«Ular tarixni soxtalashtirib, fitna nazariyalarini tarqatmoqda» – Yevrokomissiya raisi
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘hna qit’aga urush dahshatini qaytarganini keskin tanqid qildi.
23-avgust – Totalitar va avtoritar rejimlarning qurbonlarini yodga olish kuni munosabati bilan bayonot bergan Yevropa siyosatchisi yana bir karra Ukraina bosqini noqonuniy ekanini ta’kidladi.
«Bu yil Putin Yevropaga yana urush dahshatini qaytardi. Bu esa tinchlik shunchaki kafolatlangan ne’mat emasligini yana bir karra yodga soldi. O‘tmish haqidagi iztirobli xotiralar olis moziyga xos emas ekan, Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy va nohaq urushi o‘sha iztiroblarni qayta uyg‘otgandek bo‘ldi. Biz o‘tmishda adolatsizliklarga qarshi kurashgan jasur insonlarning a’molidan ilhomlanamiz. Shu kunlarda ham o‘sha yuksak vazifasini amalga oshirishga majbur bo‘layotgan erkagu ayollarga esa o‘z hurmatimiz va daldamizni izhor etamiz. Ukraina xalqi Ittifoqimizning tamal qadriyatlarini himoya qilish uchun ham o‘z jonini fido qilmoqda», – deydi Yevrokomissiya raisi.
Qayd etilishicha, bugun Rossiya propaganda mashinasi tarixni soxtalashtirib, turli fitna nazariyalarni tarqatmoqda. Yolg‘on va o‘triklarga qarshi chiqqanlar esa ayovsiz jazolanmoqda.
«Biz dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni izchil davom ettiramiz. Totalitarizmga qarshi kurashganlar unutilib ketishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz», – deydi Ursula fon der Lyayen.
Bayonotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi avval-boshdanoq urush va zulm-zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida ta’sis etilgan. Tinchlikni barqaror qilish, demokratik qadriyatlarni ilgari surish, qonun ustuvorligi va fuqarolar huquq-erkinliklarini ta’minlash hamisha bosh g‘oya bo‘lib qoladi.
«Biz kelgusida ham ushbu ustuvor qadriyatlarni qat’iy himoya qilishdan og‘ishmaymiz. Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizlar g‘alaba qozonmaguncha yengil nafas olmaymiz», – deya xulosa qiladi Yevropa komissiyasi yetakchisi.
Totalitar va avtoritar rejimlarning qurbonlarini yodga olish umumevropa kuni 2009-yil 23-avgustdan buyon nishonlanadi. Gap shundaki, 1939-yilning 23-avgustida Germaniya hamda Sovet Ittifoqi o‘rtasida Hujum qilmaslik haqida shartnoma (Molotov – Ribbentrop pakti) hamda unga ilova tarzida maxfiy bayonnoma imzolangan. Maxfiy hujjatga ko‘ra, rasmiy Berlin hamda Moskva Yevropada manfaatlar doirasini belgilagan, jumladan, Polsha hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlari o‘zaro bo‘lishib olingan. Ushbu bitim 1939-yil 1-sentyabrda Germaniyaning Polshaga bostirib kirishiga zamin hozirlagan.
Keyingi yillarda Yevropa komissiyasi totalitar hamda avtoritar rejimlar, jumladan, fashizm, stalinizm va kommunistik hukumatlarning kirdikorlarini ochish, mustabidlik qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter