Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YuNISEF va ITB bolalarni himoya qiluvchi xayriya jamg‘armaga asos soldi

YuNISEF va ITB bolalarni himoya qiluvchi xayriya jamg‘armaga asos soldi

YuNISEF va Islom taraqqiyot banki (ITB) gumanitar yordamga muhtoj millionlab bolalarga yangi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Umumjahon musulmon xayriya jamg‘armasiga asos soldi.

Bu BMT va ITB birgalikda tashkil etgan ilk musulmon xayriya jamg‘armasi hisoblanadi. Jamg‘arma musulmon xayriya faoliyatining turli shakllari, shu jumladan, zakot kabi majburiy sadaqalar va vaqf fondlari kabi ixtiyoriy moliyaviy ko‘maklarni birlashtirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida zakot uchun ajratmalar miqdori 600 milliard dollargacha yetadi.

Jamg‘arma Islom taraqqiyot banki tomonidan boshqariladi. U xususiy va jamoat fondlari, zakot agentliklari va jismoniy shaxslar bergan mablag‘larni o‘zida mujassamlashtiradi.

Jamg‘arma Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 57 mamlakatga mablag‘ ajratadi. Uning dasturiga ta’lim, salomatlik, suv va sanitariya, bolalarni himoya qilish, yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi yordamlar kiradi.

«Bugun global miqyosdagi insonparvarlik yordamlariga ehtiyojlar kundan-kun ortib bormoqda, – deydi Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Xayjar. – Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda qariyb 184 million kishi, shu jumladan, 89 million bola gumanitar yordamga muhtoj kishilar sifatida ro‘yxatga olingan. Unutmasligimiz kerak-ki, bugungi notinch xalqaro siyosiy jarayonlarda eng ko‘p bolalar jabr ko‘rmoqda. Urush bo‘layotgan nuqtalarda bolalar deyarli har kuni zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, kasalliklarga uchrayapti. Shuning uchun bizga Islom moliyasi kabi shoshilinch va innovatsion yechimlar kerak ».

«Har bir bola yashash va kamol topish huquqiga ega, ammo mojarolar va boshqa favqulodda vaziyatlar bolalarning bu huquqlarini inkor etmoqda, – deydi YuNICEF ijrochi direktori Xenriyetta For. – Mamlakatlardagi favqulodda dasturlar YuNISEFning gumanitar yordamga bo‘lgan ehtiyojining uchdan ikki qismini tashkil qiladi, xolos. Islom taraqqiyot banki bilan yangi hamkorlik bizning yordamimizga muhtoj bolalarga ko‘maklashish bo‘yicha harakatlarimizni tezlashtiradi».

Jamg‘armaning yetakchi sarmoyadorlaridan biri Abdul Aziz al-Gurair uch yil davomida jamg‘arma uchun 10 million dollar xayriya qilishini bildirdi. Bu mablag‘ Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi qochqinlar uchun ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

«Bolalar uchun Umumjahon musulmon xayriya jamg‘armasi islomiy xayriya faoliyatidagi muhim va juda zarur tashabbusdir, global miqyosda bolalar va yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi Abdul Aziz al-Gurair. – Biz jamg‘armaga kiritgan sarmoyamiz orqali qochqinlarning farzandlari uchun ham sifatli ta’lim imkoniyatlarini ta’minlashga yordam beramiz».

Manba: azon.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring