi yetarli emas bugun. Shikoyatchining oxirgi ilinji siz bo‘lganingiz uchun qayta va qayta sizga murojaat qilaveradi. Yeng shimarib murojaatchi bilan birga-birga kurashga qo‘shilasiz. Bir mavzuga qayta-qayta qaytishga majbur bo‘lasiz. Topganingiz quyida mazmundagi pisanda bo‘ladi: «E, qayerga borsang bor, qo‘lingdan nima keldi?».

Jurnalist qayergacha boradi? Boradigan joyi sudmi? Ana endi jurnalistning sabri yetsa, haqiqiy muammo bir chetda qolib, sudma-sud yuguradi. Bir shikoyatchining muammosini hal qilish uchun ketgan asablarni aytmay qo‘yaqolay. Bu minnat emas. Aslo. Shunchaki, tepsa tebranmas bo‘lib ketgan mas’ul shaxslarning loqaydligi sabab yuzaga kelgan sansalorlik Jurnalist — vositachi, aslida! Ya’ni, oddiy shikoyatchi bilan mas’ul shaxs o‘rtasidagi. Lekin bizning bugungi kunda jurnalistu blogerlarning o‘rni yo‘qolib qolgandek. Rahbarga kuchi yetmagach, xayriya ishlariga sho‘ng‘ib ketadi. Kimningdir uy qurishi uchun pul yig‘ishga bosh-qosh bo‘ladi, o‘zining uyi chala-yarimligi bilan ishi yo‘q. Yana kimningdir xorijda operatsiya qilinishi uchun mablag‘ to‘plash da’vati bilan chiqadi.

Xayriya ishlari yaxshi, koni savob. Biroq bunday xayrli ishlar ayrim YuHO(yeb to‘ymas)larga yanada qo‘l kelayotganini hammayam bilavermaydi. Aslida mana shularning davlat mulkini talon-toroj qilayotgani sabab bugun odamlar internet orqali pul so‘rab muammosini hal qilishmoqda. Naqadar sharmandali hol!

O‘tgan yilning 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishida sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyati keskin tanqid qilindi. Order berish masalasi deysizmi, psixotrop dorilar savdosi deysizmi, milliard-milliard o‘marishlar deysizmi... Mas’ullar bir-bir turg‘azildi, so‘roq-savollar qilindi. Biroq ularning hammasi o‘z joyida ishlashmoqda. Xuddi hech nima bo‘lmagandek go‘yo... Sizga bir misol aytaymi?

Sog‘liqni saqlash tizimidagi talon-torojlik va suiiste’molchilik holatlarining asl sabablaridan biri – tizimda dori vositalariga ehtiyojni shakllantirish bo‘yicha mavjud tartibga umuman amal qilinmasligi hamda vazirlik mutasaddilarining
bundan manfaatdor emasligidadir.

Oqibatda, dori-darmonlarga talabni haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib belgilash o‘rniga, ayrim dori vositalarini asossiz ravishda, ehtiyojdan bir necha barobar ortiq xarid qilib, tibbiyot muassasalariga qabul qildirish, bu bilan budjet mablag‘larini sovurishga sharoit yaratib  berilgan.

Xususan, tibbiyot muassasalariga 2019 yilda «O‘zmed-impeks» korxonasi tomonidan 40 mlrd. so‘mlik ehtiyoj bo‘lmagan va yaroqlilik muddati shu yilda tugaydigan 719 ming dona dorilar yetkazib berilgan. O‘z navbatida, tibbiyot muassasalari ham bularni vazirlik ta’siri ostida so‘zsiz qabul qilishgan. Jumladan, Surxondaryoda 3 mlrd., Xorazmda 3,2 mlrd., Farg‘onada 3,2 mlrd., Qoraqalpog‘istonda 3,3 mlrd., Qashqadaryoda 3,4 mlrd., Samarqandda 3,6 mlrd., Toshkent shahrida 8,3 mlrd. so‘mlik ana shunday dori vositalari qabul qilingan. Qarang, gap milliardlar haqida ketmoqda...

Endi ayting-chi, prokuratura ochib tashlagan shuncha faktlari ortidagi qing‘irliklardan keyin ham o‘sha yerning mutasaddi rahbarlari ishlab yuraverishi, vazirlikda hech narsa o‘zgarmasligini qanday baholash mumkin?

Yaqinda bir shifokor bir ko‘zidan ajraldi. Bemor qarindoshining kuchi oddiy shifokorga yetadi-da. Tepadagilar qishloq vrachlik punktlari uchun ajratilgan dori vositasiyu jihozlarni o‘zlashtirib tursa, oddiy shifokor shifoxonaga sharoitni o‘z cho‘ntagidan yaxshilab qo‘ymaydi-ku?!

Tepada o‘tirgan mas’ullar cho‘ntagini qappaytirib uyquni xotirjam urayotgan bir paytda dori yetishmasligidan, sharoit yo‘qligidan oddiy shifokor bir bemorning tirik qolishi uchun jonini hovuchlab kurashayotganini qayerdan bilsin?!

O‘sha yig‘ilishda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tarqatilgan «press-reliz»da qanchadan-qancha pullar yeb yuborilgani, agar talon-taroj qilinmasa, shifokorning oyligi 5-6 mln.ga yetishi faktlari bilan ko‘rsatib qo‘yilganiga qaramay vazirlik mutasaddilarning nari borsa, yuzi qizardi, xolos. Shuncha qing‘irliklardan ko‘z yumib kelgan, tibbiyot tizimining shu darajaga yetib kelishidan bexabar mas’ul rahbarlarning joyida qolishi, birgina tanqid qilinishi bilan Yangi O‘zbekiston qura olamizmi? Axir Yangi O‘zbekistonning faqat kiyimi yangi bo‘lgani, ammo u kiyim ichidagi odamlar eski ekanligi, bu eskicha fikrlaydigan va ishlaydigan odamlar bilan yangi siyosat yangilanmasligini, Yangi O‘zbekiston bo‘la olmasligimizni qachon tushunib yetamiz?

Bloger Shabnam Olloshukurova provakatsiya qildi xalqni, deb jinnixonaga yotqizildi. Mana shunaqa paytda go‘yoki ruhiy kasalliklar shifoxonasi barcha bemorlarga xayrixohdek tuyuladi. Lekin meni hayron qoldirgani — yon qo‘shnimning o‘g‘li kasali tutib, hech nimani tanimaydigan holga kelishiga qaramay, shifokorlar ikki oyga bormay «bolangizni tezroq olib chiqib keting!» degani, kamiga faqatgina oddiy tabletka bilan davolagani, yana bir tanishimni ushbu shifoxonaga yotqizish uchun qanchadan-qancha vaqt kutilganini aytmay qo‘yaqolay. Shabnam esa to‘rt oy «davolandi», go‘yo...

Ana endi Otabek Nuritdinov degan blogerning haqorat uchun 15 sutkaga qamalishiyu, ochiqchasiga odamlarni haqorat qilgan hokimlarning ishi OAVda bong urilib, senat darajasida ko‘rilsa-da, silliqqina o‘tib ketishi bugun nafaqat matbuot o‘lganidan, balki butun jurnalistikaning tanazullidan darak emasmi?

Ha, mening nazdimda, bugun jurnalistika tanazzulga yuz tutdi. Birgina muammoni hal qilish uchun bugun shapaloqdek luqma yoki feleton emas, butun ijtimoiy tarmoqni titratadigan maqola yozsangiz ham aksar holda o‘sha muammo yechimini kutib yotaveradi.

Qaysidir tashkilot xodimlarining oyligi bugun 15 mln.ga chiqib turgan paytda, jurnalistikada aksariyat bosh muharrirlarning oyligi 3 mln.ga ham yetmasligi haqida-ku indamadim. Sizning «Jamiyat» degan gazetangiz har sahifasida tanqidiy material berib ham obunasi 2000 nusxaga bormagan bir paytda «Yangi O‘zbekiston» degan yangi gazeta gullab-yashnab ketarmikin? Yangi O‘zbekiston qachon bo‘ladi — qachonki, yosh, jur’atli yoshlarga ko‘proq o‘rin berilsa!

Yangi O‘zbekiston uchun yangi qon, yangi miya, yangicha fikrlaydiganlar kerak. Men ham o‘sha sahifangizdagi fikrlarga yarasha mana shunday javob yozmasam, o‘zimni kechirolmagan bo‘lardim. Bizning qo‘limizdan boshqa nima ham kelardi, hamkasb!

Men esa tanazzulga yuz tutayotgan jurnalistika, o‘lib borayotgan matbuot, «jurnalist jamiyatda kim va o‘rni qayerda?» degan savollar girdobidagi arosatda qolgan kemaning omadsiz yo‘lovchisiga o‘xshayman...

Hurmat va og‘riq ila hamkasbingiz Barno Sultonova.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети