Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

To‘rtta xotinga ruxsat beriladi, degan gap qayerdan chiqdi?

To‘rtta xotinga ruxsat beriladi, degan gap qayerdan chiqdi?

Foto: fishki.net

Davra suhbatlaridan birida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Sherzod Shermatovga savol berilgandi: «Yoshlar internetda turli bo‘lmag‘ur saytlarga kirishyapti. Buni cheklashning choralari ko‘rilyaptimi?».

Shunda soha rahbari bo‘lgan vazir shunday javob bergandi: «Ro‘zg‘orni oshpichoqsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kundalik hayotda bir kunning o‘zida yuzlab marta oshpichoqdan foydalanamiz. Ammo u jinoyatchi qo‘liga tushib qolsa, sovuq qurolga aylanishi mumkin. Internet ham xuddi shunday narsa — endi uning hayotimizdagi o‘rnini hech bir vosita bosa olmaydi. Ammo johillar undan g‘arazli maqsadlarda foydalanishlari hech gap emas».

Darhaqiqat, hozir bir kun internetsiz yashasak, barcha tizimlar ishida keskin orqaga ketish bo‘ladi. O‘zimiz kundalik hayotimizda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar xizmatidan keng foydalanamiz. Aynan ular axborot almashinuvida borgan sari ko‘proq o‘rin egallamoqda. Ammo ulardagi xabarlar har doim ham xolis va haqqoniy bo‘ladimi?

Tanishlarimdan ayrimlari «to‘rtta xotinga ruxsat berilarmish» deyishganda hazilga yo‘yib, miyig‘ida kulib qo‘ygandim. Keyin kimdir «shunaqa qonun loyihasi ko‘rilayotganmish, shu rostmi?» deb mutlaqo jiddiy so‘radi. Bu savolni bergan odam oldingilariga o‘xshamas, ziyoli inson edi. Unga bunday bema’ni gaplarga ishonmaslikni atroflicha tushuntirdim.

Eng qiziq savolni bir shifokor tanishim berdi — «Prezident to‘rtta xotin olishga ruxsat beribdi. Shu e’lon chop etilgan gazetani topib bera olasanmi? Topa olmasang shu qarorni o‘zing e’lon qil, ko‘pchilikni qiziqtiryapti axir». Shunda har bir kishiga tushuntirish naf bermasligini, bunday mish-mishlar urchiyverishini yaqqol anglab yetdim.

Albatta, men «Ko‘pxotinlilikka ruxsat berish kerakmi, yo‘qmi?» degan savolni o‘rtaga tashlab, bahs keltirib chiqarmoqchi emasman. Buni tahlil qilib, savolga aniq javob berguday ilmim ham yo‘q. Lekin bu gap shunchalik ko‘p tarqalayotgan ekan, axborot xurujining bu ko‘rinishi qanday paydo bo‘lishini tushuntirmoqchiman.

Turli davlatlarda to‘rttagacha xotin olishga qonun tomonidan ruxsat berilgani rost. Lekin ularning turmush tarzi biznikidan keskin farq qiladi. Ba’zan demokratik davlatlarda ham ayrim deputatlar ko‘pxotinlilikka ruxsat beruvchi qonun loyihalarini taqdim etib qolishadi. Lekin ularning mutlaq ko‘pchiligi bu orqali o‘ziga e’tibor qaratishni, shov-shuv keltirib chiqarishni istaydi.

Bizning tariximizda bunday deputat bo‘lmagan, qonun loyihasi-ku hech qachon ko‘rilmagan. Birinchi prezidentimiz hech qachon bu mavzuga jiddiy to‘xtalmagan.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kirishgan dastlabki vaqtlardayoq bu borada o‘zining qat’iy pozitsiyasini bildirgan, ko‘pxotinlilikning salbiy jihatlarini sanab o‘tgandi. Shunday ekan, prezidentdan bunday qarorni, yoki oddiyroq qilib aytganda ruxsatni kutish, bundan hadiksirash yoki «xursand bo‘lish» eng kamida kulgilidir.

Bu shunchaki axborot zamonidagi oddiy bir xuruj — zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanib, kimdir (kimlardir) hazil yoki ataylab tarqatilgan yolg‘onni mish-mishga, mish-mishni «do‘stona» yangilikka, yangilikni e’lon qilinmagan rasmiy xabarga aylantirmoqda.

O‘sha xabarga e’tibor bering - hatto yozilishidan uni tayyorlaganlar qanchalar savodsiz odamlar ekanligi yaqqol bilinib turibdiku. Hali ular prezident nomidan bunday safsatalarni tarqatishning javobgarligini bilmagan, jazo muqarrarligini anglab yetmagan ko‘rinadi.

Bu shunchaki axborot xuruji, muhimi bu safsatalarga ishonmaslik.

Aziz yurtdosh, bunday bema’ni gaplarga ishonmang, kimdandir eshitsangiz ham xato ekanligini tushuntiring, asossiz xabarlarni tarqatib, bu zanjirning bir xalqasiga aylanib qolmang!

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети