Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga ko‘mak berayotgan davlatlar nomi ochiqlandi

Sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga ko‘mak berayotgan davlatlar nomi ochiqlandi

Rossiya Yevropa Ittifoqi va «Katta yettilik» (G7) joriy qilgan sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda, Ukrainaga qarshi urushda ishlatish uchun yarimo‘tkazgichlar va boshqa texnologiyalarni sotib olishda davom etmoqda.

Bu haqda Bloomberg agentligi yevropalik yuqori martabali diplomatga tayanib xabar berdi.

Rossiyaning chetdan mahsulot xarid qilish ko‘rsatkichi urushga qadar bo‘lgan darajaga yaqinlashib qoldi. Tahlillar YeI va ittifoqchi davlatlar hududida ishlab chiqarilgan zamonaviy chip hamda boshqa texnologiyalar Rossiyaga Turkiya, BAA, Qozog‘iston kabi uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Yevropalik diplomat ta’kidicha, Xitoydan Rossiyaga mahsulot ekporti ham oshgan, Pekin Moskva ta’minotida tobora muhim rol o‘ynamoqda.

Bloomberg nashrining yozishicha, Qozog‘iston 2022-yilda Rossiyaga 3,7 million dollarlik yarimo‘tkazgichlar eksport qilgan. Holbuki, 2021-yilda atigi 12 ming dollarlik yarimo‘tkazgich yetkazib berilgan edi.

2017-2021-yillarda Rossiya YeI, AQSh, Yaponiya va Buyuk Britaniyadan yiliga o‘rtacha 163 million dollarlik chiplar sotib olgan. 2022-yilda bu ko‘rsatkich 60 mln dollarga qadar qisqargan.

Jenevada joylashgan Trade Data Monitor tashkiloti Sharqiy Yevropa mamlakatlari ham rus bozoridagi bo‘shliqni to‘ldirishga ko‘mak berayotganini ma’lum qilgan.

Ukrainaga tajovuz ortidan YeI va «Katta yettilik» davlatlari Rossiyaga nisbatan yuzlab sanksiyalarni joriy etdi. Bloomberg xulosasiga ko‘ra, amalda ayrim yo‘nalishlarda sanksiyalar kutilgandek ta’sir ko‘rsatmayapti. Oliver Wyman konsalting shirkati vakili, moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha mutaxassis Daniel Tannebaum sanksiyalarni to‘laqonli amalga tatbiq etish uchun nazoratni kuchaytirish lozim deb hisoblaydi.

YeI hamda AQSh rasmiylari dunyo davlatlarini sanksiyalarni chetlab o‘tish borasida Rossiyaga ko‘mak berishning salbiy oqibatlaridan ogohlantirib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Rossiyaga bu borada qo‘shni davlatlar yordam berayotgani haqida gapirgan edi.

Tahlillarga qaraganda, Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan buyon (2022-yil 24-fevral) bir yil davomida 11300 dan ziyod sanksiya joriy etilgan. Mamlakat bu borada Eron, Shimoliy Koreya kabi davlatlarni ham ortda qoldirgan.

Avvalroq o‘zbekistonlik iqtisodchi Behzod Hoshimov sanksiyalarning Rossiya kelajagiga ta’sirini baholab, moliyaviy jazo choralari ortidan Moskvaning Pekinga qaramligi ortishini bashorat qilgan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring