Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy oltin zaxirasining misi chiqdi — 83 tonna mis...

Xitoy oltin zaxirasining misi chiqdi — 83 tonna mis...

Foto: «Reuters»

Xitoyning zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi — «Wuhan Kingold Jewelry» qalbaki oltin quymalaridan foydalangani fosh etildi.

Kompaniya ularni kredit va ssudalar olishda ishlatgan. Firibgarlik badalni vaqtida ololmagan kreditorlardan biri — «Dongguan Trust» o‘z mulkini (oltinlarni) sotishga qaror qilganidan keyin yuzaga qalqib chiqdi.

«Wuhan Kingold Jewelry» oltin quymalari tekshirilayotganini eshitib, boshqa qarz beruvchilarning ham paytavasiga qurt tushdi. Tekshirib ko‘rishsa, bu quymalarning barchasi oltin suvi yugurtirilgan mis ekan.

«Wuhan Kingold Jewelry» kompaniyasining jami 83 tonna shunaqa «oltini» aniqlandi — bu mamlakat oltin zaxirasining 4,2 foizi demakdir. Shu oltin (aslida mis)larni garovga qo‘yish hisobidan kompaniya 2013-yildan beri 20 mlrd. yuan (2,8 mlrd. AQSh dollari) miqdorida moliyaviy quvvatga ega bo‘lgan.

Tarixdagi eng yirik qalbaki oltin voqealaridan biriga yanayam dramatik ohang beradigan jihatlardan biri shuki, uxanliklarning oltinini davlat sug‘urta kompaniyasi — «PICC Property and Casualty» sug‘urtalagan.

«Wuhan Kingold Jewelry» firibgarligining fosh bo‘lishiga aslida sarmoyani omadsiz yo‘naltirishi sabab bo‘lgan. Kompaniya avtomobillarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi xususiylashtirilayotgan «Tri-Ring» kompaniyasiga 2018-yili pul tikadi. Buning uchun kerakli pulni (7 mlrd. yuan) qalbaki oltinlarini garovga qo‘yish evaziga oladi. Biroq keyinchalik «Tri-Ring»da koruppsion mojaro kelib chiqishi ortidan xususiylashtirish jarayoni muzlatib qo‘yiladi, pullarini qaytarib olishga ulgurmagan «Kingold» o‘z qarz beruvchisiga vaqtida javob bera olmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring