Sayyoramizning eng boy odami bir shart bilan 6 milliard dollar xayriya qilishga rozi bo‘ldi
Sayyoramizning eng boy odami, tadbirkor Ilon Mask Tesla aksiyalarini sotish orqali ochlikka qarshi kurashga 6 milliard dollar xayriya qilishga rozi bo‘ldi. Mumkin bo‘lgan kelishuv shartlari haqida u Twitterda yozib qoldirgan.
Mask Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) rahbari Devid Bisli dunyoning eng badavlat kishilari boyliklarining bir qismini ochlikni bartaraf etish uchun xayriya qilishga chaqirgan gapiga javob qaytardi. Bislining fikricha, Ilon Mask shaxsiy kapitalining atigi 2 foizi (6 milliard dollar) muammoni hal qila oladi.
«Agar WFP ushbu Twitter sahifasida 6 milliard dollar dunyo ochligini qanday hal qilishini aniq tasvirlab bera olsa, men hoziroq Tesla aksiyalarini sotaman va pulni xayriya qilaman. Ammo jamoatchilik pul qanday sarflanishini aniq ko‘rishi uchun hisob-kitob ochiq bo‘lishi kerak», — deb yozadi Mask.
Yaqinda Tesla asoschisi Ilon Mask kompaniyadagi aksiyalarining bir qismini 1,1 milliard dollardan ko‘proqqa sotgani to‘g‘risida xabar bergandik.
Bundan avval Ilon Mask bitta so‘rovnoma tufayli 50 milliard dollar yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter