Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Аброр Зохидов

Alpomish zo‘rmi Dovudmi?

Alpomish zo‘rmi Dovudmi?

Foto: All-Armenia.com

Yaqinda qadimiy arman eposi asosida Nairi Zaryan yozgan “Dovud Sosuniy” asarini o‘qiy boshladim. Ta’kidlashim joiz, bu kitobni bolaligimda – taxminan o‘n yoshligimda ham to‘liq o‘qigan, mutolaadan rosa zavqlangan edim. Yillar o‘tib, qarashlar o‘zgarishi, dunyoviy va diniy ong shakllanishi tabiiy. Hozir bu kitobni o‘qishdan ko‘proq ensam qotmoqda.

Nima emish?

Emishki, avval Bag‘dod xalifasi, keyin Misr shohi arman hududiga bostirib kirarmish. Keyinchalik yurtning asl o‘g‘lonlari bo‘lgan to‘rt avlod – Sanosar va Bagdasar, Katta Mger, Dovud Sosuniy va Kichik Mgerlar arabu-turklarning rosa dodini berarmish. Shunchaki  jang qilib yengib qo‘ysa-ku mayli, har bir jang, har bir g‘alaba alohida mavzu – to‘la-to‘kis loflardan iborat. Bir qarasang, Sanosarning oti chiqargan nafasdan yuzlab otlar ag‘darilib ketsa, bir jangda Dovud ikkita terakni sug‘urib olib, ikki qo‘li bilan dushman qo‘shinlarini supurib tashlarmish, Mger butun dunyodan yig‘ilib kelgan shahzodalarni bir kurashdayoq yengib, sevganini olib ketarmish.  Bag‘dod ham, Misr ham o‘lpon to‘lashga, har yili o‘zining go‘zal qizlarini tortiq qilishga majbur qilinganmish.

Bu o‘lka qo‘shinlari balki biror jangda yenggan chiqarlar, lekin Bag‘dodu Misrni butkul egallab olganlariga hech ishongim kelmadi. Chunki arab davlatlarining armanlarga qaram bo‘lganidan bexabarman, ammo arab va turk imperiyalari juda katta hududlarni, jumladan Armanistonni ham fath etgani tarixda o‘z aksini topgan. Qizig‘i, dostonda aks etgan, arman yerlari, deya ta’riflangan hududlar hozirda ayni damda Turkiya tasarrufida. 

O‘ylab qoldim...

Balki bu shunchaki doston deguvchilar bordir. Ayni mana shu joyida nozik jihat kelib chiqadida. Avvalo, har bir dostonda milliy tarix va qisman haqiqat bo‘lishi lozim. Shundagina u bir millat haqida tasavvur paydo qiladi. Shundagina dostonlar milliy g‘ururni shakllantirish, yosh avlodda vatanga muhabbat hislarini o‘yg‘otishga xizmat qiladi.

“Dovud Sosuniy”ni o‘qirkanman, bizning “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlar ham kimlarningdir ensasini qotirar ekan-da, deb o‘ylab qoldim. Axir Alpomishimiz ham chinorlarni sug‘urib tashlaguvchi, tangani ming qadamdan urguvchi, boshqa yurtdan kelgichlarning dodini berguvchi emasmidi?

Albatta, tarix fani juda rang-barang. Aytish joizki, dunyo tarixi har bir davlat mafkurasiga va millatlar dunyoqarashiga ko‘ra turlicha yoritilgan. Kimningdir qahramoni kim uchundir olchoq bir obraz, kimdir odil va jahongir hukmdor deya alqagan shohni boshqa bir millat qonxo‘r zolim deya ta’riflaydi. Yodingizda bo‘lsa, Vladimir Putin Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurganida bu mamlakat prezidenti bilan bir o‘tovda uchrashgan, ikki davlat rahbari o‘rtasida Chingizxonning haykali turgandi. Bu bilan mo‘g‘ul prezidenti nima demoqchi bo‘lgani, ularning milliy g‘ururlarining asosi qayerda ekanligi ravshan. Rus tarixi nuqtai nazaridan esa Chingizxon dushmanlar ro‘yxatida Gitler bilan yetakchilikni talashadi...

Qissadan hissa degan joyiga keldik.

Dostonlarni har bir millat o‘zi uchun kuylab, o‘zi g‘ururlanib yurgani ma’qul, shekilli. Boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish, singdirishga urinish, aks ta’sir keltirib qo‘yishi mumkinga o‘xshaydi.

Nima demadingiz?

Muallifdan: maqola ko‘pchilik dostonlarda hayot haqiqati aks etmagani haqida bo‘lib, birodar arman xalqining milliy g‘ururini kamsitishga qaratilmagan, noto‘g‘ri talqindan tiyilishingizni so‘rayman.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети