Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaning maxfiy rejalari oshkor qilindi

Rossiyaning maxfiy rejalari oshkor qilindi

The Washington Post gazetasi Rossiyaning jangovar dronlar ishlab chiqarishga doir maxfiy rejalaridan voqif bo‘ldi.

Nashr qo‘lga kiritgan maxfiy hujjatlarga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya Tataristondagi «Olabug‘a» maxsus iqtisodiy zonasida Eronning «Shahid» tipidagi dronlardan 6000 ta ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

Chizmalar, bitimlar, zavod tarhi, xodimlarning so‘zlashuvlaridan iborat maxfiy hujjatlarni «Olabug‘a» maxsus iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan xodimlardan biri gazetaga taqdim etgan. U ushbu xatti-harakatini Moskvaning Ukrainaga uyushtirgan bosqiniga qarshi ekani bilan izohlagan.

Qayd etilishicha, chetdan ehtiyot qismlar olishdagi muammolarga qaramay, Rossiya Eronning «Shahid-136» rusumidagi uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilmalarini ishlab chiqarish borasida sezilarli yutuqqa erishgan. Rus muhandislari Eron qurilmalarini yanada takomillashtirishga urinmoqda.

Maxfiy hujjatlarga muvofiq, dron ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi uchun dastlabki bosqichda ikki milliard dollardan oshiq mablag‘ ajratilgan.

Ishlab chiqarish jarayoni uch bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda (2023 yil yanvar-iyun oylari) Erondan qismlarga ajratilgan holda keltirilgan 600 ta dronni «Olabug‘a» hududida yig‘ish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi bosqichda qurilma korpusini ishlab chiqaruvchi korxona tashkil qilish va yil oxirigacha qadar 1332 ta dron ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yakuniy bosqichda esa, 2023 yil 30 iyulga qadar qisman Eron ko‘magidan foydalanib, minglab dronlarni ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan.

Ekspertlar reja bir oy kechikish bilan ijro etilayotganini ma’lum qilgan.

Dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ehtiyot qismlar topish asosiy muammo bo‘lmoqda. 130 ehtiyot qismdan faqat 4 tasi Rossiyada ishlab chiqariladi. Aksar ehtiyot qismlar AQShda hozirlanadi. Sanksiyalar esa ularni sotib olishga monelik qiladi.

Eron «Shahid» dronlarida Germaniyaning Limbach Flugmotoren L550E tipidagi dvigateli nusxasidan foydalanishi aytiladi. Taxminlarga qaraganda, rossiyalik muhandislar ham ushbu dvigatel nusxasini tayyorlashga urinmoqda.

Hujjatlarda dron ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassis yetishmayotgani bayon qilingan. Hozirga qadar yuzlab rossiyalik xodimlar Eronda malaka oshirgan.

Harbiy ekspertlar Rossiya Eronning «Shahid-136» droni nusxasini ishlab chiqqanini ma’lum qilgan. «Geran-2» deb atalgan dron 50 kilogacha portlovchi modda bilan ucha oladi.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Eron aslahalari, xususan, jangovar dronlardan faol ravishda foydalanayotgani xabar qilingan. Xususan, The Guardian gazetasi joriy yil fevral oyida katta radiusda parvoz qiluvchi «Mujohir-6», «Shahid-191», «Shahid-129» kabi dronlar yetkazib berilgani haqida yozgan edi.

Rossiya kamikadze dronlar uchun Eronga 140 million yevro naqd pul to‘lagani, shuningdek, urush vaqtida qo‘lga kiritilgan G‘arb qurollari namunalarini bergani o‘rtaga chiqqan.

Eron Rossiyaga Ukraina urushida ko‘mak uchun jangovar dronlar yetkazayotganini rad etib keladi. Rasmiy Tehronga ko‘ra, Moskvaga xudkush dronlar urush boshlangunga qadar yetkazilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring