Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vatan madhiyasi sotilmaydi!» – Mo‘may mukofotdan voz kechgan millatparvar shoir

«Vatan madhiyasi sotilmaydi!» – Mo‘may mukofotdan voz kechgan millatparvar shoir

Foto:«AA»

Turkiya Respublikasi davlat madhiyasi – Istiqlol marshi qabul qilinganiga roppa-rosa 100 yil bo‘ldi. Atoqli turk shoiri Mehmet Akif Ersoy qalamiga mansub madhiya matni 1921-yil 12-mart kuni Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi tomonidan ma’qullangan edi.

Ushbu yirik sana munosabati bilan Anqarada tashkil etilgan anjumanda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istiqlol marshi zulm, istibdod va haqsizlikka qarshi kurashda xalqqa kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlaganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Istiqlol marshi bugun ham qo‘lida bayroq tutgan, qalbida takbirni takrorlagan turk vatandoshlarini bir tanu bir jon etishga ko‘mak bermoqda.

2021-yil mamlakatda Milliy madhiya yili deb e’lon qilingani ham bejiz emas. Ushbu qaror Turkiya parlamentidagi turli siyosiy qarashdagi besh siyosiy partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bu esa milliy madhiya 84 million nufusli aholini yagona bayroq ostida birlashtiruvchi qadriyat ekanining yana bir tasdig‘idir.  

Istiqlol marshining bir asrlik to‘yiga o‘zbekistonlik san’atkorlar ham o‘ziga xos tuhfa hozirladi.  O‘zbekiston xalq artisti, mohir g‘ijjakchi Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi ijodiy jamoa hurriyat madhiyasi kuyini maromiga yetkazib ijro etdi.

Madhiyaning yozilish tarixi ham qiziq. 1921-yili Turkiya maorif vazirligi milliy madhiya matni bo‘yicha shoirlar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi. G‘olibga esa 500 lira mukofot va’da qilinadi. Tanlovda ko‘plab qalamkashlar ishtirok etadi, ammo ular orasida millat madhiyasi muallifi bo‘lishga loyiq ijodkor yo‘q edi. Nihoyat, hammaslaklarining iltimosiga ko‘ra, shoir Mehmet Akif Ersoy  ham tanlov hay’atiga bugun davlat madhiyasi sifatida kuylanadigan she’r matnini yuboradi. Har jihatdan to‘kis yozilgan she’r g‘olib deb topiladi. Manbalarda yozilishicha, millatparvar shoir «Millatimga muhabbat ramzi o‘laroq yozgan she’rimga mukofot tama qilsam, men qanday shoir bo‘ldim?! Vatan madhiyasi sotilmaydi-ku!» deya she’r uchun va’da qilingan 500 lira mukofotni rad etadi. O‘shanda shoir «Alloh bu millatga ikkinchi bor Istiqlol madhiyasi yozishni ravo ko‘rmasin!» deya mamlakat ozodligi abadiy bo‘lishini tilagan edi.

O‘tgan asrning 20-yillari boshida Turkiya tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgan edi. Bir necha asr davomida dunyoning qudratli davlati sanalgan zaminga ajnabiy mustabidlar qadami yetib, mamlakat parchalanish xavfi ostida qolgan edi. Turk vatanparvarlari esa milliy ozodlik harakati olib borardi. Ana shunday dolg‘ali davrda yaratilgan Istiqlol marshi xalqning sinayozgan g‘ururini yana tiklab, ko‘p millionli millatni yagona bayroq ostida birlashtirishga xizmat qildi.

«Millat sifatida Istiqlol marshi kabi she’r sohibi bo‘lganimiz uchun har qancha g‘ururlansak, har qancha shukr etsak oz», – degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Mehmet Akif Ersoyning (1873–1936) otasi Mehmet Tohir asli alban millatiga mansub mudarris, onasi esa buxorolik o‘zbeklarning qizi Omina Sharif xonim edi. Mutafakkir Sezai Karakoch «Ota qavmi rumelilik, ona qavmi buxorolik, tavallud topgan maskani esa Istanbulning Fotihidir» deganda ayni shu tarixiy haqiqatni nazarda tutgan.

Mehmet Akif Ersoy nafaqat qilqalam shoir, atoqli arbob, bilimdon muallim, iste’dodli voiz va Qur’oni karimning mohir  tarjimoni sifatida ham tarixga kirgan.

«U dorilfunun professori sifatida adabiyot fakultetida dars bergan. Arab, fors va fransuz tillarini mukammal bilgan bu zot islom ilmlarini puxta o‘zlashtirgan olim ham edi. U «Siroti mustaqim» jurnalida e’lon qilgan maqolalari orqali xalqqa ma’rifat nurini yoydi. Aytishlaricha, Onado‘li bo‘ylab safar qilgan kezlari hamyonida bor-yo‘g‘i 36 kurush qolgan ekan. U ana shunday turfa sinovlarda toblangan chinakam inson edi», – deya shoirga ta’rif beradi prezident Erdo‘g‘on.

Mehmet Akif Ersoy bugun ham Turkiyada ijodi keng tadqiq etilayotgan, fikrlari siyosat, fikr va ijod ahli tomonidan ko‘p bora tilga olinadigan shoirlar sirasiga kiradi.

«Millat o‘zaro ahil va jips bo‘lsa, uni biror bosqinchi yengolmaydi», – degan edi Ersoy bundan bir asr avval. Bizningcha, Turkiya davlati turli sinovlarga yuzma-yuz bo‘layotgan bugungi davrda ushbu hikmatning ahamiyati yanada ortgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring