Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq prezident chegarada to‘xtatib qolindi

Sobiq prezident chegarada to‘xtatib qolindi

Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko chegarachilar uni Polsha va AQShga xizmat safari bilan borishiga ruxsat bermaganini ma’lum qildi. 

«Yana chegaradagi absurd teatr. Oliy Rada raisi imzosi bilan xizmat safarim bor, lekin chegarachilar meni o‘tkazib yuborishmadi. Chegarachilar o‘z tashabbusi bilan harakat qildi, degan fikrdan yiroqman. Parlament spikeri imzolagan hujjatni kim bekor qilganini hamma o‘zi taxmin qilishi mumkin», — deb yozdi u Facebook sahifasida. 

Rossiya bosqinchiligi tufayli erkaklarning Ukrainadan chiqishi cheklangan.

Poroshenko Polsha va AQShda «o‘nlab uchrashuvlar» o‘tkazishni rejalashtirganini aytdi.

«Men polshaliklar bilan chegaradagi cheklovlarni olib tashlash haqida gaplashishim kerak edi. Amerikaliklar bilan harbiy yordam masalasini muhokama qilmoqchi edim», - deydi sobiq prezident.

Chegara xizmati vakili Andrey Demchenkoning aytishicha, Poroshenko xorijga qo‘yib yuborilmagan, chunki Oliy Rada unga tayinlangan xizmat safarini bekor qilgan.

«Harbiy holat davrida Ukraina xalq deputatlari rasmiy xizmat safari bo‘yicha tegishli qarorlar asosida davlat chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega. Sizni qiziqtirgan xalq deputatiga kelsak, chegarachilarda uning xorijga xizmat safari bekor qilingani haqida tasdiqnoma bor», dedi u.

Poroshenkoga o‘tgan yili ham xorijga chiqishga ruxsat berilmagandi. 2022-yilning may oyida mamlakatning sobiq prezidenti Ukrainaning Polsha bilan chegarasini faqat uchinchi urinishida kesib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring