Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq prezident Rossiyani zaiflashtirish yo‘lini aytdi

Sobiq prezident Rossiyani zaiflashtirish yo‘lini aytdi

Foto: Reuters

Polshaning sobiq prezidenti, Nobel mukofoti sovrindori Lex Valensa G‘arb mamlakatlarini nafaqat Ukraina, balki Rossiyaning o‘zini ham ozod qilishga chaqirdi. Bu haqda u LCI nashriga bergan intervyusida gapirgan.

Rossiya hozirgi maqom-martabada qolar ekan, dunyo osoyishta yashay olmaydi, deb hisoblaydi L.Valensa. Shunga ko‘ra u tinchlikni qaror toptirish uchun Rossiyani zaiflashtirish, parchalab tashlash, uning siyosiy tuzumini o‘zgartirish va aholi sonini 50 million kishiga tushirishni taklif etgan.

Polyak siyosatdoniga ko‘ra, ayni paytda 144 million nufusli Rossiyaning aholisi sonini kamaytirish uchun Kreml bosib olgan hududlarni ozod qilish kerak. Buning uchun esa ishg‘ol etilgan hududlarda xalq g‘alayonlarini uyushtirish lozimligi uqtirilgan.

«Agar Ukraina bu urushda g‘alaba qozongan taqdirda ham besh yildan keyin yana o‘sha holat takrorlanadi, o‘n yildan keyin boshqa bir Putinning sahnaga chiqishiga guvoh bo‘lamiz», – deydi Valensa.

Ta’kidlanishicha, dunyoda bugun qo‘sh siyosiy tizim kuzatilmoqda: G‘arb mamlakatlari demokratik vositalari orqali erkinlikni yoyishga urinmoqda; Rossiya va Xitoy esa hududlarni ishg‘ol etish kabi eski usullardan foydalanmoqda. O‘z davrida SSSRning ashaddiy muxolifi bo‘lgan Lex Valensa Kremlni imperiyani tiklash urinishda ayblagan. 

L.Valensa 1980-yili Sharqiy Yevropada ilk bor «Solidarnost» deb atalgan aksilkommunistik yo‘nalishdagi uyushmaga asos solgan. 1983-yilda ishchilar harakati va inson huquqlari yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. 1990-1995-yillarda Polsha prezidenti vazifasida faoliyat yuritgan.

«Agar menga sen kommunizm ustidan g‘alaba qozonuvchi liderga aylanasan deyishsa, hech qachon ishonmagan bo‘lardim. Shu bois ham o‘zimni galaktikadagi eng baxtli inson deb bilaman»,  – degan edi siyosatchi bir necha yillar oldin bergan intervyusida. U 1990-yillardayoq Ukraina va Belarusni NATO hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo qilishni taklif etgan. 2019 yilda esa YeIni hozirgi ahvolda rivojlantirgandan ko‘ra uni tugatib, qayta tuzgan ma’qulroq ekanini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring