Xatarli reja bu gal isroillik yuqori martabali general tilida yangradi
Isroil siyosiy doiralarida G‘azo sektoridan falastinliklarni badarg‘a qilish va u yerga yahudiy oilalarini joylashtirish rejasi tobora qat’iy ohangda muhokama qilinmoqda. Bu gal ushbu xatarli taklif Knessetning (Isroil parlamenti) milliy xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Svika Fogel tilida yangradi.
«Isroil yahudiylar G‘azo sektori shimoliga joylashganidan keyingina urushni yakunlashi lozim. O‘z ixtiyori bilan (G‘azoni) tark etadiganlarni moddiy rag‘batlantirishga tayyorman», – degan deputatlikka qadar uzoq yillar mudofaa tizimida faoliyat yuritgan brigada generali Svika Fogel.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon muttasil bombardimon qilinayotgan G‘azo aholisiga Isroilning mutaassib kayfiyatdagi amaldorlari hududni tark etish va qo‘shni Misrdan panoh topishni taklif etmoqda.
Xususan, moliya vaziri Betsalel Smotrich falastinliklarni G‘azoni tark etishga chaqirgan. Falastin ahliga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrichga ko‘ra, G‘azoda 100-200 ming chog‘li arabni qoldirib, ikki million aholini ko‘chirish kerak.
Bir muddat avval Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma’muriyati vaziyatdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.
Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgan.
«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, sionistlarning «Yersiz xalq uchun xalqsiz yer» degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va G‘azo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydi», – degan doktor Javad Muhammad Avad.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos na G‘azodan, na G‘arbiy sohildan aholini ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.
HAMAS harakati Isroil mulozimlarining falastinliklarni ko‘chirish haqidagi taklifini harbiy jinoyat va agressiya deb baholagan.
Tahlilchilar G‘azo aholisining ko‘chirilishi ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan ogohlantirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter