Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya mudofaa vaziri podshohlik Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Saudiya mudofaa vaziri podshohlik Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Caudiya mudofaa vaziri Xolid bin Salmon.

Foto: «Saudi Gazette»

Caudiya Arabistoni mudofaa vaziri, shahzoda Xolid bin Salmon podshohlik Ukraina bilan ixtilofda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.

«Biz podshohlik Ukraina bilan urushda Rossiyani dastaklayotgani xususidagi ayblovlardan taajjubdamiz. E’tiborga molik jihati, bunday yolg‘on ayblovlar Ukraina hukumati tomonidan ilgari surilgani yo‘q», – deb yozdi vazir Twitter tarmog‘idagi rasmiy sahifasida.

Xolid bin Salmon fikri tasdig‘i sifatida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning mamlakat hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun podshohlik rahbariyatiga tashakkur mazmunidagi postini ham ilova qilgan.

Gap shundaki, joriy yil 5-oktyabr kun Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK+) tomonidan qora oltin qazib olishni sutkasiga 2 mln barrelga tushirish haqida qaror qabul qilindi. Buning ortidan OPEK+, jumladan, Saudiya Arabistoniga nisbatan rasmiy Moskvani dastaklash aybi ilgari surildi.

Caudiya mudofaa vaziriga ko‘ra, neft qazib olish hajmini kamaytirish qarori faqat iqtisodiy sabablarga ko‘ra qabul qilindi.

«Eron ham OPEK a’zosi sanaladi. Demak, podshohlik Eronni ham qo‘llab-quvvatlamoqdami?» – deya savol qo‘yadi Saudiya vaziri.

Avvalroq Saudiya tashqi ishlar vazirligi ham ushbu masalada bayonot berib, qora oltin qazib olish ko‘rsatkichining pasaytirilishi jahon bozorida barqarorlikni ta’minlash va dolg‘alarning oldini olish uchun ko‘rilgan chora ekanini ma’lum qilgan. 

Rasmiy Riyoz OPEK+ qarorini AQShga qarshi siyosiy chora o‘laroq talqin etilishini tanqid qilgan. Bayonotda neft qazib olishga doir qaror xalqaro tashkilot a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullangani eslatib o‘tilgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 20 sentyabr kuni  Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon podshohlik Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir karra tasdiqlagan.

21 sentyabr kuni Saudiya vositachiligida Rossiya–Ukraina urushida asir olingan 10 nafar chel el fuqarosi ozod qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring