Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaning Qrimda olib borayotgan «xavotirli ishlari»ga e’tibor qaratildi

Rossiyaning Qrimda olib borayotgan «xavotirli ishlari»ga e’tibor qaratildi

Rossiya harbiylari Qrimda. 2014 yil, mart.

Foto: AFP/Getty Images

Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga majburan qo‘shib olganidan keyin o‘tgan 10 yil ichida yarimorolning etnik tarkibini o‘zgartirishga urinmoqda. Bu haqda Amnesty International tashkiloti tomonidan Qrim anneksiyasining 10 yilligi munosabati bilan chop etilgan hisobotda so‘z boradi.

Tadqiqotga ko‘ra, Rossiya o‘tgan yillar mobaynida Qrimdagi ukrain va qrim tatarlari haq-huquqlarini poymol qilib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa bu ikki millatning o‘zligini mahv etish sanaladi.

Xalqaro tashkilot hisobotida qayd etilishicha, Moskva butun Qrim yarimoroli hududida rus bo‘lmagan millat vakillari o‘zligini cheklashga qaratilgan siyosat yuritmoqda. Shu maqsadda Qrim anneksiya qilinishi bilan hududda Rossiya maktab dasturi joriy etilgan, ukrain tilidagi ta’lim tizimini yo‘q qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan. 

Inson huquqlari himoyachilari nafaqat ta’lim, balki ommaviy axborot vositalari sohasida ham ukrain va qrim tatar tillariga nisbatan diskriminatsiya siyosati olib borilmoqda deb hisoblaydi.

Kremlparast hukumat Qrimdagi mustaqil jurnalistlarni ta’qib qilgan. Ukrain tilidagi tele va radiokanallar efirdan olinib, ular o‘rnini Rossiya OAV egallagan. Qrim tatar tilida faoliyat yuritgan ATR telekanali faoliyat cheklangani sabab tahririyat Ukrainaning ichki hududiga ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Moskva mahalliy millat vakillarini siqib chiqarish va yarimorolga Rossiya fuqarolarini ko‘chirib keltirish siyosatini ham yuritgan.

Hisobot mualliflari fikricha, yarimorol aholisi, xususan, qrim tatarlarining diniy huquqlari poymol etilgan, mahalliy musulmonlar soxta ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan.

Ukraina tarkibidagi Qrim muxtor respublikasi va Sevastopol shahri 2014 yil fevral-mart oylarida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan edi. Xalqaro hamjamiyat Ukraina hududlari noqonuniy ravishda tortib olinganini qoralagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya har qancha urinmasin, mag‘lubiyatga uchrashi va Qrim ham qaytarib olinishi haqida bayonot bergan. 

Qrim tatarlarining yetakchisi, Ukraina qahramoni Mustafo Jamilov ham vatani – Qrimga qaytish va o‘sha yerda mangu orom topish orzusida.

Avvalroq AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes 2023 yil avgust oyi oxirida Ukraina qo‘shini Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrim yarimorolini ozod qilishi haqidagi farazni ilgari surgan edi. Ayni choqda, tajribali harbiy Ukrainaning harbiy muvaffaqiyati G‘arb tomonidan uzoq masofaga aniq nishonni olish imkonini beruvchi qurol-aslaha yetkazishga bog‘liqligini qayd etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring