Yangi tayinlangan hokim ko‘pchilik ko‘z o‘ngida tarsaki yedi
Eron tarkibidagi Sharqiy Ozarboyjon viloyatining yangi hokimi Obiddin Xurramga ko‘pchilik ko‘z o‘ngida hamla qilindi. Ko‘ngilsiz hodisa yangi hokimning tanishtiruv marosimida yuz bergan.
Obiddin Xurram viloyat rahbari sifatida ilk bor nutq so‘zlayotgan paytda kutilmaganda sahnada paydo bo‘lgan noma’lum erkak uning yuziga tarsaki tushirgan. Muxolifi yana hamla uchun yaqinlashgan paytda mansabdor o‘zini himoya qilib qolgan. Bu orada xavfsizlik xodimlari yetib kelib huquqbuzarni olib chiqib ketganlar.
“The Guardian” nashri hujum qilgan shaxs ilgari Obiddin Xurramning qo‘l ostida ishlagan xodim ekanini aniqladi. Shunga ko‘ra, hujum shaxsiy xusumatga ko‘ra sodir etilgani taxmin qilinmoqda.
O.Xurram Sharqiy Ozarboyjon viloyati hokimi lavozimiga tayinlangunga qadar, 4 yil davomida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining mazkur muzofotdagi qo‘mondoni vazifasida faoliyat yuritgan.
Siyosatdonlar faoliyatida bu kabi dilxiraliklar onda-sonda bo‘lsa-da ro‘y berib turadi. Masalan, joriy yil 8-iyun kuni Fransiya janubi-sharqidagi Drom departamentiga safar qilgan prezident Emmanuel Makronga Damen Tarel ismli shaxs tarsaki tushirgan. Avval xabar qilganimizdek, ushbu shaxs to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sudlanuvchi mahkama jarayonida Makronning yuziga tarsaki tortganini tan olsa-da, qilmishidan tavba qilmagan.
2010-yilda esa Tomsk viloyati gubernatori Viktor Kressga jamoatchilik guvohligida tarsaki tushirgan Sergey Zaykov ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
AQSh prezidenti Jorj Bush (2001-2009) 2008-yil dekabr oyida Iroqqa qilgan safarini bir umr unutmasligi aniq. Chunki o‘shanda nafaqat Bush, balki dunyo jamoatchiligi yodida qolgan janjalli voqea ro‘y bergan. Bag‘dodda tashkil etilgan matbuot anjumanida mahalliy jurnalist Muntazar az-Zaydiy Iroqdagi urush va xunrezliklarga norozilik ifodasi sifatida Oq uy sohibiga o‘z oyoq kiyimini uloqtirgan. Muntazar az-Zaydiy huquqbuzarlik sabab muayyan muddatga qamalgan, albatta, ammo aksar iroqliklar uni qahramon o‘laroq qabul qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter