Turkiya Isroil harbiylarining jurnalistlarga hujumlarini qoraladi
Turkiya prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun Isroil harbiylari tomonidan jurnalistlarning o‘ldirilishi va kaltaklanishini qoralab bayonot berdi.
«Isroil jurnalistlarni himoya qilish uchun minimal choralarni ham rad etmoqda, OAV xodimlarining voqea joyidan dunyo ahliga xabar berishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu bilan Isroil jamoatchilikning ishonchli axborot olish huquqini himoya qiluvchi xalqaro me’yorlarni ochiqchasiga buzmoqda. Isroil hukumati (G‘azodagi) vayronagarchilik ko‘lamini xalqaro hamjamiyatdan yashirish maqsadida jurnalistlarni qo‘rqitishga urinmoqda. Ammo ularning G‘azoda sodir etgan harbiy jinoyatlarini yashirishga urinishlari ish bermaydi», – deydi professor F.Altun.
Kuni kecha Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi fotojurnalisti Mustafo Haruf ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda Isroil harbiylari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada harbiylar jurnalistga miltiq bilan tahdid qilgani, so‘ng ko‘plashib tepkilaganini ko‘rish mumkin.
Turkiya Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari F.Altun jurnalist Mustafo Haruf kasbiy faoliyatini olib borayotgan paytda kaltaklanganini keskin qoralagan va Tel-Avivdan OAV vakillariga qarshi harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan.
Professor F.Altun avvalroq «Isroil fashistik propaganda usulini qo‘llagan holda jurnalistlar bilan birga haqiqatni ham o‘ldirishga urinayotgani» haqida gapirgan edi.
Sharqiy Quddusda jurnalistning do‘pposlanishi g‘arblik siyosatchilar tomonidan ham tanqid qilindi. Xususan, Germaniyaning Isroildagi elchisi Shteffen Zaybert Isroil mirshablarining bu harakatini «dahshatli va xavotirli» deb atagan.
«Nahotki, Isroil politsiyasi shu yo‘l bilan o‘z fuqarolari xavfsizligini himoya qilsa?» – deya savol qo‘ygan olmon diplomati.
Isroil tomonidan HAMASning hujumiga javoban G‘azoda olib borilayotgan harbiy amaliyot jarayonida minglab tinch aholi vakillari qatorida o‘nlab jurnalistlar ham halok bo‘lmoqda.
Ayni paytda G‘azo jurnalistlar va ularning oilasi uchun dunyodagi eng xatarli hudud bo‘lib qolmoqda.
Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi 15 dekabr holatiga ko‘ra kamida 64 nafar jurnalist halok bo‘lgan, 13 nafari jarohatlangan, 3 nafari daraksiz yo‘qolgan va 19 nafari qamalgan deb hisoblaydi.
G‘azo ma’muriyatiga ko‘ra esa, hozirga qadar 89 nafar falastinlik jurnalist o‘ldirilgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, 15 dekabr kuni Xon Yunusda Isroil bombardimoni oqibatida «Al-Jazira» telekanali operatori Samir Abu Daqqa halok bo‘ldi, ushbu telekanalning tajribali jurnalisti Vail Al-Dahduh og‘ir jarohatlandi. Vail Al-Dahduh joriy yil 25 oktyabr kuni rafiqasi, qizi, o‘g‘li va nabirasidan ayrilgan edi.
Avval xabar berganimizdek, bir haftacha avval Isroil armiyasi G‘azodagi Jabaliya qochqinlar lagerini bombalashi oqibatida «Al-Jazira» telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘lgandi.
Dekabr oyi boshida esa Isroil tashlagan bomba oqibatida G‘azoda «Anadolu» axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning yaqinlari halok bo‘lgan.
YuNESKO bosh direktori Odri Azule jurnalistlarni himoya qilish xalqaro huquq talabi ekanini eslatgan holda, Muntazir al-Savvafning o‘limi yuzasidan shaffof tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter