Ukrainadagi urushda qo‘mondonlik qilgan besh rus generalidan to‘rttasi bo‘shatildi
Britaniya harbiy razvedkasi 2022 yilning fevralida Ukrainaga bostirib kirishi chog‘ida Rossiya qo‘shinlarining operativ qo‘mondonligi uchun mas’ul bo‘lgan besh generaldan to‘rt nafari allaqachon ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Bu haqda Britaniya Mudofaa vazirligining kundalik razvedka hisobotida aytiladi.
Britaniya harbiylarining fikricha, ishdan bo‘shatilgan generallar o‘rniga kelgan qo‘mondonlar «Rossiya hujumini yaxshilash uchun hali ko‘p ish qila olishgani yo‘q».
Razvedka hisobotida ishdan bo‘shatilgan rus generallarining ismlari ko‘rsatilmagan.
Britaniya Mudofaa vazirligi o‘z sharhida Ukrainadagi «maxsus operatsiya» uchun mas’ul bo‘lgan rus harbiylari o‘z vazifalarini yaxshi bajara olishmayotganini ta’kidlaydi. Taktik jihatdan «yangi safarbar etilgan harbiylarni boshqarish uchun malakali kichik ofitserlarning yetishmasligi kuzatilmoqda», deyiladi sharhda.
Britaniya razvedkasining fikriga ko‘ra, kichik ofitserlar darajasidagi zaif qo‘mondonlik «Rossiya qurolli kuchlarining harbiy qismlarida ishonchning susayishi va o‘zaro hamjihatlikning pasayishini keltirib chiqaradi».
Rossiya Mudofaa vazirligi 8 oktyabr kuni general Sergey Surovikinni Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni etib tayinlagandi. Shu tariqa vazirlik Ukrainaga hujumidan beri birinchi marta qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan shaxsning ismini oshkor qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter