Samolyotni to‘xtatib yuboring — kuchugim aylanib kelmoqchi!
Turizm industriyasi vakili VIP-mijoz va badavlat sayyohlarning eng g‘alati iltimoslari haqida so‘zlab berdi. Bu haqda «Lenta» xabar beradi.
«Strong Travel» kompaniyasi prezidenti Jim Strongning so‘zlariga ko‘ra, mijozlaridan biri qizining og‘maxoniga qarovchi ayolni yollab, uni boshqa shtatga yetkazishni so‘ragan.
— Men aviakompaniya bilan kelishdim. Ular samolyotda ikkita joy ajratishdi — og‘maxonga va uning qarovchisiga. Ular Nyu-Yorkdan Los-Anjelesga uchib kelishdi. Qarovchi ayol og‘maxonni yosh bolaning qo‘liga topshirdi, — deb eslaydi Strong.
Bundan tashqari, u kompaniyasidagi boshqa bir ajoyib voqeani so‘zlab berdi: sayohatchilardan biri Venetsiya kanalida ataylab telefonini yo‘qotib qo‘ydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQShdan unga yangisini olib kelishini talab qildi.
— Uning yordamchisi menga «iPhone»ni tutqazdi, men samolyotda to‘ppa-to‘g‘ri Venetsiyaga uchib bordim va telefonni shaxsan uning o‘ziga topshirdim, — deydi «Strong Travel» direktori.
«Faena Miami Beach» mehmonxonasining bosh konserji Maykl Romey o‘zining 25 yoshga to‘lganini keng nishonlashga qaror qilgan bir ijarachini yodga oldi. U tirik poni va oq galstukli xizmatkorni talab qildi: u patnisda ikki qadah shampanskiyni olib chiqishi kerak edi.
— Avval rejalashtirganidek, kunduzgi soat to‘rtda bayram boshlandi. Yigit qora galstukda paydo bo‘ldi, uning turmush o‘rtog‘i esa bal ko‘ylagida edi. U ayolni poniga o‘tirg‘izib, volerni aylantirib chiqdi. Shundan so‘ng xizmatkor ularning yoniga sekin yurib kelib, shampanskiy tutqazdi, — deydi Romey.
Yangi Zelandiyada mehmonxona xodimi Natan Braun binafsha rangni yoqtirmaydigan bir mehmonni esladi. U intererda bu rang umuman bo‘lmasligini talab qilgan. Braunning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonaning aksar qismi qirmizi gullar bilan bezatilgan, hammayoqda binafsha hidi ufurib turgan. Shunga qaramay, ular bu vazifaning uddasidan chiqishgan.
2018-yil avgustda Amerikaning «NetJets» xususiy aviakompaniyasi xususiy samolyotlardan foydalanuvchi mijozlarining g‘alati iltimoslari haqida gapirib berdi. Misol uchun, ba’zilar kuchugi sayr qilishi uchun laynerni to‘xtatishni so‘rashsa, boshqalar to‘tiqushlari uchun alohida taomnoma talab qilishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter