Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya TIV Markaziy Osiyo bilan hamkorlik istiqbolini yuqori baholadi

Yaponiya TIV Markaziy Osiyo bilan hamkorlik istiqbolini yuqori baholadi

Ertaga, 9 avgust kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu muhim siyosiy hodisa munosabati bilan Yaponiya tashqi ishlar vazirligi videorolik tayyorladi. 

Videolavhada tarixan Buyuk ipak yo‘li yuragida joylashgan Markaziy Osiyoning besh mamlakati bugun boy tabiiy boyliklari va energiya manbalari tufayli shiddat bilan rivojlanayotgani qayd etilgan.

Rolikda nafaqat iqtisodiy, siyosiy aloqalar, balki insonlararo robitalar ham muhimligi urg‘ulangan.

Ta’kidlanishicha, Yaponiya mintaqa davlatlari bilan turli sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashirish niyatida va bu borada «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqot formati katta o‘rin tutadi.

Mazkur muloqot formati ta’sis etilganiga bu yil 20 yil to‘lmoqda. Yaponiya sobiq tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguchining 2004 yil 26 avgustda Toshkentga tashrifi chog‘ida tashkil etilgan ushbu noyob format Kunchiqar o‘lka va Markaziy Osiyoning beshta davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda samarador platformaga aylandi.

Hozirga qadar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining tashqi ishlar vazirlari darajasida to‘qqizta uchrashuvi o‘tkazilgan. Qisqa va o‘rta muddatli vazifalarni belgilab bergan «Harakat rejasi» tasdiqlangan. Xususan, 2022 yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi yig‘ilishda Kunchiqar o‘lka mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda ishonchli hamkor ekani, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti, sanoat va infratuzilma modernizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlangan.

Joriy yil boshida Toshkentda tashkil etilgan O‘zbekiston–Yaponiya biznes forumida ta’lim, axborot texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarida 14 ta hujjat imzolangan.

«Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida yetakchilar qatorida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kicida ishtirok etadi. Avval xabar berganimizdek, Yaponiya hukumati rahbari mintaqaga safari doirasida O‘zbekistonga ham tashrif buyuradi.

O‘zbekiston TIVning «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, Ostonada davlat rahbarlari darajasida bo‘lib o‘tadigan«Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammiti so‘nggi yigirma yillikdagi munosabatlarni sarhisob qilish, shuningdek, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda turli sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklik strategiyasi va yangi yo‘nalishlarni belgilab olish imkonini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring