Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vulqon ostida qolgan shaharda ikki ming yillik osori atiqalar topildi

Vulqon ostida qolgan shaharda ikki ming yillik osori atiqalar topildi

Foto: Reuters

Arxeologlar Italiyaning qadimiy Pompey shahri hududida idish-tovoq va ro‘zg‘or anjomlariga to‘la xonalarni topishdi, deb xabar berdi Reuters agentligi. Yangi topilmalar milodiy 79-yilda Vezuviy vulqoni ostida qolgan ko‘hna shahar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berishi bilan qimmatlidir.

Sandiq, karavot, shkaf kabi anjomlar, sopol va bronza idishlar xonadon egalari o‘rta tabaqaga mansub ekanidan dalolat beradi. Devoriga qush, o‘simlik hamda ov suratlari tushirilgan xonalar ham pompeyliklarning ijtimoiy maqomi haqida tasavvur uyg‘otadi.

Pompey arxeologik parki direktori Gabriel Suxtrigelning «Euronews»ga hikoya qilishicha, salkam 2000-yilli tarixga ega uy anjomlari yaxshi saqlangani bilan diqqatni tortadi.

Jihozlarning joylashuvi esa uy egalari vulqon harakatga kelgan vaqtda boshpanasini oshig‘ich ravishda tark etganiga shohidlik beradi. Chinni idishlar, sopol buyumlar hamda bronza anjomlar alohida tadqiq etilishi ko‘zda tutilgan.

79-yili Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida Rim imperiyasining Pompey, Gerkulanum, Stabiy kabi shaharlari yakson bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida bir necha o‘n ming kishi halok bo‘lgani aytiladi. Manbalarga ko‘ra, vulqon otilgan paytda Xirosimada atom bombasi portlaganidan bir necha barobar kuchli issiqlik energiyasi yuzaga kelgan. Vulqon ostida qolgan Pompeyda arxeologik qazishmalar 1860-yildan boshlangan. Zamonaviy Neapol yaqinidagi qadimiy shahar xarobalari Italiyaning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlari sirasiga kiradi.

Avvalroq Pompey yaqinidagi qishloq hududida boy va qul jasadlari topilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring