Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tergov idorasi prezident Baydenning uyida tintuv o‘tkazdi

Tergov idorasi prezident Baydenning uyida tintuv o‘tkazdi

Foto: USA Today

AQSh Federal tergov byurosi mamlakat prezident Jo Baydenning Delaver shtati Rehobot Bich shahridagi yozgi uyida tintuv o‘tkazdi. Agentlar davlat rahbarining turarjoyidan hukumatning maxfiy hujjatlarini qidirgan.

Baydenning advokati Bob Bauer matbuotga Federal tergov byurosi xodimlari birorta maxfiy hujjat topmaganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, tintuv tashabbusi prezidentning o‘zidan chiqqan. Shunga ko‘ra tintuv uchun order olishga ham hojat bo‘lmagan.

Delaverdagi yozlik uyda o‘tkazilgan taftish AQShning amaldagi prezidentiga nisbatan ochilgan maxfiy hujjatlarni saqlab tartibini buzish ayblovi bo‘yicha tergovning bir qismi sanaladi.

Avval xabar berganimizdek, 2022-yil noyabr oyida Pensilvaniya universiteti huzuridagi tahlil markazi binosidan o‘nga yaqin maxfiy hujjat topilgan. Ushbu ofisdan Jo Bayden 2017-2019- yillarda foydalangan. Prezidentning o‘zi maxfiy hujjatlarning mavjudligini advokat xabaridan keyin bilganini aytgan.

Keyinroq J.Baydenning Uilmingtondagi uyidan ham bir necha maxfiy hujjat topilgan. Buning ortidan respublikachilar nazorati ostidagi Vakillar palatasi Adliya qo‘mitasi Bayden tomonidan maxfiy hujjatlar noqonuniy saqlangani bo‘yicha yangi tergov boshlagan.

Jo Bayden tergov idorasi bilan to‘liq hamkorlik qilishini bildirgan.

Oq uy sohibining salaflari – sobiq prezident Donald Tramp va vitse-prezident Maykl Pensning uyida ham maxfiy hujjatlar g‘ayriqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlangan. Xususan, Federal tergov byurosi 2022-yilda Trampning Floridadagi qarorgohidan 300 dan ziyod «maxfiy» va «mutlaqo maxfiy» tamg‘ali hujjatlarni topgan.

O‘sha paytda tintuv yuzasidan munosabat bildirgan Jo Bayden Trampning maxfiy hujjatlarni uyida saqlaganini «o‘ta mas’uliyatsizlik» deb atagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring