Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy AQShni ogohlantirdi

Xitoy AQShni ogohlantirdi

Xitoy AQSh tomonidan boj miqdori oshirilishiga rasmiy munosabat bildirib, savdo urushida g‘olib bo‘lmasligidan ogohlantirdi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp 1 fevraldan Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga boj to‘lovini 10 foizga oshirdi. Oq uy bu qarorini savdo defitsitini qisqartirish va noqonuniy migratsiya hamda narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash maqsadlari bilan asoslagan.

«Xitoy ushbu qadamni qat’iy sur’atda qoralaydi, unga qarshi chiqadi hamda o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida zaruriy javob choralarini ko‘radi. Xitoyning pozitsiyasi qat’iy va izchil. Savdo va boj urushlarida g‘olib bo‘lmaydi. AQSh tomonidan tariflarning bir tomonlama oshirilishi Jahon savdo tashkiloti qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi sanaladi. Bu qadam AQShdagi ichki muammolarni hal etmaydi va muhimi, tomonlarning hech biriga, ayniqsa, dunyoga foyda keltirmaydi», – deyiladi Xitoy tashqi ishlar vazirligi tarqatgan rasmiy bayonotda.

Xitoyda giyohvandlik moddalari tarqalishiga qarshi qat’iy kurash olib borilayotganini urg‘ulagan mamlakat TIV rasmiy vakili AQSh hukumatini xatosini to‘g‘rilashga chaqirgan.

Tramp tomonidan nafaqat Xitoy, balki Kanada va Meksikaga nisbatan ham boj miqdori oshirilishi tahlilchilar tomonidan savdo urushining boshlanishi deb baholanmoqda.

Qayd etish joizki, Vashington Pekinga qarshi savdo urushini avvalroq boshlagan. Jumladan, 2022 yilda AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jo Bayden Xitoyga sun’iy intellekt yo‘nalishidagi tadqiqotlar uchun chiplar sotishni taqiqlagan edi.

Aslida, Pekin hamda Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Trampning birinchi prezidentlik davrida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy ziddiyatlar, Honkongda inson huquqlari buzilishi va COVID-19 pandemiyasi sabab sovuqlashgandi. Xususan, COVID-19 vaksinasini o‘g‘irlashga urinish vajidan jiddiy diplomatik ziddiyat yuzaga kelgandi.

Xitoy josuslarining Oq uyga ta’sir ko‘rsatish uchun qat’iy suratda sa’y-harakat qilayotgani haqidagi xabarlar tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatgandi.

Pirovardida AQSh davlat kotibi Xitoyni ochiq-oshkora o‘rta va yaqin istiqbolda mamlakat uchun asosiy tashqi tahdid deb atagandi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlangach, AQSh va Xitoy munosabatlari yanada taranglashgan. Vashington Pekinni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Pekin Vashington manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlab, Vashingtondan ham Pekin manfaatlariga zid ish tutmaslikni so‘ragani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring