Shri-Lankada «arab bahori» to‘xtatildi
Shri-Lankada hukumatga qarshi namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketganidan so‘ng komendantlik soati joriy etilgandi.
Orol-mamlakatda komendantlik soati davomida 664 nafar tartibbuzar qo‘lga olindi.
Politsiya xabariga ko‘ra, yakshanba kuni «arab bahori»ga o‘xshash namoyishlar boshlanishi arafasida butun orolda komendantlik soati kuchga kirgan. Bu vaqt davomida mamlakat bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar bloklab qo‘yildi.
Ma’lumot uchun: Bir qator arab mamlakatlarida 2010-yillar boshlarida hukumatga qarshi namoyish va qurolli isyonlar sodir bo‘lgandi. Birinchi bo‘lib «arab bahori» Tunisda korrupsiya va iqtisodiy stagnatsiyaga qarshi boshlangan. «Bahor epkinlari» keyinchalik Liviya, Misr, Yaman, Suriya va hatto Bahrayngacha yetib borgan, bu mamlakatlarning ayrimlarida hukumatlar to‘ntarilgan yoki yirik isyonlar, tartibsizliklar, fuqarolar urushlari kelib chiqqan.
Shri-Lanka 1948-yilda mustaqillikni qo‘lga kiritganidan beri eng yomon iqtisodiy inqirozni boshdan o‘tkazyapti. Turizmning izdan chiqishi (pandemiya sababli) xorij valyutasi taqchilligini yuzaga keltirdi, oqibatda mamlakat o‘zini o‘zi yonilg‘i bilan ta’minlashda qiynalmoqda.
Mamlakatda oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari yetishmovchiligi muammosi o‘tkirlashgan. Shri-Lankaning ko‘p hududlarida elektr energiyasi sutkasiga 13 soatgacha o‘chirilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter