Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir mash’um rekord qayd etildi

Yana bir mash’um rekord qayd etildi

2022-yilda dunyo bo‘ylab harbiy ziddiyatlarda 238 ming kishi halok bo‘ldi. Qarorgohi Avstraliyaning Sidney shahrida joylashgan Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti hisobotida qayd etilishicha, XXI asr boshlanganidan buyon urushlarda bu qadar ko‘p inson bevaqt hayotdan ko‘z yummagan edi.

O‘limlar soni oshgani sabablaridan biri Ukraina urushidir. Rossiyaning qo‘shni o‘lkaga bosqini oqibatida o‘tgan yili 83 ming kishi halok bo‘lgan. Efiopiyadagi qirg‘inbarotlarda esa jahon bo‘ylab eng ko‘p o‘lim ko‘rsatkichi (100 ming) qayd etilgan.

2022-yilda harbiy ixtiloflar jahon ishlab chiqarishi hajmini qariyb 13 foizga qisqartirgan.

Xalqaro institut xulosasiga ko‘ra, global tinchliksevarlik darajasi ketma-ket to‘qqiz yildan buyon quyiga sho‘ng‘imoqda. Ekspertlar harbiy ziddiyatlar tobora baynalmilal tus olayotganiga ham e’tibor qaratgan. Ayni vaqtda sayyoramiz bo‘ylab 91 mamlakat turli harbiy ziddiyatlarga aralashgan. 2008 yilda 58 davlat qurolli ixtiloflarda ishtirok etgan edi.

Global tinchliksevarlik indeksi keyingi yillarda urushda biror bir tomonning g‘alaba qozonishi tobora mushkullashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, Yaman va Suriyada 9 va 12 yildan buyon ixtiloflar davom etmoqda, ammo hali biror bir tomonning qo‘li baland kelishi haqida aniq gap aytish amrimahol.

Islandiya dunyodagi eng tinch mamlakat deb topilgan bo‘lsa, Afg‘oniston 8 yildan buyon eng beqaror o‘lka bo‘lib qolmoqda. Yaman, Suriya, Janubiy Sudan va Kongo Demokratik Respublikasi ham urush olovi lovillab turgan mamlakatlar sanaladi.

Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti tadqiqotiga qaraganda, 2022-yilda harbiy ziddiyatlar dunyo mamlakatlariga 17,5 trillion dollarga tushgan. Bu jahon YaIMning 12,9 foizi deganidir. Agar ushbu mablag‘ ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotni rivojlantirishga sarflanganida, insoniyat hayoti ancha farovonlashgan bo‘lar edi, deb hisoblaydi tadqiqot mualliflari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring