Sabr kosasi to‘ldi: Rossiya bilan Turkiya dollarni ishlatmaslikka kelishib olishdi
Rossiya xalqaro to‘lovlardan Amerika valyutasini siqib chiqarmoqda. Bunda Moskvaga AQSh bosimidan jabr ko‘rgan savdo hamkorlari ko‘maklashmoqda. Dedollarizatsiyadagi yana bir yutuq — Anqara bilan tuzilgan bitim. Tez orada turk banklari Rossiyaning SWIFT analogiga ulanib, «Mir» kartalarini qabul qila boshlaydi. Nima uchun dollar asosiy xalqaro to‘lov vositasi maqomini yo‘qotib bormoqda? Bu haqda «RIA Novosti» ma’lumot beradi.
Rubl va lira uchun
Hozir 70 foizgacha jahon savdo operatsiyalari dollarda amalga oshiriladi, biroq Amerika valyutasining nufuzi kundan-kunga zaiflashib bormoqda. Vashington sanksiyalariga duchor bo‘lgan hamda Oq uyning tajovuzkor va kutilmagan tashqi siyosatidan charchagan ko‘plab mamlakatlar uni rad etishmoqda.
Ikki yil avval Rossiya, Eron va Turkiya neft, gaz hamda boshqa bir qator mahsulotlar uchun dollar to‘lashga hech qanday sabab yo‘q degan qarorga kelishdi. 2017-yilda Turkiyaning Rossiyaga 9 foiz eksporti milliy valyutada amalga oshirildi.
2018-yil avgustda Tramp turk po‘lati importiga tarifni ikki baravar oshirdi, shundan so‘ng lira dollarga nisbatan 20 foizga qadrsizlandi. Anqara eksportchilarga milliy valyutada xalqaro hisob-kitoblar ulushini oshirish uchun har qanday vosita va mexanizmlardan foydalanish vazifasini yukladi.
O‘tgan yili Rossiya bilan Turkiya o‘rtasidagi savdoning 22 foizi rubl va lirada amalga oshirildi. Yana tomonlar 12,9 foiz hisob-kitobni Yevroda amalga oshirishdi. Biroq 65 foizi baribir dollar ulushiga to‘g‘ri keldi. Endilikda ikki mamlakat Amerika pul birligidan bosh tortish uchun navbatdagi qadamni qo‘yishdi.
Ikki mamlakat moliya vazirlari imzolagan hukumatlaro bitimga ko‘ra turk bank va kompaniyalari «SWIFT» to‘lov tizimining Rossiya versiyasiga o‘tadi. Turkiyada Rossiyaning «Mir» kartalarini qabul qilish imkonini beradigan infratuzilma yaratiladi. Bu amaliyotda ikki mamlakat tijoriy banklari transchegaraviy o‘tkazmalar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrespondent hisoblarini yanada faolroq ishlatishlari mumkin.
«SWIFT» alternativasi
«SWIFT» xalqaro banklararo axborot uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimidan 200 dan ortiq mamlakatda 10,8 mingta yirik tashkilot foydalanadi. Vashington bu tizimni o‘chirishni so‘rab Moskvaga bir necha bor tahdid qildi.
O‘tgan yilning o‘zida kongressga Rossiyaga qarshi yangidan-yangi sanksiyalar haqida o‘nlab qonun loyihalari kelib tushdi. Ular orasida «SWIFT»ga kirishni rad etish ham bor. Bu tahdidlarga javoban Rossiya Banki Moliyaviy axborotlarni o‘tkazish tizimini yaratdi va hozir Xitoy, Turkiya va Eron regulyatorlari bilan uning ishini muvofiqlashtirmoqda.
Progress bor: Rossiyaning «SWIFT» analogiga xorijiy sakkizta bank qo‘shildi, ulardan uchtasi to‘liq hajmda to‘lovlarni amalga oshirmoqda, qolgan beshtasi esa hozircha tizimni sinovdan o‘tkazmoqda.
— Xalqaro moliyaviy kanallardan uzilgan potensial sanksiyalarning ta’sirini kamaytirish maqsadida Rossiya «Mir» ichki bank to‘lov tizimini ishlab chiqdi, bundan tashqari, valyuta almashtirish bo‘yicha bitimlarni imzolash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi, bu esa mahalliy valyutadagi savdo hamkorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitob qilish imkonini berdi, — deydi CNBC.
Xitoy Rossiyaning dollarga qaramligini zaiflashtirishga ko‘maklashyapti. Mamlakatlar o‘rtasidagi milliy valyutadagi hisob-kitoblarning ulushi 17 foizga yetdi va o‘sishda davom etmoqda. Yaqin besh yilda Moskva va Pekin savdo hajmini ikki baravar ko‘paytirmoqchi — yiliga 100 milliard dollardan 2024-yilga kelib 200 milliardga yetkazmoqchi. Yana 2015-yili «Gazpromneft» Xitoyga barcha neft eksportini yuanda amalga oshirdi. Joriy yil avgustda esa «Rosneft» eksport shartnomalari uchun dollardan foydalanishni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Xitoy ham o‘zining CIPS moliyaviy tizimini ishlab chiqmoqda. Unga bir qancha Rossiya banklari qo‘shildi. Iyunning boshlarida Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov va Xitoy Xalq banki raisi I Gan yangi to‘lov tizimi haqida bitim imzolashdi. U Rossiya va Xitoyning «SWIFT» analoglari o‘rtasida shlyuz vazifasini o‘taydi.
Sentyabrda Rossiya milliy valyutada hisob-kitoblarni kuchaytirish bo‘yicha Eron bilan ham kelishib oldi. Iyulda esa Rossiya va Hindiston markaziy banklari qurol-yarog‘ shartnomalari yuzasidan tegishli bitimni imzolashdi. Qurol-yarog‘ — Rossiyaning Hindistonga asosiy eksporti hisoblanadi, bu o‘nlab milliard dollar daromad keltiradi. Hozircha ushbu sohadagi eng yirik shartnoma — qiymati 325 milliard rublga teng «Triumf» S-400 zent-raketa komplekslarini yetkazib berish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter