Xitoy rahbari AQSh mulozimi oldida Putinga yoqmaydigan bayonot berdi
Bugun, 19 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Pekinda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi. The Washington Post nashri xabariga ko‘ra, uchrashuv 35 daqiqa davom etgan.
Szinpin Blinkenga Xitoy Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlab, Vashingtondan ham Xitoy manfaatlariga zid ish tutmaslikni so‘ragan.
Blinkenning Pekinga tashrifi ikki yirik davlat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Aslida, Chin o‘lkasiga safar joriy yil fevralda o‘tishi rejalashtirilgan edi. Ammo Qo‘shma Shtatlar hududida Xitoyga qarashli aerostat – havo shari josuslik ashyosi sifatida urib tushirilgach, tashrif keyinga qoldirildi.
Ikki kunlik tashrif davomida AQSh davlat kotibi Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan va Kompartiyaning tashqi siyosat bo‘yicha yuqori martabali mulozimi Van I bilan muzokara o‘tkazgan. Sin Gan muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar 1979 yildan buyon eng quyi darajaga tushganini qayd etgan. Xitoy tomoni Tayvan masalasini eng og‘riqli muammo deb atab, bu borada murosaga borilmasligini uqtirgan.
Davlat kotibining Xitoy rahbari bilan uchrashuvi so‘nggi soatlarga qadar aniq emas edi. Ushbu faktning o‘ziyoq Vashington–Pekin munosabatlari nechog‘li sovuqlashganini tasdiqlaydi.
Rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov Szinpin Blinken bilan uchrashuvda prezident Vladimir Putinga yoqmaydigan fikr bildirganiga e’tibor qaratgan.
Szinpin amerikalik mulozim bilan suhbatda insoniyat kelajagi Xitoy va AQShning o‘zaro til topishib yashashiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
«Bu Xitoyning XXI asrda dunyo yetakchiligi yo‘lidagi ochiq da’vosigina emas, ayni choqda, Kremlga, Putinga aniq ishora hamdir – yaqin istiqbolda Pekin va Vashingtonga qarab odim otish taklif etilayotir. Bu Rossiyaning tamaddun davlati sifatida chetga surilishini ham anglatadi», – deb yozadi A.Dubnov.
Tahlilchi yaqin muddatda Pekin Vashington bilan Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Moskvaga u qadar xush kelmaydigan kelishuvga erishishini ham istisno qilmagan.
A.Dubnov Rossiya propagandasi har qanday vaziyatda ham sir boy bermay, AQSh va Xitoy tandemi Moskva va Pekinning strategik hamkorligiga soya solmasligini tarannum etishini qo‘shimcha qilgan.
Davlat kotibi Blinken Jo Bayden prezidentligi davrida Xitoyga tashrif buyurgan eng yuqori martabali mulozim ekani aytilmoqda. Amerika bosh diplomatining tashrifi ikki davlat o‘rtasida Ukraina bosqini borasida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelgan sharoitda o‘tdi.
Aslida, Pekin hamda Vashington o‘rtasidagi munosabatlar prezident Tramp boshqaruvi davrida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy ziddiyatlar, Honkongda inson huquqlari buzilishi va COVID-19 pandemiyasi sabab sovuqlashdi. Xususan, COVID-19 vaksinasini o‘g‘irlashga urinish vajidan jiddiy diplomatik ziddiyat yuzaga keldi.
Xitoy josuslarining prezident Bayden ma’muriyatiga ta’sir ko‘rsatish uchun qat’iy suratda sa’y-harakat qilayotgani haqidagi xabarlar ham tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatdi.
Pirovardida AQSh Xitoyni ochiq-oshkora o‘rta va yaqin istiqbolda mamlakat uchun asosiy tashqi tahdid deb atadi.
Keyinroq Vashington Pekinga texnologiya sohasida «urush ochdi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter