Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada O‘zbekiston va Tojikiston fuqarosi teraktda gumonlanib qo‘lga olindi

Turkiyada O‘zbekiston va Tojikiston fuqarosi teraktda gumonlanib qo‘lga olindi

Turkiya huquq-tartibot idoralari Istanbulda sodir etilishi rejalashtirilgan qonli teraktning oldini olgani aytilmoqda.  

Sabah nashri xabariga ko‘ra, Istanbul shahri politsiyasi qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirishda gumonlanayotgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini qo‘lga olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, gumondorlar 2022-yilning 31-dekabr kuni, yangi yil kirishiga bir necha soat qolganda ushlangan. Ikki shaxs politsiya ta’qibidan mashinada qochishga uringan. Politsiyachilar mashina baloniga o‘q otib ularni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan.

«Abu Maymuna» laqabli O‘zbekiston fuqarosi portlovchi moddalari bo‘yicha mutaxassis ekani, ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilik g‘oyasini targ‘ib etgani xabar qilingan. Sabah nashri uni deportatsiya qilish choralari ko‘rilayotganini bildirgan.

Turkiya huquq idoralariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi A.M. va Tojikiston vatandoshi K.Z.I. Afg‘onistondagi IShID terrorchi tashkilotidan ko‘rsatma olgan holda Istanbul shahrida 2017-yildagi kabi qonli terakt sodir etishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov 2017-yilning 1-yanvarida Istanbuldagi «Reina» tungi klubiga bostirib kirib, avtomatdan o‘t ochgan va 39 kishini o‘ldirgan, yana o‘nlab odamni jarohatlagan edi. Ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchi tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.

2020-yil sentyabr oyida Turkiya sudi 32 yoshli A.Masharipovga 40 ta umrbod qamoq jazosi tayinlagan.

Avval xabar berganimizdek, 2022-yil 13-noyabr kuni Istanbulning Istiqlol ko‘chasida qo‘poruvchilik harakati uyushtirildi. Gavjum ko‘chada amalga oshirilgan portlash oqibatida 6 kishi vafot etdi, 81 kishi yaralandi.

Tergov idorasi portlash PYD – Demokratik ittifoq partiyasi (Kurdiston ishchi partiyasi terror tashkilotining Suriyadagi shu’basi) tomonidan uyushtirilganini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring