Ukrainadagi urushga yakun yasashi mumkin bo‘lgan uchrashuv haqida xabar berildi

M.Chovusho‘g‘li Ukraina masalasida hamkasblari bilan 40 marta telefon orqali muloqot o‘tkazgan.
Ukraina hamda Rossiya tashqi ishlar vazirlari Turkiyada uchrashadigan bo‘ldi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ma’lum qildi.
Ayni paytda qarama-qarshi qutbni egallab turgan ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari – Dmitriy Kuleba hamda Sergey Lavrov 10 mart kuni Antaliyada o‘tadigan diplomatik forum doirasida uchrashadi. Uch tomonlama muzokarada Turkiya tashqi ishlar vaziri ham ishtirok etadi.
Mavlud Chovusho‘g‘li mazkur uchrashuv ziddiyatlarda tub burilishi yasashi hamda tinchlik o‘rnatilishi yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga umid bildirgan.
«Muhtaram prezidentimizning tashabbusi va diplomatik urinishlarimiz natijasida Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari Antaliya diplomatik forumi doirasida mening ishtirokimda uchrashuv o‘tkazishga qaror qildilar. Tinchlik va barqarorlikka vasila bo‘lishini tilab qolamiz», – deydi Turkiya bosh diplomati.
Rasmiy Anqara urushning ilk kunlaridan Ukraina hamda Rossiya o‘rtasida sulh tuzilishi yo‘lida diplomatik muzokaralar o‘tkazib kelmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, keyingi kunlarda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turli davlatlar rahbarlar bilan 19 marta telefon orqali muloqot qilgan. Turkiya yetakchisi, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 6 mart kungi muloqotda o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar koridor ochish va ziddiyatni siyosiy muloqot vositasida hal etish lozimligini ta’kidlagan.
M.Chovusho‘g‘li esa hamkasblari, shu jumladan, Ukraina va Rossiya tashqi ishlar vazirlari bilan 40 marta telefonda so‘zlashgan.
Avvalroq Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Kalin rasmiy Anqara aynan diplomatik vositachilik roli sabab Rossiyaga nisbatan sanksiya joriy etmasligini ma’lum qilgan edi.
«Rossiya bilan muzokara o‘tkaza oladigan tomon bo‘lishi kerak. Agar hamma ko‘priklarni yoqib yuborsa, Rossiya bilan kim muloqot qiladi? Biz ayni muloqot kanali yopilib qolmasligi uchun ham sanksiyalar joriy etmoqchi emasmiz», – degan edi I.Kalin.
Ayni choqda, Turkiya Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga qarshi harbiy operatsiyasini nomaqbul deb atagan. TIV bayonotiga ko‘ra, mamlakatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilishni zarur deb hisoblaydigan Turkiya chegaralarni qurol yordamida o‘zgartirishga qarshi.
24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin tortib kirishi xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tomonidan tanqid qilindi, mamlakatga nisbatan iqtisodiy-moliyaviy jazo hamda cheklovlar joriy etildi. Ma’lumotlarga qaraganda, harbiy harakatlar sabab hozirga qadar 1,7 milliondan ziyod ukrainalik o‘z uyini tark etib, qo‘shni mamlakatlarga qochishga majbur bo‘lgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter