Zelenskiy ozod qilingan orolga bordi
Rossiya bilan urush boshlanganining 500-kunida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qora dengizdagi Ilon oroliga tashrif buyurdi.
Zelenskiy bu orolni «g‘alaba maskani» deb atadi va orolda halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
«Men o‘tgan 500 kun uchun mana shu g‘alaba joyidan har bir askarga: qurolli kuchlarimiz, razvedka xodimlarimiz, Milliy gvardiyamiz, chegarachilarimiz, Ukraina xavfsizlik xizmati, Milliy politsiyamiz, aloqachilarimizga rahmat aytmoqchiman. Ukraina uchun kurashayotgan barchaga minnatdorlik bildiraman», — dedi Zelenskiy videomurojaatida.
Ukraina rahbari Qora dengiz o‘rtasida joylashgan kichik orol — Ukraina o‘z hududining har bir qarichini qaytarishiga yaqqol misol ekanini ta’kidlagan.
Qora dengizdagi Ilon oroli 2022 yilning fevralida Rossiya nazoratiga o‘tgan va o‘sha yilning iyun oyi oxirida Ukraina uni qaytarib olgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter