Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Анвар Намозов

Lotereyada millionlab dollar pul yutganlar taqdiri: omad, kulfat va judoliklar

Lotereyada millionlab dollar pul yutganlar taqdiri: omad, kulfat va judoliklar

Ko‘pchilik uchun lotereyada pul yutish – orzu. Biroq ulkan yutuq egalari pullarini olgach, kulfatlarga duchor bo‘lishlari ham kuzatilgan. Ular katta boylikka butun umr egalik qilolmaydi yoki boshqacha aytganda, muhaqqaq farovonlikka erishmaydi.

– Aksariyat kishilar uchun nogahoniy pullar ko‘ngilsizlikka sababchi bo‘lishi mumkin, – deydi Florida shtatidagi Tasodifiy pullar instituti asoschisi, moliyaviy maslahatchi Syuzen Bradley. – Bizning madaniy hayotimizda «Pullar hammasini hal qiladi» degan tushuncha shakllangan. Odamlar, agar ko‘p pullarga ega bo‘lsak, ko‘ngilsizliklardan qutulamiz, deb o‘ylashadi. Tasodifiy pullar kelganda esa muammoga duchor bo‘ladilar.

Syuzen Bradley o‘zining «Qo‘qqisdan kelgan pullar: oltinlar yomg‘irini qanday idora qilish mumkin?» kitobida yozishicha, kutilmagan omad ba’zilarni esankiratib qo‘yadi, chunki ular hissiy jihatdan bunga tayyor bo‘lmaydi.

Baton-Rujdagi moliyaviy mutaxassis Bill Pomeroy lotereya yutuqlarini qo‘lga kiritgan ko‘plab kishilarning hayoti bilan yaqindan tanish.

– Odamlar dabdurustdan katta pullarga ega bo‘lgach, qanday ish tutish kerakligini biladigandek harakat qilishadi, – deydi u. – Ular ulkan pullarni o‘zlari bilmagan sohaga tikishni istaydi yoki biznes sohasini zarracha tushunmaydigan kishi bilan hamkorlik qiladi.

 15 000 000 dollar

26 yoshli ishsiz Maykl Kerroll 2002-yili lotereyada 15 million dollar yutgan. Uning saxovati jo‘sh urib, qarindoshlari va do‘stlariga qimmatbaho sovg‘alar beraverdi. Tasodifiy boylikdan gangib qolgan Maykl Kerroll o‘zini kokainli oqshomlar, qimmatbaho avtomobillar va yengiltak jononlarga ham bag‘ishladi.

Yaqin insonlarining Mayklga nisbatan muhabbati tezda barham topdi, chunki millionlar sarflab bo‘lingan edi.

Bir zumda millionerga aylangan Maykl Kerroll. 

– Ziyofatlarga nuqta qo‘yildi, – dedi Maykl Kerroll. – Men oldingi hayotimga qaytdim. Ishsizlarga beriladigan 42 funt sterling miqdoridagi nafaqa hisobiga yashaganim ma’qul ekan.

 16 000 000 dollar

1988-yil. Pensilvaniyada istiqomat qilgan Uilyam Post lotereya yutug‘i bilan birgalikda o‘ziga bir olam tashvish orttirganini bilmasdi.

– Pul yutmaganim yaxshi edi, – deydi Post. – Bu nihoyatda dahshatli!

Uilyamning birinchi ma’shuqasi uni sudga berib, yutuqqa o‘zining ulushi borligini da’vo qildi. Ma’shuqasi-ku, mayli, akasi yanada betamiz chiqib qoldi. U millionlab pullarni bo‘lishmagan ukasini o‘ldirish uchun qotil yollashgacha bordi. Boshqa akalari ham surbet edilar. Ular Uilyamni qo‘yarda-qo‘ymay, pullarini avtomobil biznesi va Sarasotadagi restoranga tikishni talab qilishdi. Oqibatda o‘zlari tushunmagan biznes zig‘ircha daromad keltirmay, akalari u bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketdi.

Uilyam 1996-yilda olgan kreditini uzish maqsadida jekpot uchun har yili to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovni amalga oshirolmay qolgandi. Shu bois ikkita uyi, mashinasi va 260 000 dollarga xarid qilgan yelkanli kemasini sotishga majbur bo‘ldi. Uilyam Post soliq noziriga o‘q uzgani uchun qamalib ham chiqdi.

U oila a’zolarini xursand qilish uchun ahmoqona ish tutganini tan oldi. Keyin esa o‘zini «singan» deb e’lon qildi.

– Pulsiz qolganimdan har qachongidan baxtliman, – degandi Uilyam Post o‘limidan oldin jurnalistlarga.

Uilyam Post bir olam tashvish girdobida qoldi.

Lotereyadagi daromadlaridan mosuvo bo‘lgan Post umrining oxirigacha nogironlik nafaqasi hisobiga kun kechirgan.

 149 000 000 dollar

Nyu-Yorkda yashovchi, «Mega-Millionz» lotereyasi chiptasini olgan muhojirga omad kulib boqdi.

Kolumbiyalik 49 yoshli Xuan Rodriges Manhettendagi avtomobillarning yerosti to‘xtash joyida ishlardi. Nyu-York – dunyodagi eng yirik shaharlardan biri bo‘lib, Xuanning yillik 29 ming dollarlik ish haqi urvoq ham bo‘lmasdi. Boz ustiga, xotini Iris ishlamas, erining qo‘liga qarab qolgandi. U 17 yildan buyon bechora Xuanning miyasini parmalar, ajrashishini aytib, qo‘rqitgani-qo‘rqitgan edi. Irisni tushunish kerak, albatta: sovutkich bo‘m-bo‘sh, bankdagi qarz 44 ming dollarga yetgan, bu to‘lovni uzish haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi.

2004-yilning noyabrida Xuanning cho‘ntagida bir dollar pul qoldi. U ana shu oxirgi puliga lotereya chiptasi sotib oldi. 149 000 000 dollar pul yutug‘i chiqqanida esa shunchalik dovdiradiki, o‘lib qolishiga bir bahya qoldi.

Xuan xushxabar haqida darhol xotiniga yetkazdi. Iris pullarning hammasini olishni maslahat berdi. Soliq to‘lovlaridan so‘ng 88 000 000 million dollar qo‘lga tegdi.

Xuan Rodrigesning xotini ajrim talab qilgan.

Oradan o‘n kun o‘tib, Iris ajrashish haqida sudga ariza berdi va ajrim talab qildi. Er-xotinning mulki lotereyadan yutgan 88 000 000 dollar bo‘lib, qoq ikkiga bo‘linishi kerak edi. Iris o‘zining ajrashuv arizasi sababini shunday izohlagan: «Erim Xuan Rodriges lotereyada bundan ham ko‘p pul yutishi mumkin edi».

 315 000 000 dollar

Jek Uitakker 315 million dollarlik yutuqni 2002-yili Rojdestvo bayramidagi lotereya o‘yinida qo‘lga kiritgan. U pulni birvarakayiga olishga qaror qildi. Buning uchun yutuqning uchdan ikki qismini boy berishini bilardi (Amerika lotereyalaridagi qoidaga ko‘ra, ulkan yutuq egasi 20 – 30 yil mobaynida pullarini bo‘lib-bo‘lib olishi mumkin. Agar g‘olib ko‘nmasa, uning pullaridan katta miqdorda soliq ushlab qolingan holda beriladi).

Uitakker qo‘liga «bor-yo‘g‘i» 112 million dollar pul oldi. U xayriya uchun ma’lum ulush ajratdi. Bundan tashqari, o‘zi yashaydigan shtatda yangi ibodatxonalar qurishga besh million dollar ehson qildi. Shuningdek, G‘arbiy Virjiniyadagi muhtoj kishilarning yeb-ichishlari, kiyim-kechak va ta’lim olishlari yo‘lida har oyda minglab dollar sarfladi. Pulning bir qismini esa ko‘chmas mulk, avtomobillar, yaxta va javohirlar kolleksiyasiga ajratdi.

Jek o‘zi yashaydigan Xinton shahridagi alohida shaxslarga avtomobil, chek va uy ko‘rinishida sovg‘alar ham ulashdi. O‘zi haqida ham unutmadi – yayrab-yashnadi, qimorxonalarga bordi, strip-klublarga tashrif buyurdi.

2003-yilning iyunida Uitakker mahalliy barlardan birida o‘lgudek ichib o‘tirganida uning avtomobilidan yarim million dollar pul bo‘lgan keysni o‘g‘irlab ketishdi. Keys tez orada topildi, ammo...

2004-yil yanvar oyida Uitakkerning mashinasidan 100 ming dollarni o‘marib ketishdi, biroq o‘g‘rini tutib bo‘lmadi. O‘sha yilning mart oyidan Uitakkerni har hafta tunay boshlashdi. Keyinroq esa ba’zi odamlar 2-3 million dollar ilinjida bo‘lar-bo‘lmasga uni sudga beradigan bo‘ldilar. O‘g‘rilar Uitakkerning mashinasi, uyi va ofisini o‘marishar, ayollar zo‘ravonlikda ayblar, erkaklar esa uning qotillikka uringani yoki jarohat yetkazganligini aytib, sudma-sud sudrashardi.

Butun boshli Xinton shahri Uitakkerning saxovatidan umidvor edi. Jekdan tuhfa olmaganlar boshqacha yo‘llar bilan bo‘lsa-da, undan pul undirishga harakat qilishardi. Barcha-barcha, hatto Uittaker yordam bergan kishilarning ham uni ko‘rarga ko‘zlari yo‘q edi.

Oqibatda Jek ko‘p ichadigan bo‘ldi, oilasini tark etdi. U ikki marta mast holda avtomobil boshqargani uchun jazoga tortildi. Shuningdek, noqonuniy qurol saqlaganlik va politsiyaga qarshilik ko‘rsatganlikda ayblandi. Eng ko‘ngilsiz voqea esa uning nevarasi bilan bog‘liq.

Uitakker 17 yoshli nabirasi Brendaga homiylik qila boshlagandi. Natijada qizning hayoti nazoratdan chiqdi. Brenda ulkan pullarni hashamatli kechalar, uzluksiz dam olishlar, avtomobil va kokainlar uchun sarflardi.

2004-yili, ya’ni oradan ikki yil o‘tib, lotereyada millionlab pul yutgan buvaning nabirasini o‘lik holda topdilar. Ajal sababi giyohvand moddani haddan ziyod ko‘p iste’mol qilganlikda edi.

Qisqasi, janob Uitakker ikki yil ichida jami pullari va yaqin insonlaridan ayrildi, biznesi barbod bo‘ldi. U jurnalistlarga intervyu berar ekan, 2002-yildagi Rojdestvo bayrami hayotini do‘zaxga aylantirganini tan oldi.

Jek Uitakker: hammasiga nuqta qo‘yildi...

«Agar o‘tmishga qaytganimda o‘sha lotereya chiptasini yirtib tashlardim», – dedi g‘amga botgan qariya.

 Boshqa yutuqlar egalari

1989-yilda michiganlik Villi XertLansinning lotereya chiptasiga 3 000 000 dollar pul yutug‘i chiqdi. Ammo ikki yildan so‘ng u bor-yo‘g‘idan judo bo‘ldi va qotillikda ayblandi. Advokatining aytishicha, Villi barcha pullarini xotini bilan ajrashishi uchun sarflagan.

Michiganda istiqomat qiluvchi yana bir fuqaro Charlz Riddl Belvillning 1975-yildagi lotereya chiptasiga 1 000 000 dollar pul yutug‘i chiqdi. Keyinroq u xotini bilan ajrashdi, bir necha marta sud oldida javob berdi. Ko‘p o‘tmay, kokain sotishda ayblandi.

Missuri shtatidagi Janayt 18 000 000 dollarlik lotereya yutug‘iga ega bo‘ldi. U saxovatparvar bo‘lib, pullarini siyosatchilarning ta’lim olishlari va tashabbus ko‘rsatishlari uchun berdi. Biroq oradan sakkiz yil o‘tib, o‘zini kasodga uchragan deb e’lon qildi. Janaytning ikkita bankdagi hisobida bor-yo‘g‘i 700 dollar pul qolgan, qo‘lida esa hemiri ham yo‘q edi.

Janubi-g‘arbiy oilalardan biri lotereya o‘yini chiptasi orqali 4 000 000 dollardan ziyod pul yutug‘iga ega bo‘ldi. Ular katta uy sotib olishdi, keyin esa qarindoshlariga qarzlarini uzish uchun yordam puli ajratdilar. Aynan ana shu uy, yana avtomobillar va qavm-qarindoshlar ularni bor-budidan judo qildi. O‘n bir yildan so‘ng er-xotin ajrashdi. Uy sotilib, puli bo‘lib olindi. Xotin kichkina uy xarid qildi, er bolalarining yoniga ko‘chib o‘tdi. Ularning, hatto hayotini sug‘urta qilgan hujjatlarni yangilash uchun ham pul to‘lashlariga to‘g‘ri keldi.

 Agar omad(sizlik) kelsa, nima qilish kerak?

Tasodifiy pullar instituti asoschisi Syuzen Bradley lotereyada pul yutug‘iga ega bo‘lganlarning shoshilinch qaror chiqarmasliklari hamda do‘stlari va qarindoshlarining talablaridan qochishlari uchun «qaror qilmaslik hududi» o‘rnatishni tavsiya qiladi.

Syuzen Bradley shoshilinch qaror chiqarmaslikni maslahat beradi.

– Bu paytda tanaffus qiling, hech qanday moliyaviy qaror chiqarmang, – deydi u. – Hatto pulni olmasdan tanaffus qilsangiz, yanada yaxshi. Bu qandaydir aksiya, zudlikda yangi uy sotib olish yoki yangi korxona ochish uchun qaror qiladigan vaqt emas. Mavjud vaziyat haqida jiddiy o‘ylab, moliyaviy masalalarda yordam beruvchi malakali mutaxassislarni topish kerak.

Bradleyning aytishicha, boylikka ega bo‘lgan kishilar ulkan uy sotib olishni 12 banddan iborat ro‘yxat bo‘yicha 1-o‘ringa qo‘yadilar. Sarmoya tikish esa 11-o‘rinni egallaydi.

– Agar siz tanaffus qilib, yaxshilab o‘ylab ko‘rsangiz, uy sotib olmaysiz, bunday qaroringiz oqibatini anglab yetasiz. Puli bo‘lmagan ko‘pgina kishilar katta uyda yashash qanchaga tushishini tushunmaydilar – binoning ichki bezaklari, soliq, sug‘urta, hatto kommunal to‘lovlar ham taqqoslab bo‘lmas darajada ulkan bo‘ladi. Shu bois bunday qaror chiqarishdan avval haqiqatning ko‘ziga tik qarashni o‘rganish kerak.

Umuman, lotereya o‘ynasangiz-u, katta pul yutug‘i chiqqan bo‘lsa, uni mablag‘ sifatida o‘zingiz tushunadigan biror ishga tiking. Sarflamang, balki yanada ko‘proq pul olib keladigan ishga yo‘naltiring.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети