Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yolg‘on sanoati». Turkiya prezidenti devoni vakili virtual olamdagi jiddiy xatardan ogohlantirdi

«Yolg‘on sanoati». Turkiya prezidenti devoni vakili virtual olamdagi jiddiy xatardan ogohlantirdi

Faxriddin Altun. Foto: AA

Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun global kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi tartibot yaratish lozimligini ta’kidladi. Bu haqda u Istanbulda bo‘lib o‘tgan Strategik aloqalar bo‘yicha xalqaro sammitda (Stratcom Summit’21) gapirdi.

Professor Altun global axborot makoni, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda raqamli xaos va anarxiya vujudga kelganini xavotir ila qayd etar ekan, zudlik bilan tartib o‘rnatilmasa, vaziyat yanada qaltislashuvidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, virtual muhitda adolatli tartib-qoidani shakllantirish uchun avvalo kibermakondagi davlatlar va jamiyatlar o‘rtasidagi tengsizlikni bartaraf etish kerak bo‘ladi. F.Altunga ko‘ra, afsuski, ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qiluvchi yirik shirkatlar faqat moddiy manfaatni o‘ylab, ko‘pincha tengsizlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Shunga ko‘ra, u axboriy shirkatlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirishga undagan.

«Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on dunyo hamjamiyatining taqdiri BMT Xavfsizlik kengashining doimiy besh a’zosi pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lib qolishi xato ekanini ta’kidlab kelmoqda. Kibermakondagi vaziyat ham o‘zgarmog‘i lozim. Ijtimoiy tarmoqning 3-5 ta «baron»lari ta’sirini yo‘qqa chiqarish vaqti keldi. Turkiya global kiberxavfsizlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga hissa qo‘shmoqqa tayyor», — dedi Turkiya prezidenti devoni vakili.

F.Altun, shuningdek, virtual makondagi axboriy urush va xurujlar real hayotda ham to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkinligidan bahs etdi.

«Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar radikallashuvga olib kelayotgani, o‘ta o‘ng kuchlar tegirmoniga suv quyayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘ldik. Shu bois ham virtual makondagi «qaroqchilik»ni to‘xtatish, jinoiy guruhlarga qarshi kurashish, josuslik, sabotaj holatlarining oldini olish kerak. Bu esa barcha davlatlarning mushtarak vazifasidir», — dedi F.Altun.

Turkiya prezidenti devoni vakiliga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda yolg‘on sanoati avj olgan bugungi davrda odamlarda tanqidiy yondashuv va mediasavodxonlikni shakllantirish ham muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.

Bundan avvalroq professor F.Altun dunyo bo‘ylab muqaddas islom dinini obro‘sizlantirish va yomonotliq qilishga urinishlar kuchayotganidan ogohlantirib, yanglish qarashlarga barham berish uchun OAV kuchidan samarali foydalanishga chorlagan edi.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili dunyo matbuoti gigantlaridan biri – The New York Times gazetasi F.Altunning e’tirozli maktubi ortidan o‘z xatosini to‘g‘rilagandi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring