Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina urushi sabab dunyo qancha mablag‘ yo‘qotishi ma’lum qilindi

Ukraina urushi sabab dunyo qancha mablag‘ yo‘qotishi ma’lum qilindi

Foto: dpa

Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyodagi qashshoqlik ko‘lamini yanada kengaytiradi. Jumladan, jahon iqtisodiyotida depsinish va ortga ketish davom etadi. Bu haqda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining «Urush uchun tovon» deb atalgan hisobotida so‘z boradi. 

2023-yilda dunyo iqtisodiyoti 2 foiz yoki 2,8 trillion dollarni boy beradi. Bu – Rossiya yalpi milliy mahsulotidan (YaMM) bir yarim baravar ko‘p mablag‘ havoga sovuriladi demakdir.  

«Dunyo iqtisodiyoti turg‘unlikka kirmoqda. Bunga esa Rossiyaning Ukrainaga biror asosda oqlab bo‘lmaydigan jinoyatkorona bosqini sababdir. Ko‘plab mamlakatlarda YaMM o‘sishi to‘xtadi. Tadqiqotlar depsinish hali davom etishini ko‘rsatmoqda», – deydi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibi Matias Kormann.

Sayyoramizning yirik 20 davlati orasida eng katta yo‘qotish Rossiyada kuzatiladi. Ayni paytda urush siyosatini olib borayotgan mamlakat YaMM 4,5 foizga kamayadi.

2023-yilda Yevropaning lokomotivi sanalgan Germaniya iqtisodiyotida ham 0,7% pasayish kuzatiladi. Bunga esa Kremlning gaz shantaji sabab o‘laroq ko‘rsatilmoqda.

Turkiya, Hindiston, Xitoy va Saudiya Arabistoni energetika bozoridagi narx o‘yinidan yutadi. AQShda 0,5 foiz, yevro hududidagi mamlakatlarda esa 0,3 foiz o‘sish kuzatilishi bashorat qilinmoqda.  Ayrim tahlilchilar bu o‘ta nekbin taxmin ekanini urg‘ulamoqda. Chunki Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari ko‘lami kengayishi va sanksiyalar kurashining davom etishi bilan bu bashoratlar yo‘qqa chiqishi mumkin.

Iqtisodiy tahlillarga qaraganda, Kreml gaz «qamal»ini davom ettirgudek bo‘lsa va neft embargosi cho‘zilsa, yirik energetika inqirozi ro‘y beradi va Yevropa iqtisodiyoti retsessiyaga uchraydi. Urush to‘xtatilmas ekan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hisobotida aytilgan salbiy voqelik ko‘lami yanada oshishi mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring