Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tog‘larga xazina yashirgan millioner vafot etdi

Tog‘larga xazina yashirgan millioner vafot etdi

AQShda tog‘larga mashhur xazinani yashirib, minglab xazina ovchilarining ter to‘kishiga sabab bo‘lgan millioner Forrest Fenn 90 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Fenn AQSh harbiy havo kuchlarida xizmat qilib yurgan paytlarida osori atiqalarni izlashga ishqivoz bo‘lib qolgan. Iste’foga chiqqach, u Santa-Fe shahrida galereya ochib, san’at asari namunalari bilan savdo qilish barobarida kolleksiyasi uchun hindularning artefaktlarini izlash bilan shug‘ullangan. FBR Fenni hindularning qadimgi qabristonlarini talon-taroj qilishda gumon qilib, bir necha marta uyida tintuv o‘tkazishgan, lekin hech nima topisholmagan.

1988-yilda g‘ayrioddiy galereyachiga saraton tashxisi qo‘yilgan. Uning ta’kidlashicha, aynan o‘sha paytda Qoyali tog‘larga xazina yashirishga va ularning koordinatalarini o‘z memuarlarida shifrlab qo‘yishga qaror qilgan. Biroq kasallik chekingach, Fenn uzoq yillar o‘z rejasiga qaytmaydi. Kitob esa 2010-yildagina dunyo yuzini ko‘rgan. Unda xazina va u yashirilgan joy haqida she’riy asarlar qayd etilgan.

Fenning aytishicha, sandiqda umumiy qiymati ikki million dollarga yaqin qadimiy tangalar, oltin toshlar, olmos, zumrad, la’l, yoqut va boshqa qimmatbaho buyumlar bo‘lgan.

Minglab xazina izlovchilar xazinani topishga urinishgan. Hatto, ulardan beshtasi qidiruv paytida halok bo‘lishgan. 2020-yil iyunda Fenn xazina topilganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xazina izlovchi sandiqni rasmga olib, dalil sifatida unga yuborgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring