Kim Chen In AQSh va Janubiy Koreyaning harbiy mashg‘ulotlariga javoban ballistik raketa uchirdi
Kecha, 16 mart kuni Shimoliy Koreya AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi harbiy mashg‘ulotlarga javob tariqasida «Xvason-17» qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sinov AQSh va Janubiy Koreyaning harbiy tayyorgarliklariga javob bo‘lgan. Pxenyan xalqaro aeroportidan uchirilgan «Xvason-17» raketasi maksimal 6045 kilometr balandlikka ko‘tarilgan va 4151 soniya davomida 1000,2 kilometr masofani bosib o‘tgan. Raketa Yaponiyadan g‘arbga, mamlakatning dengiz iqtisodiy zonasidan tashqariga kelib tushgan.
Janubiy Koreya harbiylari raketa Pxenyandan mahalliy vaqt bilan ertalab soat 07:10 da uchirilganini aytmoqda.
Yaponiya armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, qit’alararo ballistik raketa 6000 kilometr balandlikda taxminan 70 daqiqa uchgan.
Yaponiya rasmiylari uchirilish natijasida hech qanday qurbonlar haqida xabar bermadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 mart kuni Shimoliy Koreya Yaponiya dengizi tomon o‘rta masofaga mo‘ljallangan ikkita ballistik raketa uchirilganini e’lon qilgan edi. So‘nggi bir hafta ichida Shimoliy Koreya to‘rtta ballistik raketa uchirdi. Ulardan bittasi uzoq masofali, qolgan uchtasi qisqa masofali raketalar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter