Tramp Turkiyani imtiyozlardan mahrum etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyani Bosh preferensiyalar tizimi (GTS) doirasida savdo imtiyoziga ega rivojlanayotgan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda «Korrespondent» xabar berdi.
Oq uy rahbarining fikricha, iqtisodiy taraqqiyot darajasi yuqorilagan Turkiya endi bunday imtiyozlarga muhtoj emas.
Trampning qarori bugun, 17-maydan kuchga kirdi.
GTS tizimi 1974-yildan beri amal qiladi. AQSh Turkiyani bu ro‘yxatga 1975-yili qo‘shgan. Bosh preferensiyalar tizimi doirasida 121 mamlakat 4 ming nomdagi mahsulotni AQSh bozoriga bojlarsiz kirita oladi.
Donald Tramp Turkiya va Hindistonni savdo imtiyozlaridan mahrum qilishi haqida 4 mart kuni AQSh Kongressiga ma’lum qilgandi. Prezidentning aytishicha, o‘tgan 45 yilda imtiyozlar sababli Turkiya iqtisodiyoti kuchaydi va kengaydi. Hindiston esa shartnomada ko‘zda tutilganidek, AQSh uchun o‘z bozoriga teng huquqli va maqbul kirishni ta’minlay olmagan.
AQSh o‘tgan yili Turkiyadan keltirilayotgan po‘lat va alyuminiy uchun bojni 50 va 20 foizga oshirgandi.
Turkiya ham mos javob qaytardi: bojlar AQShdan keltiriladigan alkogol mahsulotlari uchun 140, avtomobillar uchun 120 foizga ko‘tarildi. Oziq-ovqatlar, kosmetika va boshqa mahsulotlarga ham bojlar oshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter