Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudi Aramco rekord natija qayd etdi

Saudi Aramco rekord natija qayd etdi

Foto: Reuters

Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft shirkati 2022 yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha rekord darajada foyda ko‘rdi. Kompaniya o‘tgan olti oy davomida 87,9 milliard dollar daromad qilgan. Bu 2021 yilning ushbu davriga qaraganda qariyb 90 foiz o‘sish deganidir.

Saudi Aramco ikkinchi chorakda 48,4 milliard dollar sof foyda ko‘rgan. Qayd etilishicha, shirkat sarmoyadorlarga uchinchi chorakda 18,8 milliard dollar dividend to‘laydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina urushi va pandemiyadan keyin dunyo iqtisodiyoti jonlanayotgani sabab xalqaro bozorda qora oltinga bo‘lgan talab oshib bormoqda.

Bloomberg agentligining yozishicha, Saudi Aramco jahon birjalarida ro‘yxatdan o‘tgan ochiq kompaniyalar ko‘rsatgan natijalar ichida mutlaq rekordni qayd etgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti yil yakunida 7,6 foiz o‘sishi, podshohlik YaIMga bir trillion dollar qo‘shilishini bashorat qilgan.

Saudi Aramco rahbariyati dunyoda oshib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun neft qazish ko‘rsatkichi oshirilishini ma’lum qilgan. Ayni choqda, shirkat iqlim o‘zgarishlari kabi global muammoni unutmagan holda, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga e’tibor qaratadi.

«Dunyo bozorida narx-navo o‘zgarishlari va mavhumlik yuqori darajada qolmoqda. Ammo birinchi yarimyillik yakunlari bozor talabini qondirish hamda yangi energiya manbalariga tadrijiy o‘tish uchun sanoatimizga sarmoya kiritish bo‘yicha chora-tadbirlarimiz to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatmoqda», – deydi Saudi Aramco rahbari Amin Nosir.

Avval xabar berganimizdek, Saudi Aramco joriy yil may oyida Apple’ni ortda qoldirib, dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylangan edi. Saudiya shirkatining kapitallashuvi 2,43 trillion dollardan oshgan. AQSh IT kompaniyasi kapitali esa 2,42 trillion dollarni tashkil etgan.

Saudi Aramco (to‘liq nomi – Saudi Arabian Oil Company) Saudiyaning milliy neft-gaz kompaniyasi bo‘lib, 1933 yilda ta’sis etilgan. Dunyo qora oltin zaxiralarining 12 foizi, ishlab chiqarishning 10 foizi, eksportning 14 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shirkatning AQSh, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, BAA, Buyuk Britaniya, Niderlandiya kabi mamlakatlarda ham yirik zavod va filiallari mavjud.  U dunyodagi yirik supertankerlar flotiga ham egalik qiladi.

Bir muddat avval O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Saudiyaning bir qator kompaniyalari qatorida Saudi Aramco mamlakatimiz energetika va kimyo sohasiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring