Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy Qrim borasida keskin bayonot berdi

Zelenskiy Qrim borasida keskin bayonot berdi

«Rossiya har qancha zo‘r berib urinmasin, mag‘lubiyatga uchrashi muqarrardir. Agressor na Qrim va na Ukrainaning boshqa qismiga egalik qila oladi». Bu haqda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy qrim tatarlari badarg‘a qilinganining 79 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda gapirdi.

Ukraina prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qrim tatarlari majlisi vakillari bilan uchrashuvda sho‘ro davrida sodir etilgan mudhish jinoyat – genotsid aslo unutilmasligi ta’kidlangan.

«Yuz minglab odam begona o‘lkalarga surgun qilingan. Butun boshli xalqni boshpanasidan mahrum etib, Qrimdagi jonli tarixni yo‘q qilishga uringanlar», – degan V.Zelenskiy. 

Ukraina prezidentiga ko‘ra, sho‘ro hukumati qrim tatarlarining deyarli yarmini qirib tashlagan, omon qolganlari esa o‘n yillar mobaynida surgunda yashashga mahkum etilgan.

Siyosatchi oradan vaqt o‘tib, Qrim Rossiya tomonidan yana bosib olinganini qayd etar ekan, bu gal yovuzlikning qo‘li baland kelmasligiga ishonch bildirgan.

Zelenskiy bilan muloqotda qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jamilov ham qatnashgan. U qrim tatarlari Ukraina prezidentining bosib olingan hududlar ozod etilmagunicha Rossiya bilan muzokara o‘tkazilmasligi xususidagi bayonotiga katta umid bildirayotganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan 79 yil oldin, 1944 yil 18 may tunida sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi.

Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan operatsiya o‘sha yilning iyunida yakunlangan. Turkiy qavmning ko‘plab musibatlarga duch bo‘lgan vakillari asosan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan qo‘nim topgan. Sho‘ro davlati qrim tatarlari yarimorolni tark etgach, ularning tarixiy xotirasini o‘chirishga harakat qilgan.

1989 yilning noyabrida SSSR Oliy soveti qrim tatarlarining surgun etilishini jinoyat deb tan olgan.

2015 yili Ukraina Oliy radasi ushbu tarixiy fojiani rasman genotsid deya e’lon qilgan.

Qrim 2014 yil 21 aprelda Rossiya tomonidan ishg‘ol etilganidan keyin ham mahalliy aholiga nisbatan bosimlar bo‘layotgani aytiladi.

Avval xabar berganimizdek, ushbu jafokash millat yetakchisi, uzoq yillar O‘zbekistonda yashagan Mustafo Jamilov tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring