Ichki ishlar vaziri kansler Angela Merkelga «gustohlik» qildi (video)
Germaniya ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer o‘z rahbari – kansler Angela Merkel bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortdi.
Bild nashri e’lon qilgan videolavhada Merkelning Zeyehoferga ko‘rishish uchun qo‘l uzatgani, ammo vazir buni xushmuomalalik ila rad etgani, qo‘li havoda muallaq qolgan hukumat rahbari esa sarosimali kulib qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Qayd etilishicha, ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer hukumat rahbariga «gustohlik» qilib bo‘lsa-da, shifokorlarning koronavirusdan ehtiyot bo‘lish borasidagi tavsiyalariga amal qilishga uringan.
So‘nggi kunlarda Germaniyada koronavirus shiddat bilan yoyilmoqda. Masalan, 29 fevral kuni mamlakatda 66 nafar virusga chalingan bemor ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2 mart kuniga kelib ular soni 150 nafarga yetdi.
Berlin universiteti qoshidagi Virusologiya instituti direktori, professor Kristian Drosten aholining salmoqli qismi ushbu dardga chalinishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Xabarlarga ko‘ra, koronavirus xatari olmon jamiyatida sarosima va xavotir uyg‘otgan. Aholi ommaviy ravishda tibbiy niqob, gigiyenik gel va hojatxona qog‘ozi sotib olishga kirishgan. Do‘konlardan katta miqdorda konserva, makaron va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinmoqda. Aholi muhofazasiga mas’ul federal agentlik fuqarolarni sarosimaga tushmaslikka chaqirgan va xonadonlarda 10 kunga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash kifoya ekanini uqtirgan.
Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan mamlakatga kirish-chiqish cheklanishi yoki sarhadlar yopilishi kabi choralar ko‘zda tutilmaganini ma’lum qilgan. Vazirga ko‘ra, mavjud vaziyat bunday chora-tadbirlarni taqozo etmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter