«Tolibon» rahbarlari kimlar?

Afg‘onistonni «Tolibon» o‘z nazoratiga oldi. Mamlakatni rasman kim boshqarishi va yangi hukumatga kimlar kirishi hozircha noma’lum. Ammo ushbu tashkilotdagi asosiy shaxslar haqida ayrim ma’lumotlar bor.
1. Haybatulloh Oxundzoda (1961 y.t.) — 2016 yildan toliblarning oliy qo‘mondoni. Toliblarning birinchi hukmronligi davrida (1996-2001) u shariat sudlaridan birini boshqargan. Harbiydan ko‘ra ko‘proq ilohiyotshunos sifatida nom qozongan. Toliblar orasida qattiq konservator deb hisoblanadi.
2. Abdul G‘ani Barodar (1968 y.t.) — Oxundzodaning siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari. «Tolibon»ning to‘rtta ta’sischisidan biri. Bosh diplomat va harakatning taniqli shaxsi. «Tolibon»ning birinchi hukumatida mudofaa vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. Keyinchalik u harbiy operatsiyalar va teraktlarni rejalashtirishda muhim rol o‘ynagan hamda ularni moliyalashtirish uchun javobgar bo‘lgan. Faqat aniq maqsad bilan gapiradigan xotirjam diplomat sifatida ta’riflanadi.
3. Muhammad Yoqub (taxminan 30 yoshda) — Oxundzodaning harbiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari. «Tolibon» asoschisi Mulla Umarning o‘g‘li. U Barodar bilan yaxshi munosabatda deb hisoblanadi va u bilan birga harakatning nisbatan mo‘’tadil qanoti vakili.
4. Sirajuddin Haqqoniy (taxminan 45 yoshda) — otasining vafotidan so‘ng, u yaratgan «Haqqoniy tarmog‘i» guruhini boshqarib, «Tolibon» safiga qo‘shilgan. «Tarmoq» toliblarning eng uyushgan va jangovar qobiliyati yuqori qismi hisoblanadi. O‘tgan yili New York Timesda chop etilgan maqolasida shunday degan: «Hamma urushdan charchagan. Ishonchim komilki, odam o‘ldirish va mayib qilishni to‘xtatish kerak».
5. Abdul Hakim — ilohiyotshunos, taxminan Oxundzodaning tengdoshi va uning yaqin safdoshi. U kabi, hech qachon dala qo‘mondoni bo‘lmagan. Prognozlarga ko‘ra, u Afg‘onistondagi shariat sudlari tizimini boshqarishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter