Sheremetevoda yongan samolyotdagi 78 kishidan 37 nafari tirik qolgan
Rossiya tergov qo‘mitasi tomonidan xabar qilinishicha, Sheremetevo aeroportiga qo‘nish chog‘ida yonib ketgan Sukhoi Superjet 100 (SSJ-100) samolyotida bo‘lganlardan 37 kishi tirik qolgan.
Moskva - Murmansk yo‘nalishida uchgan samolyotda umumiy hisobda ekipaj bilan qo‘shib hisoblaganda 78 kishi bo‘lgan. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda ulardan 37 nafari tirik qolgan. Tergov qo‘mitasi boshqa ma’lumot berishdan to‘xtab turibdi.
Ayni vaqtda ko‘plab yo‘lovchilarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qutqaruvda ishtirok etgan xodimlarning aytishicha, ular hech kimga aytmagan holda o‘z uylariga yo‘l olgan bo‘lishlari mumkin, ammo halok bo‘lgani ehtimoli ko‘proq.
Samolyot bortida 13 insonning jasadi topilgan, ular orasida ikki bolaning jasadi bor. 10 nafar yaralangan insonlardan ikkisining holati o‘ta og‘ir. Ayni vaqtda politsiya xodimlari samolyot bortida bo‘lganlarning uylari va ular turgan mehmonxonalarni qidirish bilan band.
Eslatib o‘tamiz, kecha oqshom Sukhoi Superjet 100 (SSJ-100) samolyoti Sheremetevo aeroportiga qo‘nish chog‘ida yonib ketgan edi. Ekipaj a’zolaridan birining so‘zlariga qaraganda, Murmansk tomon yo‘l olgan samolyot Sheremetevo aeroportidan uchib ketgandan so‘ng biroz vaqt o‘tib chaqmoq urgan va avtomatika tizimi ishdan chiqqan. Shundan so‘ng darhol halokat signali berilgan va Sheremetevoga qaytishga qaror qilingan.
Voqea joyidan olingan lavhalarga qaraganda Sukhoi Superjet 100 (SSJ-100) qo‘nish chog‘ida bir necha bor sakrab ketgan va uning dum qismida yong‘in boshlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter