Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich amaldagi davlat rahbari Zelenskiyga murojaat yo‘lladi

Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich amaldagi davlat rahbari Zelenskiyga murojaat yo‘lladi

Foto: «Topnews.ru»

Ukrainaga 2010-2014-yillarda rahbarlik qilgan Viktor Yanukovich mamlakatning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat yo‘lladi, deb xabar beradi Rossiyaning «Novosti» axborot agentligi.

«Sizning ko‘plab «maslahatchi»laringiz borligini bilaman, lekin siz har qanday shart bilan bo‘lsa-da, qon to‘kilishini to‘xtatish va tinchlik bitimiga erishishga majbursiz. Ukraina, Donbass va Rossiya sizdan shuni kutmoqda», – deyiladi murojaatda.

V.Yanukovich Ukrainada bo‘layotgan hodisalardan qayg‘uda ekanini ta’kidlagani holda, Rossiya harbiylarining xatti-harakatiga baho berishdan tiyilgan.

2010-yilda Ukraina prezidenti etib saylangan Yanukovich Kremlga yaqin siyosatchi o‘laroq ta’riflanadi. 2014-yili siyosiy inqiroz ortidan Ukraina parlamenti tomonidan hokimiyatdan chetlashtirilgan siyosatchi pirovardida Rossiyaga qochib ketgan. Hokimiyatdan chetlatilgach, unga qarshi bir qator jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. 2015-yilning 4-fevralida Ukraina parlamenti uni mamlakat prezidenti unvonidan mahrum etgan. 2019-yil 24-yanvar kuni Kiyev shahri Obolon tumani sudi V.Yanukovichni davlatga xiyonatda aybdor deb topib, unga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

So‘nggi kunlarda Kreml V.Yanukovichni yana Ukraina prezidenti qilishga urinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. «Ukrainskaya pravda» nashri V.Yanukovich ayni paytda Belarus poytaxti Minskda ekani, Moskva uni prezident deb e’lon qilishga tayyorlanayotgani haqidagi taxminni ilgari surdi.

Kuni kecha ukrainalik deputat Ilya Kiva prezident Vladimir Zelenskiyga jismonan mahv etilmaslik uchun hokimiyatni Viktor Yanukovichga topshirishni taklif etdi.

Shu mazmundagi taklif avvalroq Checheniston prezidenti Ramazon Qodirov og‘zidan ham chiqqan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring