Shvetsiya qiroli va qirolichasi, Mozambik va Mavritaniya prezidentlari koronavirusga chalindi
Koronavirusning «omikron» shtammi paydo bo‘lganidan so‘ng, virusning yuquvchanligi oshib ketdi. Pandemiya hukm surayotgan «birinchi raqamli davlat» — AQSh bunga yaqqol misol, kuni kecha ro‘yxatga olingan bemorlarning soni 1 milliondan oshib ketdi.
Vaksina, niqoblar ham yangi shtammning yo‘lini to‘solmayapti. So‘nggi 24 soat ichida qator davlat rahbarlari, hatto monarxlar ham koronavirusga chalingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Shvetsiya
Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustav hamda qirolicha Silviyaning koronavirus-testi musbat chiqdi. Bu haqda Qiroli saroyiga asoslanib «Shved radiosi» xabar tarqatdi.
«Qirollik saroyi ma’lumotiga ko‘ra, Shvetsiya qiroli va qirolichasi COVID-19 bo‘yicha topshirgan testning javobi musbat chiqdi. Ularda simptomlar yengil ko‘rinish bergan, o‘zlarini yaxshi his etishyapti», — deyiladi radio xabarida.
Ta’kidlanishicha, qirol va qirolicha COVID-19ga qarshi to‘liq emlanishdan tashqari, qayta vaksinatsiyalanishgan bo‘lgan.
Umuman olganda, Shvetsiyada hozir ahvol yaxshimas, bir kecha-kunduzda 11,5 ming kishining kovid-testi musbat chiqqan.
Mavritaniya
Mavritaniya prezidenti 65 yoshli Muhammad uld G‘azvoniy koronavirus infeksiyasini yuqtirgani haqida bugun, 4-yanvar sanasida «Sahara Media» xabar tarqatdi.
Xabarda aytilishicha, G‘azvoniy shamollash alomatlari tufayli topshirgan test javobi koronavirus bo‘lib chiqdi. Xabarda prezident kovidga qarshi emlangani aytiladi. Unda kasallik yengil kechmoqda.
Mozambik
Mozambik prezidenti Filipe Nyusi o‘zi va rafiqasida COVID-19 aniqlangani haqida «Facebook» da yozdi.
«So‘nggi kunlarda qator tadbirlarda qatnashganimizdan keyin topshirgan kovid-testimizning javobi musbat chiqdi», — deyiladi xabarda.
Prezidentning yozishicha, kasallik simptomlarsiz kechyapti, shunga qaramay, er-xotin darhol o‘zlarini yakkalash tartibiga o‘tishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter