Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Анвар Намозов

Yangiyo‘llik vahshiy qilmishi ortidagi o‘ylar

Yangiyo‘llik vahshiy qilmishi ortidagi o‘ylar

Yangiyo‘llik yigitning vahshiyligi barchani larzaga soldi. Nahotki odam degani shu darajada shafqatsiz bo‘lsa? Birovning farzandi nari tursin, o‘zining bolalarini shunchalik qiynasa? Bu nima o‘zi? Qip-qizil vahshiylik, boshqa hech nima emas! Yuraging orqaga tortib ketadi, lavhani oxirigacha ko‘ra olmaysan!..

Mashhur Shomahmudovlar oilasi ikkinchi jahon urush vaqtida 13 nafar bolani, urushdan so‘ng yana uch bolani asrab olganini eslaylik. Umuman, urush yillarida o‘zbek oilalari jami 4,5 ming nafardan ziyod yetim bolani boqib katta qilgan. Shomahmudovlar singari samarqandlik Samadovlar 13 nafar, F.Qosimovalar esa 10 bolani parvarishlab o‘stirgan. Bu bolalar turli millat vakillari edi, ammo Shomahmudovlar ham, ular kabi boshqa ota-onalar ham murg‘ak qalblarga aziyat yetkazishmadi. Aksincha o‘z bolasidek ko‘rib avaylab o‘stirishdi. Yangiyo‘llik maxluq esa xotiniga achchiq qilib, ojiz, notavon kichkintoylarni, begunoh dilbandlarni qiynoqqa soldi! Hayf senga ota degan nom!..

Bolalarni qiynash orqali er xotinidan yoki xotini eridan o‘ch olishi, tag‘in buni videoga muhrlashi qachondan buyon «moda» bo‘ldi o‘zi? Insonning shu qadar tubanlashishi mumkinligini aqlga sig‘dirolmaysan! Bolalarning aybi nima? Nahotki ularning ojizligi, qarshilik ko‘rsata olmasligidan foydalanib, ayovsizlarcha qiynash, bo‘g‘ish, tepib yuborish mumkin bo‘lsa?

2018 yilgi jamiyatni junbishga solgan fojiani yodga olaylik. Andijonlik yosh ona Saida o‘zining uch yoshli bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan va ishlash uchun ketgan edi. Bugun u qamoq jazosini o‘tayapti. O‘shanda bu onani televizor orqali ko‘rsatishganda men hayron bo‘lgandim: o‘z bolasining kushandasi bo‘lgan ayolning yuzida qilgan ishidan pushaymonlik, qotillikdan afsuslanish alomati yo‘q edi!

Yangiyo‘llik vahshiyning pushaymon bo‘lishiga ham ishonmayman! Agar afsus chekib, nimadir desa, bu uning ikkiyuzlamachiligi, yolg‘onchiligi bo‘ladi, xolos. Bu maxluq bolalarni qiynagani yetmagandek, xuddi «salaf»lari kabi, barcha jarayonni videotasvirga olgan. Xo‘sh, o‘ylab ko‘raylik: shu lavhani ayoliga yuborib va u ko‘rganida bu nobakor mazza qiladimi? Ko‘ngli taskin topadimi? Agar shunday bo‘lsa, nega, nima uchun?!. Javobi esa oddiy: hammasi bekorchilikdan, dunyoqarashning pastligi-yu tubanlikdan, kitob, ma’rifat va dindan uzoqlikdan!

Qonunlarni kuchaytirish kerak. Shafqatsizlikka, ayniqsa bolalar qiynog‘iga qo‘l urgan jinoyatchilar eng og‘ir darajada jazolanishi shart. Xudobexabarlar hech bo‘lmasa, qonundan, og‘ir jazodan qo‘rqsin! Aks holda bu kabi holatlar yana takror-takror yuz beraveradi. Aslini olganda, jazoni kuchaytirishning o‘zi kamlik qiladi, albatta. Jamiyat o‘zgarishi kerak! Odamlar ongi, tafakkuri yuksalishi zarur. Buning uchun biz bot-bot aytib charchamayotgan, omma quloq tutmayotgan kitobxonlik, mutolaa ommalashishi kerak! Tasavvur qiling, agar yangiyo‘llik zo‘ravon kitoblarga oshno bo‘lganida, mutolaa bilan muttasil shug‘ullanganida bunday shafqatsizlikka qo‘l urarmidi?..

Jamiyatda xunuk hodisalar ro‘y berganida faqat ayuhannos solish bilan ish bitmaydi. O‘sish-o‘zgarishlar amalda bo‘lishi kerak. Uch-to‘rt kun o‘tgach, unutib yuborgandan naf yo‘q! Eng yomoni, qiynoqqa solingan bolalarning salomatligida va ruhiyatida buzilishlar ro‘y berishi mumkin. Ular jur’atsiz, qo‘rqoq va mehrsiz bo‘lib o‘sishi isbotlangan. Tadqiqotlarga ko‘ra, bolalikdagi har qanday zo‘ravonlik shakli ko‘plab keyinchalik surunkali kasalliklarga duchor qilishi aniqlangan. YuNISEF ma’lum qilishicha, dunyo bo‘ylab har daqiqada bir bola o‘ldiriladi, ming afsuski, andijonlik Saidaning o‘g‘li ham shu ro‘yxatda!..

Odamzod shafqatsiz bo‘lib boryapti. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasiga muvofiq, dunyoda har 2 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan salkam uch million bola ularga qarayotgan insonlarning shafqatsiz munosabatini boshdan kechiradi. Bu ro‘yxatda o‘zbeklarning ham borligi yanada achinarlidir.

«O‘z farzandini uruvchi ota yoki onaning yuragi toshdan bo‘lsa kerak, – degan edi ustoz Tohir Malik. – Farzandlarini go‘daklik chog‘idanoq urib tashlaydigan ota-onalarga ulug‘ olim Pifagorning bir gapini eslataman: «Qabringiz ustida yig‘lay olishlari uchun farzandlaringizning ko‘z yoshini to‘kmang».

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети