Tojikistonda prezident saylovlarida ovoz berish yakunlandi
Yakshanba kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida ovoz berish yakunlandi, saylov uchastkalari soat 20:00 da yopildi.
Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, respublikada ovozlarni hisob-kitob qilish boshlandi.
Avvalroq Markaziy saylov komissiyasi Tojikistonda prezident saylovlari o‘tkazilgan deb topilgani to‘g‘risida xabar bergandi. Negaki, soat 15:00 da saylovchilarning 50 foizdan ko‘proq qismi — 70,7 foizi (qariyb 3,4 mln kishi) ishtirok etgandi.
Butun mamlakat bo‘ylab 3375 saylov uchastkasi ochildi. Yana 39 ta saylov uchastkasi xorijda tashkil etildi. Dastlabki saylov natijalarini Markaziy saylov komissiyasi 12-oktyabr kuni brifingda e’lon qiladi.
Eslatib o‘tamiz, besh nomzod davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda. Ular orasida Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi va Tojikiston Xalq Demokratik partiyasi tomonidan nomzod qilib ko‘rsatilgan amaldagi prezident Emomali Rahmon ham bor. Shuningdek, saylovlarda sotsialistlardan Abduhalim G‘afforzoda, Tojikiston iqtisodiy islohotlar partiyasidan Rustam Rahmatzoda, Kommunistik partiyadan Miroj Abdulloyev va Agrar partiyadan Rustam Latifzoda ishtirok etmoqda.
Saylovning yakuniy natijalari 10 kun ichida e’lon qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter